Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti respublikada axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitet bilan birgalikda uning Qarshi, Samarqand, Urganch, Nukus, Farg‘ona va Nurafshon filiallarida ham axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlab kelinmoqda.
Bugungi kunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida jami 26089 nafar talaba tahsil olmoqda. Universitet va uning filiallarida 982 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan 64 nafari fan doktori hamda 313 nafari fan nomzodlari pedagogik va tadqiqot ishlari bo‘yicha ish faoliyatlarini olib borishmoqda.
2022 yilda universitet respublika oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida 13-o‘rin, texnika yo‘nalishidagi OTMlar bo‘yicha 5-o‘rin, OTM professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalari asosida olingan mablag‘lari ko‘rsatkichi bo‘yicha 3-o‘rin, doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish hamda ilmiy unvonlar olish ko‘rsatkichi bo‘yicha 4-o‘rinni egalladi.
Joriy yilning 2023 yil 10-11 aprel kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari «TATU yosh olimlari» I-forumi bo‘lib o‘tadi.
O‘tkazilayotgan «TATU yosh olimlari» I forumining asosiy maqsadi universitet va uning hududiy filiallarida bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashishni yangi bosqichga olib chiqish ilmiy ishlar sifatini oshirishdan iborat.
Forum doirasida universitet va uning hududiy filiallari yosh olimlari va iqtidorli talabalarining ilmiy ma’ruzalari tinglanadi, dasturiy vositalarini yaratish, apparat-dasturiy vositalarni loyihalash, sun’iy intellekt, axborot xavfsizligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy muammolar muhokamasi hamda 100 dan ziyod dasturiy va apparat-dasturiy ishlanmalarning namoyishini tashkil etish rejalashtirilgan.
Forum yakunida universitet va uning hududiy filiallari ilmiy muammolarining yechimlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi, hamkorlikda ilmiy ishlarni bajarish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilanadi hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish va tijoratlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilanadi.
Reklama huquqi asosida