«Real» o‘z uslubida: «Chelsi» yaxshiroq o‘ynadi, ammo yarimfinalga - Madrid chiqdi. YeChLda kun o‘yinlari

Sport 11:40 / 19.04.2023 39667

Javob o‘yinida ham «Qirollik klubi» londonliklarni mag‘lub etdi.

YeChL. 1/4 final. 18 aprel
Javob o‘yinlari
Chelsi — Real 0:2
Gollar: Rodrigo (58, 80). 

Chelsi – Arrisabalaga, Jyeyms, Silva, Chaloba, Fofana, Kukurelya (Mudrik, 68), Kovachich, Kante, Gallaher (Felish, 67), Fernandes (Sterling, 67), Haverts (Maunt, 77).
Real – Kurtua, Karvaxal (Nacho, 82), Alaba (Ryudiger, 46), Militao, Kamavinga, Modrich, Kroos (Sebalos, 76), Valverde, Vinisius, Rodrigo (Asensio, 81), Benzema (Tchuameni, 71).
Ogohlantirishlar: Militao (22), Kukurelya (34), Jyeyms (50), Mudrik (89).
Birinchi o‘yin — 0:2.

Og‘ir vazifa

Ba’zi hollarda o‘yin taqdirida burilish yasash mumkinligiga oldindan ishonish mumkin. 2017 yilda «Barselona»ga «PSJ»ga qarshi afsonaviy bahsda Messi, Neymar va Suares yordam berishgandi. 2019 yilda «Liverpul» hatto Salohsiz ham kataloniyaliklarni tor-mor etgandi, ammo o‘shanda misrlik futbolchi jarohatiga qaramay, «Never give up» («Hech qachon taslim bo‘lma») yozuvi tushirilgan futbolkada stadionga kelgan va jamoasiga kuch bergandi.

«Chelsi»da esa «Real»ga qarshi javob o‘yini oldidan bunday ustunliklar yo‘q edi. Tarkibda barselonalik trioni uzoqdan bo‘lsa ham eslatadigan futbolchilar yo‘q. Klub futbolchilariga Salohning futbolkasidagi kabi ishtiyoq o‘rniga xo‘jayindan tanbeh berildi. Nufuzli The Telegraph nashri yozishicha, «Chelsi» xo‘jayini Todd Boeli shanba kuni navbatdagi mag‘lubiyatdan keyin («Brayton»ga qarshi 1:2) jamoa kiyim almashtirish xonasida bir soat qolib ketgan va natija uchun futbolchilarni uyaltirgan.

Hozir Frenk Lempardga havas qilib bo‘lmaydi. U «Chelsi»ga xaloskor-afsona maqomida tashrif buyurdi, ammo uning dastlabki ish haftalari tushkun kechdi: uch o‘yinda uch mag‘lubiyat. Ammo barchasini bir kechada o‘zgartirish mumkin edi — buning uchun Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibini uchta to‘p farqi bilan yengish talab etilardi.

Kante — hujumda

Lempard o‘zida kuzirlar yo‘qligini tushunib turardi, shuning uchun nimadir o‘ylab topish kerak edi. To‘g‘ri, Madriddagi o‘yinda «Chelsi» murabbiylar shtabining g‘oyalari jamoa o‘yinini faqat yomonlashtirdi, ammo barcha xato qilish huquqiga ega. Bu safar Frenk va-bankka borib, hujumda uch futbolchi tushirish bilan barchani hayratlantirdi. Bu mavsumda vaziyatlarni ko‘kka sovurishi bilan ko‘pchilikning kulgisiga qolayotgan Havers boshlang‘ich tarkibga qaytdi. Zaxira o‘yinchisi, yozda transferga qo‘yilishi kutilayotgan Gallaher ham ilk daqiqalardan o‘ynadi. Uchinchi forvard esa Kante edi. Lempard, aftidan, ushbu fransuz jarohatdan tuzalib safga qaytganidan keyin ko‘rsatayotgan giperfaollikdan kuchli taassurot olgan, shu tufayli Ngolo oldingi chiziqqa yuborildi.

«Chelsi»ning maydondagi tuzilishi Tuxelning o‘tgan yilgi taktikasini eslatib yuborardi. 3-4-2-1 sxemasi, Jyeyms va Kukurelya oldinroqqa chiqarildi va ularga ko‘p vazifalar berildi, o‘tish fazalarida agressiv o‘yin ko‘rsatildi — barchasi «Chelsi»ning eng yaxshi davrlarini eslatardi. To‘liq dejavyu uchun faqat o‘tgan yilda Madriddagi javob uchrashuvida bo‘lgani kabi «Real» darvozasiga gol urilishi yetishmayotgandi.

Madridning muammolari

Ammo tarkibiy qismlarning joyini o‘zgartirish baribir vaziyatlardan foydalanish masalasini hal qila olmadi. 11-daqiqadayoq Kante o‘ta qulay pozitsiyada ochildi, ammo zarba berishda xato qildi — to‘p uning chap oyog‘iga to‘g‘ri keldi va yerga cho‘pchib maydon tashqarisiga chiqib ketdi.

Shu bilan birga, Lempardning tanlovi ma’lum ma’noda o‘zini oqladi: fransuz futbolchisi hujumda chindan foydali harakat qildi, Jyeyms esa madridliklarning zaif nuqtasiga kuchli bosim uyushtirdi, bu hududda joylashtirilgan Kamavinga unga har safar ham qarshilik ko‘rsata olmadi.

Bu g‘alati eshitiladi, ammo «Chelsi» shu kuni «Real»dan yaxshiroq o‘ynadi. Bir tomondan, gap madridliklarning o‘zida edi — Karlo Anchelotti jamoasi ancha passiv harakat qildi va o‘zini qoniqtiruvchi hisobni saqlab qolish uchun ham o‘ynamadi. Modrich va Kroos shu kuni o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatmadi — katta ehtimol bilan, asosiy muammo shunda edi. «Real» maydon markazida kuchli bosim uyushtirmadi, busiz esa mehmonlarning oldingi chizig‘ida vaziyatlar yaratib bo‘lmasdi. Odatda Benzema javob uchrashuvlarida katta maydonga chiqardi, ammo bu safar unday bo‘lmadi. U yaqqol vaziyatlardan birida to‘pni darvozabon qo‘liga topshirdi.

Ko‘klarda vaziyatlardan foydalanishda dahshatli vaziyat

«Chelsi» birinchi bo‘limni juda kuchli hujum bilan yakunladi, bu vaziyatda Kukurelya hisobni ochmasligining imkoni yo‘qdek ko‘ringandi, ammo Kurtua qo‘lining bir harakati bilan maydondagi o‘rta darajali futbolchi va yuqori saviyali darvozabon o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib berdi — agar ispaniyalik himoyachi o‘rnida shartli Holand bo‘lganida, to‘p darvoza to‘ridan joy olgan bo‘lardi.

Ikkinchi bo‘lim boshida — yana supervaziyat. Bu safar Kante forvardlar osonlik bilan darvozani ishg‘ol qiladigan vaziyatda turib to‘pni Eder Militaoga tekkizdi. Ammo londonliklarda barchasi odatdagidek: bu futbolchilar bilan kiyim almashtirish xonasida bir kun tarbiyaviy soat o‘tkazish mumkin, ammo gap bilan vaziyatlardan foydalanishni yaxshilab bo‘lmaydi.

Mantiqiy yakun

«Real» xuddi barchasi qanday yakunlanishini bilgandek edi. Ha, madridliklar ham vaqti-vaqti bilan vaziyatlar yaratib turishdi, masalan, 20-daqiqada Rodrigoning zarbasi ustunga tekkandi, ammo «Chelsi» keskinroq o‘ynadi va gol urishga yaqinroq ko‘ringandi. Lekin golni baribir «Real» urdi. Mehmonlar qo‘qqisdan qarshi hujumga chiqdi, o‘ng qanotda Rodrigoga pas uzatilganida Chaloba pozitsion xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu hujumda darhol gol urilmadi, ammo «Real» hujumni baribir mantiqiy yakunga olib bora oldi — Vinisiusning pasidan keyin Rodrigoning o‘zi darvozani ishg‘ol etdi.

Bu gol amalda «Chelsi»ning umidlarini ko‘mib qo‘ydi, shunga qaramay londonliklar inersiya bo‘yicha oldinga chiqishda davom etishdi. Lempard o‘yinchi almashtirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalandi: Joau Feliks, Sterling, Maunt va Mudrik maydonga tushdi — barchasi hujumkor kuchlar. Anchelotti esa bunga javoban Benzema o‘rniga tayanch yarimhimoyachisi Tchuamenini tushirdi, va baribir «Real» yana gol urdi — yana Rodrigo birinchi golni deyarli takrorladi.

Shundan keyin o‘yinning yakuniy qismi rasmiyatchilikka aylanib ketdi, madridliklar hisobni yanada yiriklashtirib qo‘yishi mumkin edi, ammo o‘yinga qo‘shib berligan daqiqalar oxirida uyushtirilgan qarshi hujum Vinisiusning zarbasi Kepa tomonidan bartaraf etilishi bilan tugadi. Mudrik ham muxlislarga yupanch beruvchi golni urishga yaqin keldi, ammo uning zarbasi to‘g‘ri bormadi. Natijada o‘yinda 0:2 hisobi, ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra 0:4 — bu ikki jamoa saviyasi o‘rtasidagi farqni aks ettiruvchi hisob. Shu kuni barcha narsa «Chelsi»ga qarshi edi — hatto stadiondagi audiotizim ham, shu kuni o‘yin oldidan Chempionlar ligasi madhiyasi yangramadi. Londonliklar uni endi qachon eshitishi katta so‘roq ostida.

Neapolliklarning gurjistonlik legioneri penaltidan foydalana olmadi — va yarimfinalga qizil-qoralar yo‘l oldi. Bu bosqichda katta ehtimol bilan Milan derbisi kutmoqda

Napoli — Milan 1:1
Gollar: Osimhen (90+3) — Jiru (43). 

Aniq amalga oshirilmagan penaltilar: Jiru (22), Kvaratsxeliya (82).
Napoli – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Rrahmani (Estigor, 74), Ruy (Olivera, 34), Lobotka, Zelinski (Raspadori, 74), Ndombele (Elmaz, 63), Politano (Losano, 34), Kvaratsxeliya, Osimhen.
Milan – Menyan, Kalabriya, Ker, Tomori, Ernandes, Krunich, Bennaser, Dias (Messias, 59), Tonali, Leau (Salemakers, 84), Jiru (Origi, 68).
Ogohlantirishlar: Ernandes (45+1), Menyan (45+6), Di Lorenso (45+6), Olivera (90+3).
Birinchi o‘yin — 0:1.

«Napoli» milanliklarga qarshi o‘n kun ichida ikki o‘yinni boy berishi (A Seriyada 0:4 va Chempionlar ligasida 0:1) ko‘plab ekspertlarni yakdil xulosaga olib keldi — gap Italiya chempionatining eng yaxshi to‘purari Osimhen safda yo‘qligi bilan bog‘liq. Garchi statistika nuqtayi nazaridan barchasi unchalik aniq emas. Bir tomondan, joriy yilda qayd etilgan raqamlar bor, unga ko‘ra Kvaratsxeliya nigeriyalik sherigi bilan birga o‘ynagan 13 o‘yinida gol+pas tizimida 12 ochko (6+6) jamg‘argan, u yo‘qligida — birorta ochko yo‘q.

Boshqa tomondan, o‘tgan yil kuzida Osimhen «Liverpul»ga qarshi o‘yinda jarohat olgach, «Napoli» yetti o‘yinni usiz o‘tkazgandi. O‘shanda neapolitanliklar qizillarni mag‘lub etgan, shundan keyin olti o‘yindan iborat g‘alabali seriya qayd etgandi, bu oraliqda «Ayaks» Amsterdamda tor-mor etilgan (6:1) va «Milan» safarda mag‘lubiyatga uchratilgandi (2:1). Faqat o‘sha bosqichda markaziy hujumchi yo‘qligi Simeone va Raspadori hisobiga yopilgandi. Hozir esa birinchi chorakfinal o‘yinida Luchano Spalletti ixtiyorida birorta markaziy forvard qolmagandi.

«San-Siro»ga «Napoli» yaxshi kayfiyatda tashrif buyurmadi. Bir hafta o‘tib markaziy hujumchi muammosi hal etilgandi, ammo Kim Min Je va Zambo Angissa diskvalifikatsiyaga uchragani tufayli maydon markazi va himoya markazida muammolar yuzaga kelgandi. Qolaversa o‘n ikkinchi o‘yinchi — janubliklar tiffozisi bilan ham muammo paydo bo‘ldi. Ular chipta narxlari yuqoriligidan norozi edi, qolaversa, bayroq va bannerlar joylashtirilishi bo‘yicha politsiya bilan kelisha olmadi. «Milan» bilan avvalgi o‘yinda muxlislar norozilik aksiyasi o‘tkazib, butun o‘yin davomida jim o‘tirishgan va Spallettini shokka tushirishgandi. Murabbiy yevrokubok o‘yinida bu holat takrorlansa, stadionni tark etib, uyiga yo‘l olishidan ogohlantirdi. Bunga hojat qolmadi, o‘yin arafasida «Napoli» prezidenti Aurelio De Laurentis muxlislar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar til topishishdi, klub xo‘jayinini politsiyachilar qo‘riqlashi masalasi endi o‘z dolzarbligini yo‘qotdi, fanatlar esa «g‘alabaga qadar birga bo‘lish» haqida ba    yonot berishdi. Eng ashaddiy muxlislar esa quruq so‘z bilan cheklanib qolishmadi va chorakfinalning javob o‘yinidan oldingi tunda «Milan» futbolchilari tunayotgan mehmonxona oldida mushakbozlik uyushtirildi. Maydondagi o‘yin boshlanganida esa qizil-qoralar mezbonlarning startdagi hujumlariga dosh berishdi, keyin esa birinchi jiddiy hujumdayoq penalti tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Ammo tribunalardagi hushtakbozliklar fonida Meret Jiruning zarbasini osongina bartaraf etdi. Fransiyalik hujumchi 11 yil ichida ilk bor «nuqta»dan adashdi.

Ko‘p o‘tmay ushbu hujumchining deyarli shu nuqtadan yo‘llagan yana bir zarbasi darvozabon tomonidan qaytarildi. Uchrashuv neapolliklar ssenariysi bo‘yicha ketayotgandek edi, ammo amalda Stefano Piolining rejasi ish berayotgandi. Ortda boshqa jamoadoshlari tomonidan sug‘urtalangan Kalabriya Kvaraxseliyaning yonidan jilmadi. Osimhenga jarima maydoniga kirishga qo‘yishmadi, mezbonlar uzoq masofadan hujum qilishiga to‘g‘ri keldi. Faqat zarbalarning aksari himoyachilar tomonidan to‘sildi, yuqoridan uzatilgan barcha to‘plarga Ker ega chiqdi.

Vaqt o‘tgan sayin «Napoli»ning muammolari ko‘paya boshladi. Spalletti bir vaqtning o‘zida ikki futbolchisini almashtirishiga to‘g‘ri keldi - Politano va Mariu Ruy birinchi bo‘lim oxiriga bormay jarohat tufayli maydonni tark etishdi. O‘yinda sifat yo‘qoldi va yupqa joy uzildi. Rotatsiya futbolchisi Ndombele oddiy vaziyatda Kvaratsxeliyaning uzatmasini o‘ziga bo‘ysundira olmadi, to‘pni egallab olgan Rafael Leau uni jarima maydonigacha olib bordi, Rraxmanini yo‘ldan oldi va bo‘sh darvoza qarshisida turgan Jiruni to‘p bilan ta’minladi — 0:1.

Xvicha, albatta, taslim bo‘lmadi, tanaffusdan keyin jyestlar va raqib hududiga yorib kirishlari orqali tribunalarni to‘lqinlantirdi. Ammo hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi, o‘yin oxiriga borib esa penaltidan Menyanni dog‘da qoldira olmadi. Va bu o‘yinda mehmonlar darvozaboni o‘z mahoratini ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelgan birinchi vaziyat bo‘ldi.

«Napoli» javob golini juda kech urdi va o‘zining noxush seriyasini davom ettirdi - jamoa yevrokuboklar pley-offida qatorasiga 11-bor birinchi uchrashuvdagi mag‘lubiyat tufayli turnirni tark etadigan bo‘ldi. Jamoa oxirgi bor bunday vazifani Diyego Maradona bilan uddalagandi. Neapol 33 yillik tanaffusdan keyin skudettoni nishonlaydi, ammo jamoa xalqaro maydonlarda muvaffaqiyatsiz ishtirok etishda davom etmoqda. «Milan» esa keyingi bosqichda katta ehtimol bilan  «Inter» bilan o‘ynaydi.

Ko‘proq yangiliklar: