Prezident farmoni bilan boj to‘lovidan ozod qilingan oziq-ovqat mahsulotlari narxi arzonlashdi

Iqtisodiyot 21:01 / 08.04.2023 38026

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon imzolangandi.

Bugun, 8 aprel kuni, Xalqaro biznes markazida bir qator vazirlik va idoralar rasmiylari, shuningdek, ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning ahamiyati va ichki bozordagi narxlarga ta’sir muhokama qilindi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidovning so‘zlariga ko‘ra, imtiyozli asosda import qilinayotgan tovarlarning 24 turi bo‘yicha narxlar arzonlashgan.

“Tahlillarimizga ko‘ra, dastlabki 10 kun davomida bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi tovarlarning 24 turi bo‘yicha narxlar pasaygan. Ayniqsa, oziq-ovqat tovarlari ichida xurmo – 16 foizga, olma, behi va nok – 42 foizga, konservalangan baliqlar – 50 foizga, mineral suvlar – 40 foizga, tarkibida kakao bo‘lgan konfetlar – 24 foizga arzonlashdi. Bu – ulgurji narxlarning pasayishi. Nooziq-ovqat tovarlari yo‘nalishida bolalar kiyimlari narxining o‘sishi kuzatilmagan bo‘lsa, bolalar poyabzalining bahosi 61 foizga pasaygan”, dedi Abidov.

Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorovning ta’kidlashicha, boj stavkalarining nol foizga tushirilishi noqonuniy tovar aylanmalari qisqarishiga sabab bo‘ladi.

“Bojxona imtiyozi berilgan tovarlarni o‘tgan yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, 2022 yilda 1233 tadbirkor tomonidan qiymati qariyb 700 mln dollarlik tovarlar import qilinib, 1,6 trillion miqdorida bojxona to‘lovlari undirilgan. Bu masalada yana bir narsaga e’tibor bermoqchiman, o‘tgan yilda ushbu turdagi tovarlarning noqonuniy importi bo‘yicha 856ta huquqbuzarlik sodir etilgan, 26 mlrd so‘m qiymatidagi tovarlar bojxona idoralari tomonidan olib qo‘yilgan. Prezident qarori bilan ushbu tovarlarga nol stavka qo‘llanishining o‘zi mazkur turdagi tovarlarning xufiyona iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirishga olib keladi. OAV orqali yana ba’zi fikrlarni o‘qidik, ekspertlar bojlarning bekor qilinishining ichki bozorga va makroiqtisodiy ta’siri haqida fikr bildirgan. Menam mutaxassis sifatida shuni aytmoqchimanki, bu eng ma’qul qaror bo‘ldi. Chunki noqonuniy tovar aylanish sabablari ham boj stavkalarining yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Aynan mana shu turdagi tovarlarga 20-30 foizlik stavkalar qo‘llangan. Bu esa bojxona chegaralari orqali aylanayotgan tovarlarni noqonuniy deklaratsiyalashga, to‘lovlardan qochishga, bojxona qiymatini pasaytirish kabi ko‘plab salbiy omillarga sababchi bo‘lgan. Boj stavkalarining nol foizga tushirilishi mana shunga o‘xshash holatning oldini olishga ham xizmat qiladi”, – dedi Ilhom Muxtorov.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida imtiyozli tovarlarning narxi 10 foizdan 26 foizgacha pasaygan.

“Fiskal organ nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda imtiyozli tovarlarni hisobotlarda aks ettirishda elektron platformani joriy qilganmiz. Ushbu platforma orqali mazkur tovarlarning chakana savdo nuqtalarida 10 foizdan 26 foizgacha narxlari pasayganligini ko‘rdik. Hozirdan bu qaror o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatib, xalqimiz uchun foydali bo‘layotganligini ko‘rishimiz mumkin”, dedi DSQ rasmiysi.

Ko‘proq yangiliklar: