Namanganda 152 marta radarga tushgani uchun 410 mln jarima yozilgan soxta raqamli Hundai Sonata aniqlandi

Jamiyat 21:19 / 11.04.2023 49037

Namangan viloyati IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Chust tumanida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli Hundai Sonata rusumli, 01 T 234 ZA davlat raqami bilan jihozlangan transport vositasi hozirgacha 152 ta holatda tezlikni belgilangan me’yordan oshirgani aniqlangan. Barcha qoidabuzarliklar uchun hisoblangan jarimalar miqdori 410 mln so‘mga yetgan.

“Tergovga qadar tekshiruv transport vositasini ro‘yxatga olish guvohnomasi yo‘qligi, 01 T 234 ZA davlat raqam belgisi esa YHXXdan ro‘yxatdan o‘tkazilmagani aniqlangan. Davlat raqam belgisi haqidagi ma’lumotlar tizimda mavjud emasligi bois sodir etilgan huquqbuzarliklarga nisbatan jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarishning imkoniyati bo‘lmagan.

Ushbu haydovchi hech qayerda qayd etilmagan davlat raqam belgisi bilan avtomashinani istalgan tezlikda boshqarib insonlar hayotiga xavf solib kelgan. Biroq ko‘za kunda emas, kunida sinadi deb bejiz aytishmaydi. Endi u noqonuniy harakatlari uchun qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi”, deyiladi viloyat IIB rasmiy telegram-kanalida e’lon qilingan videoda.

Qayd etilishicha, ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, avtomashina esa jarima maydonida saqlanmoqda.

Ro‘y bergan voqea huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyevning ham e’tiborini tortgan. U 152 marta tezlikni oshirgan haydovchini “yo‘l terroristi” deb atagan. Blogerning fikricha, mana shundaylarning dastidan har yili minglab insonlar halok bo‘lmoqda, qancha oila ota-ona yoki farzand dog‘ida kuymoqda.

“Lekin bunaqalar baribir yo‘qolib ketmaydi. Yana yangilari chiqaveradi. Chunki tizim shunga yo‘l qo‘yib beradi. Mana, masalan, shu videoda aytilishicha, 01 T 234 ZA soxta raqamiga 152 ta qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘lsa-da, lekin bu raqam bazada bo‘lmagani uchun jarima qo‘llash haqida qaror chiqarishning imkoniyati bo‘lmabdi emish.

Nima??? Tushunmadim, shu paytgacha 152 marta soxta raqam radarlarga tushgan bo‘lsa, lekin u bazada bo‘lmasa, nega uni tezda tekshirmadinglar? Nega ko‘chalarda soxta raqamli bitta mashina tezlikni 152 marta oshirgani qayd etilgan bo‘lsa-da, uni bartaraf etish chorasini ko‘rmadinglar? Nega qidiruvga berilmadi? Nega yo‘llar to‘silmadi?

Bu nima ahmoqgarchilik? Bu qanaqa xavfsizlik? Shumi sizlarning aqlli va zamonaviy tiziminglar? Shumi sizlarning “xavfsiz shahar” konsepsiyanglar? Raqam bazada yo‘qligi uchun jarima yozolmayapmiz, deb ikki qo‘linglarni burninglarga tiqib yuraverasizlarmi shunaqa?

Ertaga birorta haqiqiy terrorist mashinasiga soxta raqam taqib, aholi uchun shuncha katta real xavf tug‘dirsa ham birorta organ buni aniqlolmasdan yuraverasizlarmi shunaqa? Bilmadim, nima deyishga ham hayronman. Bunaqa buzuq tizim mavjud ekan, yo‘llarimiz tartibga kelishini kutish noto‘g‘ri”, deya ta’kidlagan Xushnud Xudoyberdiyev.

Avvalroq Toshkent viloyati IIBB YHXB 40 kun ichida 14 marta radarga tushgan Trailblazer, belgilangan tezlikni 18 marta me’yoridan oshirgan GAZ 31029, 4 oy ichida 15 marta radarga tushgan NEXIA, 30 kun ichida 11 marta tezlik chekloviga amal qilmagan EQUINOX, tezlikni oshirgani uchun 40 kun ichida 9 marta jarimaga tortilgan CAPTIVA haqidagi ma’lumotlarni ochiqlagandi.

Farg‘onada 24 marta qoida buzgan haydovchi qariyb 28 mln so‘m jarima to‘lagan bo‘lsa, yo‘l harakati qoidasini 36 marta buzgan dang‘aralik salkam 24 mln so‘m jarimaga tortilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: