Magniy tanqisligi kuchli stress, ruhiy tushkunlikka olib kelishi mumkin – SSV 

Jamiyat 23:02 / 04.04.2023 14290

Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Shahnoza Zufarova salomatlik uchun o‘ta muhim mikroelement bo‘lgan magniy haqidagi ma’lumotlarni keltirdi. 

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, magniy organizmda energiya, oqsil, uglevod va yog‘ almashinuvini ta’minlovchi fermentlar faoliyatini muvofiqlashtirib turadi. Qolaversa, yurak ritmining buzilish xavfini kamaytirishi, tomirlarda qon ivishining oldini olishi bilan ahamiyatli. 

«Bu modda tanqisligi kuchli stress, ruhiy tushkunlik, bosh aylanishi va og‘rig‘i, sababsiz vahima, surunkali charchoq, uyqu buzilishi, xotira susayishi, me’da-ichak spazmi, yurak urishining tezlashishi, qon bosimi oshishi yoki tushishi, mushaklar tortishishi singari belgilar bilan namoyon bo‘ladi», dedi Zufarova. 

Uning ta’kidlashicha, organizmning magniyga bo‘lgan kunlik ehtiyoji 300-350 milligrammga teng. Homiladorlik va boshqa holatlarda bu ko‘rsatkich yanada ortadi. Ushbu miqdor oziq-ovqat iste’moli orqali olinadi. 

«Yong‘oq, guruch, baliq, jigar, pishloq, grechixa yormasi, kunjut, qovoq, makkajo‘xori, boshoqli va dukkaklilar, meva-sabzavotlar mikroelementning asosiy manbaidir», dedi shifokor. 

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda «fast-fud», gazli ichimliklar, shakar va tuzga boy hamda yarim tayyor mahsulotlar ovqatlanish ratsionidan keng o‘rin egallayotgani tufayli organizm yetarli miqdorda magniydan bahramand bo‘lmayapti. Shuningdek, spirtli ichimliklariga ruju qo‘yish, chekish kabi zararli illatlar ham magniy tanqisligini keltirib chiqarmoqda. 

«Magniy yetishmasligi biriktiruvchi hujayralarning kuchsizlanishi singari og‘ir kasalliklarga olib kelishi mumkin. Bunday holatda shifokor tomonidan maxsus dori preparatlari tavsiya qilinadi. Ammo ba’zi insonlar magniy tanqisligi kuzatilsa, o‘z bilganicha dori vositalarini ichishadi. To‘g‘ri, tarkibida magniy saqlovchi preparatlarning organizmga nojo‘ya ta’siri aniqlanmagan. Biroq shifokor ko‘rigidan o‘tmay turib, dori-darmonlarda iste’mol qilish salbiy asoratlarga olib kelishi mumkin», dedi Zufarova. 

Ko‘proq yangiliklar: