Ma’lum bo‘lishicha, Badal mahallasida yashab kelgan bu oila qishloqqa tutash bo‘sh yerda dehqonchilik qilib kelgan. O‘rab olingan hudud ichkarisida oila o‘z ehtiyoji uchun boqayotgan qo‘ylarini ham saqlagan.
Jabrlanuvchi Furqat Jabborovning aytishicha, 21 aprel tongida odatdagi ishlarini bajarish uchun xo‘jalikka keladi. Hamma joyga qon izlari to‘kilgan bo‘lib, olti bosh qo‘ylarini bo‘g‘izlab ketilgan holatda ko‘radi. Yana uch boshi olib ketilgan.
Haqiqatan ham shu yerda yashaydigan qo‘shnilar o‘sha kechasi it qattiq hurgani va keyin birdan hammayoq tinchiganini aytmoqda. Jabrlanuvchilarning taxminicha, qo‘riqchi itga dori berilgan, u hozir ham karaxt ahvolda.
Qoldirilgan tahdidli xatda “Ehson qil, haromxo‘rligingni yig‘ishtir, Allohga qasamki, o‘zing ham shu holga tushasan”, mazmunidagi gaplar aytilgan.
Oila a’zolarining taxmin qilishicha, bu tahdid yer uchun bo‘lishi ham mumkin. Avvalboshdan auksionda sotib olingan yerga boshqa da’vogarlar ham bo‘lib, ular bir yil avval Jabborovning xonadonigacha kelgan.
Badal mahallasi raisi Muin Amonovning guvohlik berishicha, Furqat Jabborov yoki farzandlari mahallada birov bilan jiddiy raqobatga bormagan. O‘rtahol oila, ehson qilmayapsan, deb tahdid qilar darajada boy-badavlat ham emas. Mahalla ishlariga aralashib yurishadi, boshqalarga qo‘llaridan kelgancha yordam berishadi.
Jabrlanuvchilar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular bo‘g‘izlangan qo‘ylar alami qolib, o‘zlarining jonidan xavotir olayotganini bildirishdi. Chunki hozircha qo‘ylarni bo‘g‘izlab, xat orqali tahdid qilganlar topilgan emas.
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasining xabar berishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etganlarni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.