Navoiyga amerikalik va germaniyalik investorlar jalb etiladi

O‘zbekiston 10:40 / 01.04.2023 8863

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, har ikki uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan vazifalar belgilab olingan.

Jumladan, AQShning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Jonatan Xenik bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat rahbari o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari, shu jumladan, viloyatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot bergan.

Xususan, viloyat hokimi import sifatida olib kelinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha hududdagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, 20 turdagi noruda foydali qazilmalarning 100 dan ortiq ishlab chiqarishga jalb etilmagan konlarini o‘zlashtirish, barcha infratuzilma bilan ta’minlangan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasidagi 260 gektar bo‘sh yer maydoniga amerikalik investorlarni jalb etish borasidagi takliflarni ilgari surgan.

O‘z navbatida AQSh elchisi viloyatning investitsion salohiyatini inobatga olgan holda, amerikalik salohiyatli investorlarni Navoiy viloyatiga jalb qilishda har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini ta’kidlagan. 

Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Tilo Klinner rahbarligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xususan, nemis investorlarini Navoiy viloyatiga kengroq jalb etish masalalari muhokama qilingan. Unda Germaniya iqtisodiyoti vakolatxonasi rahbariyati hamda GFR kapitali evaziga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan “BOSCH”, “ABM technik”, “YO’LTEC” kabi o‘nga yaqin yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etgan.

Normat Tursunov Navoiyda aynan germaniyalik ishbilarmonlar bilan boshqa yo‘nalishlar qatorida “yashil” energetika yo‘nalishida loyihalarni amalga oshirish, ikki davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, viloyatdagi kasb-hunar maktab va kollejlarida Germaniya tajribasini joriy etish borasidagi imkoniyatlar haqida to‘xtalgan. Elchi esa “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida xorijlik sarmoyadorlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan qiziqqan.

Uchrashuvda tomonlar sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, turizm sohasida ham faol foydalanish mumkin bo‘lgan imkoniyatlarni muhokama qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: