Shaxsning sha’ni va qadr-qimmati “o‘yin” obekti bo‘lmasligi kerak

Nuqtayi nazar 21:36 / 14.04.2023 273053

Birinchi mezoni – masalaning axloqiy, ma’naviy tomoni. Albatta, rahbar kadrlar o‘zlarining reputatsiyalari borasida, alohida qayg‘urishlari kerak. Mulozimlarda “me’yoriy etika”, “axloq normalari”ga rioya qilish darajasi, yuqori bo‘lishi kerak. Chunki, davlat mulozimlariga jamiyatning ishonch darajasi pasayishi – hokimiyatga, davlat organlariga bo‘lgan ishonchning pasayishiga sabab bo‘ladi.

Ikkinchi tomoni, bu huquqiy mezon hisoblanadi. O‘zbekiston, Konstitutsiyaga ko‘ra – huquqiy davlat. O‘zbekiston hududida va uning fuqarolari bilan bo‘ladigan barcha munosabatlar zamirida huquq turishi kerak. Hokim tomonidan amalga oshirilgani gumon qilinayotgan ish ham, huquqiy jihatdan o‘lchanishi kerak.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, har bir fuqaro, inson – shaxsiy hayot daxlsizligi huquqiga ega. Jumladan, davlat mulozimlari ham. Ya’ni, kimdir davlat mulozimi bo‘lib ishlasa, va u davlat budjetidan oylik olsa – uning shaxsiy daxlsizligini buzish mumkin degani emas.

Davlat mulozimlari, agar mana shunday vaziyatga tushadigan bo‘lsa, huquqiy savollar quyidagicha bo‘lishi kerak: “bu holat ish joyida bo‘lganmi?”, “bu holat ish vaqtida bo‘lganmi?” Agar davlat mulozimi, ish vaqtida va/yoki ish joyida shunday qilgan bo‘lsa, bu uni ayblash uchun to‘liq asos beradi.

Ya’ni, davlat mulozimi, ish vaqtida va ish joyida maishiy axloqsizlik qilsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri axloq kodeksini buzgan bo‘ladi, davlat va jamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarmagan bo‘ladi. Bu – huquqiy ayblovlar uchun asos bo‘la oladi.

Agar yuqoridagi ikkala savolga ham “yo‘q” degan javob olinsa, hokimga bildiriladigan e’tiroz, to‘liq huquqiy maqomga, huquqiy kuchga ega bo‘lmaydi. Xalqaro va O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, davlat mulozimlarining ham shaxsiy hayoti daxlsiz bo‘lishi kerak. Bu masala, ayniqsa, hozirgi informatsion texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar davrida juda dolzarb hisoblanadi.

Agar O‘zbekistonda huquqiy tafakkur rivojlanmasa, yoki zaif rivojlansa, bu jamiyatda o‘ta kuchli ziddiyatlarni, ijtimoiy va siyosiy inqirozlarni keltirib chiqarishi aniq bo‘ladi. O‘zbekiston aholisi, davlat institutlari aniq tasavvur qilishi kerakki, global axborot oqimlari davrida, millatning inson qadr-qimmati va shaxsiy hayot daxlsizligi tushunchasi mustahkam rivojlanishi kerak.

Davlat mulozimlariga nisbatan, axloq kodekslari o‘z ahamiyatini oshirib boraverishi kerak. Lekin, mulozimlarning davlat va jamiyat oldidagi asosiy mas’uliyati – ularning professionalizmi, malakasi, muammolarni anglash va hal qila olish qobiliyati bo‘lishi kerak.

“Hokim ishi” masalasida, ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan boshqa muhim savol ham bor. Bu savol esa “shaxsiy hayotga taalluqli ma’lumotlarni kim, nima maqsadda sizdirdi?” Tabiiy, bu hokim yoki uning tarafdorlaridan sizdirilmagan. Demak, bu yerda boshqa masala bor.

Kamoliddin Rabbimov

Ko‘proq yangiliklar: