Phantom Corsair’ning yaratilishi o‘ziga xos tarixga ega. Uning yaratuvchisi Rast Hayns esa hech qachon tartibli shaxs bo‘lmagan. Ishlarini xohishlaridan kelib chiqib bajargan. Xususan, u 22 yoshida nufuzli Yyel universitetidagi o‘qishini tashlab ketadi va uyiga qaytadi.
Oilasining kutilmalaridan farqli o‘laroq, Rast ketchup va mayonez ishlab chiqarishga umuman qiziqish bildirmaydi. Yigit dizayn bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Rast o‘ziga Cord 810/812 avtomobilini sotib oladi va uni qandaydir o‘zgacha ko‘rinishga keltirishni istaydi.
Boy oilaning mehnatdan yiroq merosxo‘ri bu jarayonga shu darajada qiziqib qoladiki, ko‘p vaqtini kitoblar va chizmalar bilan o‘tkazishni boshlaydi. Bu izlanishlar ko‘p o‘tmay uning qo‘lida Amerika avtomobil sanoatiga butkul notanish bo‘lgan o‘ziga xos loyiha sifatida namoyon bo‘ladi.
Rast orzusidagi avtomobil dunyoga kelishini amalga oshirish uchun Pasadina shahridagi (Kaliforniya shtati) kuzov atelesi — Bohman&Schwartz’ga murojaat qiladi. Bir nechta sinovlar o‘tkaziladi, xatolar qilinadi. Shundan so‘ng fastbek ko‘rinishidagi to‘liq alyuminli kuzov tayyor bo‘ladi. Avtomobil optimal tezlik xususiyatlariga ega bo‘lishi uchun kuzov aerodinamik sinovlardan o‘tkaziladi.
Sinov natijalaridan kelib chiqib, so‘nggi muhim o‘zgarishlardan biri kiritiladi. Suyrilikni oshirish uchun old g‘ildiraklarni yashirishga qaror qilishadi. Kuzov to‘liq qo‘lda yaratilgan, old va orqa chiroqlar ham maxsus buyurtma bilan yasatiladi. Xrom bilan qoplangan bamperlar kuzovga o‘zgacha yechim bilan o‘rnatiladi — ular innovatsion teleskopik moslamaga mahkamlanadi.
Avtomobil saloni prototipiga 6 kishi joylashishi mumkin edi. Oldi qatorga 2 kishi, ortki o‘rindiqqa esa 4 kishi. Limuzinning eshiklari elektron qulflar bilan jihozlanadi — bir marta bosish bilan eshiklarni avtomat ochish mumkin bo‘ladi. Oynalarga biroz yashil tus beriladi.
Boshqaruv paneli hatto o‘ta tajribali haydovchini ham dahshatga solardi. Konstruktorlar boshqaruv panelini xuddi samolyotniki kabi qilib ishlab chiqishadi — unda turli xil indikatorlar, o‘chirib-yoqish tugmalari bor edi. Bundan tashqari haydovchi va yo‘lovchi xavfsizligiga ham juda katta e’tibor qaratilgandi. Yo‘l transport hodisasi bo‘lganda avtomobil kuzovi bor zarba va zararni o‘ziga olishi hisobga olingandi.
O‘z davri uchun avtomobil yaxshigina og‘irlikka ega edi — 2086 kg. Biroq 4,7 litr hajmga ega V8 dvigateli uchun buning ahamiyati yo‘q edi. Avtomobilning old g‘ildiraklari tortar, mexaniklar dvigatelni 193 ot kuchini berishi uchun yaxshigina mehnat qilgandi. U 4 pog‘onali uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi. Mashina soatiga 185 km tezlikda harakatlanishi mumkin edi. Bu XX asrning 30-yillari uchun juda va juda yaxshi natija edi. Kelajak avtomobil Rast uchun o‘sha vaqt uchun katta mag‘lag‘ — 24 ming dollarga tushadi.
Yangi yechimlarga qaramay mashinada kamchiliklar ham ko‘p edi. Jumladan, radiator panjarasi dizayn uchun qurbon qilingani sababli juda kichkina ko‘rinishda ishlangandi. Buning oqibatida dvigatel tez fursatlarda qizib ketadi. Old va orqa oynalarda ko‘rish qulayligi ham yaxshi hisobga olinmagandi.
Rost Hayns Phantom Corsair’ning seriyali ishlab chiqarilishini xohlardi. U mashinani 15 ming dollardan xaridorlarga taklif etish istagida bo‘lgan. Avtomobil hatto Esquire jurnalida paydo bo‘ladi. 1939 yildagi Butunjahon ko‘rgazmasida «Kelajak avtomobili» sifatida ommaga taqdim etiladi.
Biroq baxtga qarshi Rostning orzusi to‘la amalga oshmaydi. Boisi yigit avtohalokat oqibatida vafot etadi. Uning avlodlari esa mashinani kerakmas deb hisoblaydi. Phantom Corsair’ning yagona nusxasi 50-yillar o‘rtalarida komik Herb Shrayner tomonidan sotib olinadi. Orada mashinaga biroz o‘zgartirishlar kiritiladi, masalan, atrofni ko‘rish imkoniyatini yaxshilash uchun ikki qavatli oynalardan voz kechiladi. Keyin avtomobil egasi yana o‘zgaradi. Ayni damda ushbu «kelajak avtomobili» Nevadadagi Milliy avtomobil muzeyida saqlanadi.