O‘zbekistonda 2023 yilda boquvchisini yo‘qotgan 42 939 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu haqda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi ma’lum qildi.
Oltita toifa bo‘yicha «Ayollar daftari»ga kiritilgan jami 1 mln 680 nafar xotin-qizlardan 225 117 nafarining (22,5 foiz) muammolari hal etildi. Bu ishlar joriy yilning 10 apreliga qadar amalga oshirilgan.
Xususan, 91 936 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. 9 924 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun kreditlar ajratildi.
Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan 42 939 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Yana 44 254 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga moddiy yordamlar ajratildi.
Bundan tashqari, uy-joyga muhtoj bo‘lgan 2 387 nafar xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Ularning 2 129 nafariga turar joy ijara to‘lovi uchun kompensatsiyalar to‘lab berildi va 258 nafari arzon uy-joylar bilan ta’minlandi.
Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud 33 676 nafar xotin-qizlarga moddiy yordamlar ajratildi, ularning 705 nafariga tomorqasidan samarali foydalanishiga ko‘maklashildi. Uy-joyi ta’mirga muhtoj 311 nafar xotin-qizlarning xonadonlari ta’mirlandi.