Markaziy bank asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishni 1 haftaga qoldirdi

Iqtisodiyot 14:46 / 26.04.2023 31586

Qayd etilishicha, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha boshqaruv yig‘ilishini 2023 yil 4 may sanasiga qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Xabarda aytilishicha, bu – joriy makroiqtisodiy vaziyat va kutilmalarni inobatga olib prognozlarni yangilash, ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarni keng qamrovli tahlil qilish hamda zaruriy xulosalar shakllantirish qo‘shimcha vaqt talab etayotgani bilan bog‘liq.

Ma’lumot uchun, Markaziy bank boshqaruvi 16 martdagi yig‘ilishda asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 14 foiz darajada belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

MB o‘shanda iqtisodiyotda inflatsiya darajasi o‘zining yuqori nuqtasiga chiqib, pasayish tendensiyasiga o‘tganligi kuzatila boshlagani, ayni paytda qat’iy tashqi moliyaviy sharoitlarning ichki iqtisodiy faollikka salbiy ta’siri bo‘yicha signallar paydo bo‘layotganini bildirgandi.

Asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishi o‘tgan yil mart oyida xatarlar uchun foiz stavkani oshirish orqali qo‘yilgan qo‘shimcha yuklamani to‘liq olib tashlash imkonini berishi aytilgan.

Yillik 14 foiz darajasidagi asosiy stavka inflatsiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5-9,5 foiz) nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlar saqlanib qolinishini ta’minlashi ta’kidlangan.

Ko‘proq yangiliklar: