Xalqaro moliyaviy hakerlar 3ta o‘zbek bankidan millionlab dollar o‘margan bo‘lishi mumkin

Iqtisodiyot 20:33 / 19.04.2023 78892

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bank tizimining rivojlanishi ortidan moliyaviy firibgarlik holatlari ham ko‘paydi. Xususan, 2022 yil sentabrda ijtimoiy tarmoqlarda kamida uchta bankka – Infinbank, Asakabank va Anorbankka hakerlik hujumlari uyushtirilgani va millionlab dollar o‘g‘irlangani haqida xabarlar tarqalgandi. Banklarning ikkitasi vaziyatga rasmiy munosabat ham bildirdi.

Jumladan, Infinbank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni inkor etmagan holda, faqatgina aytilayotgan summalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi, ammo o‘g‘irlangan pul miqdori haqida aniq ma’lumot bermadi.

Asakabank ham munosabat bildirib, bu hodisa mijozlar jamg‘armalariga ta’sir qilmasligini keltirib o‘tdi, o‘z navbatida bank hisobidan 700 ming dollar o‘g‘irlangani haqidagi ma’lumotni rad etmadi.

Bir necha kun o‘tib Anorbankdan o‘g‘irlangan pul miqdori 2 mln dollarni tashkil etgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Anorbankdan munosabat bo‘lmadi, lekin o‘z telegram kanalida mijozlariga pullarini himoya qilishga yordam beradigan qoidalarni taqdim qildi.

BBC o‘zbek xizmatiga anonim tarzda gapirishga rozi bo‘lgan shaxsning aytishicha, rossiyalik hakerlar O‘zbekistondagi bir nechta banklarning kiber-xavfsizlik tizimlarini buzib kirib millionlab dollar o‘g‘irlashgan. Unga ko‘ra, bunga ular oddiy o‘zbekistonliklarni jalb qilib, ularning bank kartalaridan foydalangan. Uning o‘zi ham bir necha marta so‘roq qilingan.

Kun.uz mazkur jinoyat ishiga doir savollar bilan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildi, lekin hozircha javob bo‘lmadi.

BBC suhbatdoshining ta’kidlashicha, mazkur firibgarlik ishiga 200ga yaqin o‘zbekistonlik jalb qilingan, umumiy hisobda esa 7 million dollar o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin.

BBC: Siz bu ishga qanday aralashib qoldingiz? Hammasi qanday boshlandi?

Anonim suhbatdosh: — Bu ish sentabr oyida boshlangan. Hozirda hibsga olingan 16 kishi taxminan 200 dan ortiq mobil foydalanuvchilarning qurilmalariga o‘rnatilgan ilovalardan pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan. Xususan, mening telefonimdan foydalanilgan holda, ilova ochilgan, keyin unga pul tushirilgan, mablag‘ning bir qismi boshqa foydalanuvchiga o‘tkazilgan, ma’lum qismi olib qolingan. Keyinchalik aniqlanishi bo‘yicha, bu banklarda yo‘qolgan pullar ekan. Buni bilmaganmiz. Guvoh sifatida bir necha marta chaqirishdi. Telefonimni olgan do‘stim ham mening aybim yo‘qligini tasdiqladi.

— Do‘stingiz telefoningizga ilova o‘rnatib, shu orqali pul o‘tkazgan. Bu haqida siz ham bilarmidingiz?

— Do‘stim o‘zining kartasida limit tugagani aytib, mening kartam orqali pul o‘tkazishini aytdi. Lekin pul banklardan o‘g‘irlanganini bilganim yo‘q. Keyinchalik aniqlanishi bo‘yicha, tanishim ham pullar o‘g‘irlanganini bilmagan. O‘zining foizi uchun shu ishni qilgan. Meni kartamga qancha pul kirgan bo‘lsa, shuncha mablag‘ chiqib ketgan. Do‘stimning o‘zi moliyaviy manfaat ko‘rganini keyinchalik aytdi. Ammo pullar o‘g‘irlanganini bilmagan.

Do‘stingiz sizga ham qandaydir ulush berdimi bu pullardan?

— So‘raganim yo‘q, o‘zi ham bergani yo‘q. Telefoning kerak degani uchun bergandim.

Ushbu sxemani o‘zingiz bilganingizcha va tushunganingizcha aytib bera olasizmi?

— Adashmasam, tanishimning telegramiga xabar kelgan. Unda o‘sha xabarni yuborgan odam qanchadir pul ishlab olish imkoniyatini tushuntirgan. Telefonga esa Anorbank va Apelsin ilovalarini o‘rnatish kerakligini aytishgan. Qancha pul kelib tushishi, qanchasini o‘zingizga olib qolishingiz va qanchasini qaysi kartaga qayta o‘tkazishingizni tushuntirishgan.

Xabar yozgan odam Rossiya fuqarosi ekanini, hisob raqamida pul borligi, ammo o‘zining nomiga o‘zbek karta ocholmasligi sababli pullarini chiqara olmayotganini aytgan. Shundan so‘ng tanishim aytilgan dasturlarni telefonimga o‘rnatgan va pul mening kartamga kelib tushgan. So‘ngra boshqa kartalarga o‘tkazib yuborilgan. Shaxsan, mening kartamga 400 mlndan sal ko‘proq pul kelib tushgan.

Siz ham tergovga jalb qilingansiz. Ushbu jarayonda yana nimalarni bilib oldingiz? Pullar qayerga ketgan bo‘lishi mumkin?

— Pullarni rossiyalik hakerlar banklarning xavfsizlik tizimini buzib, kartalarga chiqarib yuborishgan. 16 kishi qamoqqa olinganidan kelib chiqsak, pullar O‘zbekistonda emas. To‘g‘ri ular foiz pulini olishgan, ammo asosiy mablag‘ chiqib ketgan. Hammaga bu bizning pul, Rossiya fuqarosi bo‘lganimiz uchun so‘m kartalarda aylantira olmayapmiz, yordam ber, deb yozishgan. Ukraina-Rossiya urushidan keyin, ruslarning o‘z mablag‘larini boshqa mamlakatlarga chiqarishi ko‘paydi. Odamlar shunga ishonishgan bo‘lsa kerak.

Tergovga keladigan bo‘lsak, sentabrda boshlangan. 16 kishi esa bir oycha oldin, martda hibsga olindi. Tergov paytida mendan telefonimni olgan shaxs kimligini, menga kim bo‘lishini, manfaat ko‘rgan yoki ko‘rmaganimni so‘rashdi. Do‘stim hozir qamoqda. O‘zi talaba edi. Mening kartamdan yuborilgan pul ham oddiy, mardikor bir bola hisobiga o‘tkazilgan. U ham bilmagan holda bu ishlarga aralashgan.

Hozirda hibsda ushlanib turganlar qaysi modda bilan ayblanyapti?

— Adashmasam, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan ayblanyapti. Tergov sentabrda boshlangan bo‘lsa, may oyida tugashi kerak. Tanishimning yoniga faqat advokat kirishiga ruxsat berilyapti, oila a’zolari bilan ham uchrashtirishgani yo‘q. Ishni IIV olib boryapti.

Mazkur jinoyatga qancha odam jalb qilingan bo‘lishi mumkin?

— Mening bilishimcha, 200 dan ortiq odam tergov jarayoniga jalb qilingan. Buni rasmiy ravishda aytishmadiyu, eshitib qoldim. O‘g‘irlangan pullar haqidayam ijtimoiy tarmoqdagi qaysidir kanallarda chiqqandi. O‘shanda umumiy summa miqdori 7 mln dollar deb aytilgandi. Hozirda o‘sha kanallarda bu ma’lumot yo‘q, o‘chirib tashlangan.

Davom etayotgan tergov jarayonidan sizning xavotiringiz nima?

— To‘g‘ri, tergovchilar o‘zining ishini qilyapti. Hech qanday e’tiroz yo‘q. Ammo bu yerda shaffoflik bo‘lishi kerak. Ichkaridagi odamlar qaysi modda bo‘yicha ayblanyapti, sud qachon bo‘ladi, tergov qachon tugaydi, aytilmayapti. Bank xodimlari ham tergovga jalb qilingan yo qilinmaganini aniq bilmayman, lekin o‘sha banklarning xavfsizlik tizimini o‘rnatganlar ham javobgar bo‘lishi shart. Men hakerlar ichkaridan odam topmay, bu ishlarni qilganiga ishonmayman. Kimdir yordam bergan bo‘lishi kerak. Albatta, bu shaxsiy fikrim. Hozirda hibsga olingan 16 kishi asosiy jinoyatchilar emas, bularga pul kelib tushgan va qayta boshqa odamga o‘tkazishgan. Orada manfaat ko‘rishgan, lekin pul o‘g‘irlanganini bilishmagan. O‘z hayotini qadrlaydigan odam bu ishni qilmasdi, deb o‘ylayman. Bosh aybdorlar ham topilib, javobgarlikka tortilishini xohlardim.

Do‘stingiz moddiy zararni qopladimi, ya’ni olgan foizini qaytarib berganmi?

— Olgan foizini qaytarib bergan. Bu 4 ming dollarga yaqin pul bo‘lgan. Pullarning asosiy qismi kimga ketgani hammaga ma’lum-ku. Ya’ni pullarning asosiy qismini o‘g‘irlaganlar uchun ham bu 16 kishi javob bermasligi kerak. Ularni ham qidirib topib javobgarlikka tortish, hammasining o‘ziga yarasha jazosini berish kerak deb o‘ylayman.

Mana shu suhbatga tayyorlanish jarayonida Ichki ishlar vazirligi bilan bog‘lanishga harakat qildim, bu yerda juda ham yopiqlik va maxfiylik sezilyapti. Nima uchun mana shunday bo‘lyapti, deb o‘ylaysiz?

— Banklardan pul o‘g‘irlangani haqida butun ommaga aytilsa, banklarimizning xavfsizlik tizimi sustligi bilinib qoladi va yana hakerlik hujumlari uyushtirilishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: