Ularning fikricha yangilanayotgan konstitutsiya qabul qilingach, uning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi bo‘yicha aniq mexanizmlar ham ishlab chiqilgan.
Intervyu davomida konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha shu kabi bir qator savollarga ekspertlar javob berishdi. Intervyu mehmonlari Jamoat xavfsizligi universiteti professori Surayyo Rahmonova, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsentlari Dildora Kamalova hamda Hayitjon Turdiyev bo‘ldi.
— Ijtimoiy tarmoqlarda hozir ham Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak emas, degan fikrlarga ko‘zimiz tushyapti. Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun qanday zarurat mavjudligini sodda va lo‘nda qilib aytib bera olasizlarmi?
Hayitjon Turdiyev:
— Dunyodagi eng barqaror konstitutsiya AQShniki. Mualliflardan biri Tomas Jyefferson barcha jamoalar uchun umumiy bo‘lgan va doimiy amal qiladigan konstitutsiya yaratish imkonsiz, har bir avlod o‘z konstitutsiyasini yaratish huquqiga ega, degan fikrni aytgan. Dunyoda 200 ga yaqin amaldagi konstitutsiya bor va 65 ta yangi konstitutsiya qabul qilindi. AQSh konstitutsiyasi eng barqarori bo‘lgani bilan, har bir shtatida alohida ichki konstitutsiya bor va ularda o‘zgarishlar juda ham ko‘p. Fransiyaning konstitutsiyasida 24 ta o‘zgarish bo‘lgan. Eng muhimi shundaki, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar davlat manfaatlaridan ko‘ra inson huquqlarining kafolatini kuchaytiryapti. Yangilanayotgan konstitutsiya loyihasida ham shunday o‘zgarishlarni ko‘ramiz.
Amaldagi konstitutsiyamizga shu kungacha 15 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Ularning asosiy qismi davlat boshqaruvi, prezident, hukumat va saylov tizimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar edi. Endigi konstitutsiya o‘zgarishida 50 foizdan ortiq o‘zgarishlar inson huquqlari bilan bog‘liq. Davlat taraqqiyotning keyingi bosqichiga qadam qo‘ymoqchi bo‘lsa, yangi konstitutsiyaviy makonga ega bo‘lishni talab qiladi.
Surayyo Rahmonova:
— Ko‘plab islohotlar bo‘layotganini ko‘ryapmiz. Shu o‘zgarishlar faqat bugungi kun uchun emas, kelajakda ham davom etishi uchun ularning huquqiy asoslari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi kerak. Vaqt o‘tishi bilan huquqiy erkinliklarga munosabat o‘zgarishi xavfi bor, shulardan xoli bo‘lish uchun ham konstitutsiyaviy islohotlarga ehtiyoj bor.
— Nimaga asoslanib Xalq Konstitutsiyasi deyilmoqda?
Hayitjon Turdiyev:
— Odatda qandaydir qonun loyihasini davlat organlari ishlab chiqib, keyin muhokamaga qo‘yiladi. Bu safar birinchi marta avval fuqarolar taklifi olinib, keyin qonun loyihasi shakllantirildi. Muhokamadan keyingi takliflar asosida yana qayta tahrir qilindi. Unda aynan fuqarolarni qiynayotgan ko‘plab masalalar o‘z aksini topdi. Fuqarolar tomonidan huquqiy asosli aniq taklif qilib berilmagan g‘oyalar ham mutaxassislar tomonidan takomillashtirilib kiritilmoqda. Umumiy jarayonda 5 mlnga yaqin fuqaro qatnashdi.
Dildora Kamolova:
— Konstitutsiya qabul qilishning eng demokratik usullaridan biri — referendum asosida qabul qilish. Ya’ni bu jarayonda xalqning bevosita ishtirokini kuzatish mumkin. Aynan xalqning o‘zi ovoz berib qabul qilayotgani uchun ham xalq konstitutsiyasi deyilyapti.
— Yuqorida ham ta’kidladik, Konstitutsiya 65 foizga o‘zgarmoqda. Loyiha yangi Konstitutsiyami yoki o‘zgartirishlar to‘g‘risidami?
Hayitjon Turdiyev:
— Bir yil oldin e’lon qilingan konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi «Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish» deb nomlangan edi. O‘sha paytdagi birinchi bosqichda 60 mingta taklif tushdi va o‘zgarishlar u qadar katta bo‘lmadi. 150 ming taklif tushgandan so‘ng esa loyiha hajmi ham kengaydi. Taklif qilinayotgan loyihada 128 ta modda 155 taga ko‘paygan, 275 ta me’yor 434 taga oshdi, 91 ta me’yorga fundamental o‘zgartirish kiritilgan. Yangi konstitutsiya deyish ham bir tomondan noto‘g‘ri, chunki fundamental asosiy prinsiplar saqlanib qolyapti. Shunchaki katta miqdorda o‘zgaryapti, 50 foizidan ko‘p qismi o‘zgarayotgani uchun o‘zgartirish va qo‘shimchalar deb qo‘yolmaymiz. Ijtimoiy tarmoqda turli savol qo‘yayotganlar ham befarq bo‘lmasdan loyihaning o‘zi bilan tanishib chiqishlarini istardim. Inson huquqlari bilan bog‘liq masalalar o‘zgaryapti, davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 karra oshyapti.
— Loyihada O‘zbekistonning huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlat deb belgilanmoqda. Bu asosiy qonunni mafkuralashtirishga olib keladi, degan fikrlar ham yangradi. Qolaversa, O‘zbekiston – huquqiy davlat degan bilan huquqiy davlat bo‘lib qolmaydi-ku?
Surayyo Rahmonova:
— Huquqiy davlat deganda nimani tushunamiz? Bu narsa faqat akademik davralardagi ma’ruzalarda qolib ketadigandek ko‘rinadi. Huquqiy davlatning o‘z belgilari bor: qonun ustuvorligi, barcha tengligi va hisobdorligi, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi asosida davlat o‘z faoliyatini amalga oshirishi, fuqaro va davlat o‘rtasida mas’ullik, inson huquqlari va erkinligi real ta’minlangan bo‘lishi. Yangi konstitutsiyada davlatning asosiy maqsadi inson huquqlari va erkinligini ta’minlash, deb keltirilyapti. Va qanday ta’minlanishi ham aniq ko‘rsatilyapti: davlat idoralari mansabdor shaxslari inson huquqlari va manfaatlarini ko‘zlash, unga xizmat qilish kerak, deyilyapti. Davlat mana shu huquqiy davlat g‘oyasini e’tirof etayotgani va o‘z zimmasiga olayotgani juda ham muhim.
Tarixan, bilamizki, juda ko‘p shiorlar, g‘oyalar qo‘yiladi, lekin shundayligicha qolib ketadi, ularning ta’minlanishi bo‘yicha mexanizm ishlamaydi. Hozir esa davlat mas’uliyatni olyapti va aynan bajaruvchi sub’yektlarni ko‘rsatyapti. Real tarzda huquqlar ta’minlansa, fuqaro ham qonunga amal qilishni boshlaydi. Davlat va fuqarolar o‘rtasidagi «ijtimoiy shartnoma» Konstitutsiya bo‘lyapti.
Hayitjon Turdiyev:
— Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston huquqiy davlat deb o‘ziga katta mas’uliyat olyapti. Rivojlangan davlatlar konstitutsiyalarida ham xuddi shunday belgilangan. Va ular har tomonlama rivojlanishga erishdi. To‘g‘ri, mansabdor shaxslar bilan bog‘liq, davlatning iqtisodiy imkoniyati, davlat organlari faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab muammolar bor. Bizda huquqiy davlat yo‘q deyish ham noto‘g‘ri, aslida. Eng katta muammo qonunlar ijrosida bo‘lyapti. Huquqiy davlatning birinchi belgisi — qonunlarga hamma amal qilishi va barcha tengligi. Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, davlat va fuqarolar o‘rtasidagi qarama-qarshi holatlar fuqaro foydasiga hal qilinadi. Davlat o‘zini chegaralaydi fuqarolar bilan munosabatda. Bir-ikki yilda barchasiga erishish qiyin, muhimi maqsad qo‘yilyapti hozir.
Konstitutsiyaning o‘zida qolib ketmaydi bu narsalar. Kuchga kirgandan boshlab 2 oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasi barcha qonun hujjatlarini moslashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi. Huquqiy davlatning eng katta belgilaridan biri — konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi. 15-moddada aynan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi belgilanyapti. Oliy sud konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi bo‘yicha plenum qarorini tayyorlaydi. Hozirgacha sudlar hukmlarda konstitutsiya me’yorlarini havola qilmagan, endi birinchi navbatda konstitutsiyaga murojaat qilinadi.
Surayyo Rahmonova:
— Fuqaro qonunchilikda ko‘zda tutilmagan, lekin konstitutsiyada ko‘rsatilgan huquqi buzildi deb hisoblasa, endi shuni tegishli tartibda talab qilishi va sudda ko‘rilishi mumkin bo‘ladi. Endilikda sudlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri konstitutsiyaviy me’yorlarni qo‘llash amaliyoti joriy qilinadi. Va bu amaliyot respublika bo‘yicha yagona sud amaliyoti bo‘lishini ta’minlash Oliy sud zimmasiga yuklanyapti. Oldin faqat advokatlar shikoyatida bo‘lgan konstitutsiyaviy me’yorlar bo‘yicha huquq talab qilinishi, lekin shunda ham sud faqat boshqa kodekslarda bo‘lsa, munosabat bildirishini aytar edi. Endi mana shu narsadan xoli bo‘lamiz.
— Bu o‘zgarishlar va yangi normalar oddiy odamga, masalan, aholi qatlamlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, ayollarga, yoshlarga, keksa insonlarga, migrantlarga nima beradi? Yangiligi nimada?
Dildora Kamolova:
— Masalan, homilador ayollarni ishdan bo‘shatish yoki olishda homiladorlik vaj qilib ko‘rsatilishi mutlaq taqiqlanyapti, bu — eng muhim o‘zgarishlardan biri.
Uy-joy masalasi bor. Konstitutsiyada alohida me’yor sifatida har bir shaxs uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekani belgilanyapti. «Snos» kabi muammolarga ham to‘liq barham berilyapti, ya’ni endi fuqarolar uyini faqat sud qarori asosida olib qo‘yilishi mumkin va avvaldan kompensatsiyaning yarmi to‘lanadi.
Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqlari ham ko‘rsatilyapti. Bunda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ta’lim jarayonida bevosita ishtirok etishi ta’minlanyapti. Ikkinchidan, bunday fuqarolar barcha bilan teng huquqqa ega.
O‘qituvchilarga oid bo‘lgan alohida me’yor kiritilyapti. Mana shu me’yorga ko‘ra, davlat o‘qituvchilarning obro‘yi, sha’ni, moddiy-ijtimoiy ta’minoti haqida g‘amxo‘rlik qilishi belgilanyapti. Shu asosida o‘qituvchilarni himoya qilishning huquqiy asoslari yaratiladi.
Surayyo Rahmonova:
— Agar homiladorlikdan boshqa vaj keltirib, lekin aynan shuning uchun ishga olmasa ish beruvchi va ayol sud murojaat qilsa, sud ayol tarafida bo‘ladi.
O‘zbekiston xalqaro doirada nogironligi bor inson to‘g‘risidagi bir nechta konvensiyalar a’zosi hisoblanadi. Xalqaro standartlarning asosiy maqsadi — nogiron shaxs jamiyatdan ajralib qolmasligi kerak.
Umid Obidxo‘jayev:
— 8 yilga yaqin xorijda yashaganman o‘zim... Shuning uchun xorijdagi vatandoshlarimizga tegishli normaga e’tibor qaratmoqchiman. Agar O‘zbekiston fuqarosi xorijiy davlatda qandaydir jinoyat sodir etib qo‘ysa, uni O‘zbekiston hukumati o‘sha fuqaroni davlatga topshirmasligi to‘g‘risida modda kiritilyapti. Qonunchilikda bor edi bu narsa, lekin konstitutsion darajada yo‘q edi oldin. Bu degani jazoni davlatimizning o‘zi beradi, fuqarosini boshqalarga topshirib yubormaydi.
Bundan tashqari «Snos» masalasi… Bu muammo faqat O‘zbekistonda emas, boshqa davlatlarda ham bo‘lgan. AQShda ham bu borada o‘zgartirishlar kiritilgan konstitutsiyaga. Bizda shu masalaning 4 barobarga huquqiy asosi kuchaytirilyapti: sud qarori kerak, qonunga zid bo‘lmasligi lozim, kompensatsiya oldindan va teng qiymatda to‘lanishi kerak. Bu narsani 4 bosqichli himoya desa ham bo‘ladi. Amaliyotga tatbiq etilsa, har bir fuqaro shuni talab qilishi kerak, chunki konstitutsion huquqi endi uning.
Bundan tashqari, fuqarolarning burchlari ham bor: Konstitutsiyadagi qonunlarga amal qilish, madaniy meros va tarixiy obektlarni hurmat qilish, tabiatni asrash, soliqlarni to‘lash, Vatanni himoya qilish. Bunda hech qanday ortiqcha yuklama yo‘q.
Halol raqobat me’yori kiritilyapti, bu degani monopoliya cheklanadi. Inflatsiyaga raqobat yo‘qligi ham sabab bo‘lyapti. Endi huquqiy asoslar bor monopoliyaga qarshi. Bularning barchasi fuqarolar uchun bo‘lyapti, qaysidir qatlamga xizmat qilmaydi. Bizning milliy qadriyatlarda ham rozi qilish, lafz kabi masalalar bor, aslida. Endi kuchaytirilayotgan konstitutsiya hayotga tatbiq etilishi har birimizga bog‘liq bo‘ladi. Huquqlarni talab qilish uchun esa ularni bilish kerak avvalo.
Surayyo Rahmonova:
— To‘g‘ri, fuqarolar bilishi kerak. Fuqarolarimiz ma’lum bir vaziyatlarga tushib qolganda o‘zini qanday tutishni bilmaydi, chunki o‘zining haq-huquqlari va majburiyatlarini bilmaydi ular. Og‘ir vaziyatlarga tushganda nima qilish kerakligi haqida o‘ylab ko‘rishmaydi. Yangi Konstitutsiyada har qanday holatdagi huquqlar bor. Fuqarolar shuni bilishi va talab qila olishi lozim. Davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan suiiste’molchilikka yo‘l qo‘yilishiga sabab fuqarolar o‘z huquqini bilmagani.
— Ushbu loyihada ayrim me’yorlar mavjud qonunlardan ko‘chirib qo‘yilgan, degan e’tirozlarni ham eshitmoqdamiz. Buni qanday izohlaysizlar?
Hayitjon Turdiyev:
— Ayrimlari shunday. Aksariyat me’yorlar yangi. Xalqaro hujjatlarda bor, lekin bizning qonun va kodekslarda yo‘q. Ayrim me’yorlar qonunlardan konstitutsiyaga o‘tishiga ikki sabab bor: konstitutsiyaviylashtirish, ya’ni qonunga konstitutsiyaviy kuch berish; konstitutsiyada bo‘lishi lozim bo‘lgan xalqaro me’yorlarni kiritish.
Fuqarolar qandaydir holatga tushmaguncha konstitutsiyani o‘rganmaydi, huquqlarini bilmaydi. Endi bog‘chadan boshlab o‘rgatiladi haq-huquqlar. Odamlar boshqa qonun va kodekslarni bilmasa ham, o‘sha konstitutsiyaga kiritilgan moddalar orqali biladi endi.
Surayyo Rahmonova:
— Xalqaro standartlarda konstitutsiyalarda belgilanishi tavsiya etiladigan me’yorlar bor. Inson huquqlariga oid 90 ta me’yor bo‘lsa, shulardan 1/3 qismi kiritildi va ularning aksariyati yangi, tarmoq qonunlarda yo‘q. Endi o‘tish qoidalari asosida 2 oyda to‘liq muvofiqlashtirish bo‘ladi. Muvofiqlashtirish jarayoni yakuniga yetmagan holatda konstitutsiyaga ko‘ra ish tutiladi.
Ayrim masalalar qat’iy tarzda belgilanyapti. Masalan, o‘lim jazosi masalasi, majburiy mehnat. YeI davlatlari konstitutsiyalarida inson huquqlariga oid me’yorlar birma-bir ko‘rsatilgan. Yana bir masala borki, tarmoq qonunlardagi masala bugun bor, ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin. Lekin konstitutsiya barqaror bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan xalq manfaatini nazarda tutadi.
— Inson huquqlari 3,5 baravarga oshmoqda, deyilyapti. Bu asosan qanday huquqlar? Fuqarolarning majburiyatlari ham oshmayaptimi yoki faqat huquqlar qo‘shilyaptimi?
Dildora Kamolova:
— Inson huquqlari 3,5 barobarga oshayotgani to‘g‘ri. Davlat organlarining asosiy maqsadi sifatida inson huquqlari va erkinligini ta’minlash, deb belgilab qo‘yilyapti. Ya’ni har qanday holatda davlat organlari va mansabdor shaxslar faqat fuqarolar manfaati uchun xizmat qiladi. Bu prinsip har bir me’yorda o‘z aksini topyapti. Yana bir masala: qo‘llangan huquqiy ta’sir chorasi mutanosib va yetarli bo‘lishi kerakligi belgilanyapti va bu barcha qonun hujjatlariga tegishli bo‘ladi. Ba’zi hollarda qo‘llangan ta’sir chorasi ko‘p yoki kam bo‘lishi mumkin, bu esa ko‘zlangan maqsadga erishishda to‘siq bo‘ladi. Endi bu narsa konstitutsiyaviy darajada belgilanyapti. Bundan tashqari, qonunda belgilanmagan tarzda majburiyatlar yuklatilishi mumkin emas. Ba’zi bir holatlarda shunday majburiyatlar bo‘layotganini ko‘rishimiz mumkin. Endi konstitutsiyaviy kafolat berilyapti bunday holatlar uchun.
Sudlanganlik masalasi ham bor. Nafaqat shaxsning o‘ziga, balki yaqin qarindoshlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Hatto yaqin qarindoshning sudlanganligi sabab mehnat shartnomasi bekor qilinishigacha olib kelgan. Shuning uchun ham endi Konstitutsiyada sudlanganlik shaxsga va uning yaqin qarindoshlariga ta’sir qilmasligi belgilanyapti.
Surayyo Rahmonova:
— Inson huquqlari kafolatlari belgilanayotgan bo‘lsa, avtomatik tarzda davlatga ham majburiyat yuklanyapti. Bu degani har bir sohada bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar nazarda tutiladi bunda. Huquqni uni buzayotgan shaxsning o‘zi ta’minlab berishga majbur bo‘ladi. Jinoyat ishlari yurituvi bo‘yicha ko‘p me’yorlar aks ettirilyapti. Nima uchunki, jinoyat ishlari yurituvida inson huquqlarining cheklanishi ehtimoli judayam katta. Barcha fuqarolarimizning o‘zi yoki yaqinlari shunday huquq buzilishi holatlariga duch kelgan. Deylik, asossiz ushlab turish, asossiz jinoiy ta’qib ostiga olish, hibsga olishda xuquqlar tushuntirilmasligi kabi holatlar — bularning barchasi og‘riqli va dolzarb. Masalan, aybsizlik prezumpsiyasi konstitutsiyada bor edi, endi xalqaro standartlar bo‘yicha bor bo‘lgan barcha kafolatlar bilan aks etyapti. Bunda shaxsning sukut saqlash huquqi, o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi, yaqinlarining qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi, ayblov uchun yagona dalil ayblanuvchi iqrori bo‘lsa, asos bo‘la olmasligi kabi me’yorlar belgilanyapti. Yillar davomida shakllangan tergov yondashuvidan mutlaqo yangi insonparvar yondashuvga o‘tiladi. Ko‘plab yillar javomida iqrorlik ko‘rsatmalarini majburlab olish bo‘lgan, endi bu amaliyotga chek qo‘yiladi. Bu degani tergovlarda, sudlarda yondashuv butkul o‘zgaradi.
— Huquqlar qo‘shilyapti deyapsiz-ku, lekin avval bo‘lmagan cheklovlar ham kiritilyapti. Masalan, axborot olish erkinligiga 8 ta cheklov o‘rnatilayotganligini qanday izohlaysiz?
Hayitjon Turdiyev:
— So‘z erkinligi bizga majburiyat va mas’uliyat yuklaydi. Ya’ni bu huquqdan foydalanayotgan paytda huquqiy chegaralarga amal qilish kerak. Bir inson huquqi tugagan joyda boshqa inson huquqi boshlanadi, so‘z erkinligi shu chegarani buzib qo‘ymasligi kerak. Buni cheklov deb emas, kafolat deb qabul qilish kerak balki. Cheklash faqat Oliy Majlis qaror qilgan hujjat bo‘yicha cheklanishi mumkin, qonun osti yoki idoraviy hujjatlar bilan emas. 1966 yilda qabul qilingan fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktda ham axborot olish va tarqatishda boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslanishi kerakligi belgilangan. Cheklovlar jamoat tartibini va daxlsizligini saqlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak, shunda qonuniy bo‘ladi.
Masalan, yashash joyini tanlash va erkin harakatlanish huquqi me’yorida ham qonunda belgilangan holatlar mustasno, deb yozilgan. Bu degani pandemiya va shunga o‘xshash xavfsizlik masalalarida cheklanadi. Yoki sud qaroriga ko‘ra, ma’muriy nazoratdagi fuqarolar bor, o‘shalarning harakati cheklanadi. So‘z erkinligida ham shunday. Bunda axborot tarqatishni suiiste’mol qilishning oldi olinadi va asossiz ravishda mansabdor shaxs yoki davlat organining cheklashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umid Obidxo‘jayev:
— Deylik, internetdagi turli o‘yinlar orqali bolalar ongiga, psixologiyasiga ta’sir qilish masalasi bor. Aholi salomatligi deyilganda shunga o‘xshash holatlar nazarda tutilgan. Lekin bu jurnalistlarning ishiga aralashuv va cheklovga sabab bo‘lishi kerak emas. Ya’ni bu narsani to‘g‘ri tushunish kerak, bo‘lishi mumkin bo‘lgan ssenariylarni nazarda tutgan bu me’yorlar. Erkinlik berilishi va ma’lum vaziyatda cheklanishi degan narsa boshqa davlatlarda ham bor.
— Davlat hokimiyatiga oid bo‘limga, xususan parlament, hukumat, mahalliy davlat hokimiyatiga oid ham ancha o‘zgarishlar kiritilyapti. Bunga nima sabab bo‘ldi?
Hayitjon Turdiyev:
— Ma’muriy islohotlar boshlangan hozir. Umuman, davlat hokimiyatida bir-birini takrorlaydigan vakolatlar va funksiyalar yoki byurokratik to‘siqlar juda ko‘p edi va hozir ham bor. Aynan vazirliklar va davlat qo‘mitalari optimallashtirildi. Endi konstitutsiyada aks etyapti shu narsalar. Parlamentarizmda oldinga ketyapmiz. Davlat rahbarining ham ayrim vakolatlari parlamentga olib berilyapti. Qonunchilik palatasi va Senatning bir-birini takrorlaydigan nazorat vakolatlari juda ko‘p edi. Masalan, Ijro hokimiyatining Qonunchilik palatasi ham, Senat ham nazorat qiladi. Xalqaro standartlarga mos ravishda hukumatni shakllantirish va nazorat qilish Qonunchilik palatasiga berilyapti. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar ma’qullagach, lavozimga tayinlanishi, vazirlar faoliyati bo‘yicha kamchilik bo‘lsa, iste’fosi to‘g‘risida taklif kiritish kabi me’yorlar belgilanyapti. Parlament tekshiruvi degan yangi institut qo‘shilyapti. Eng og‘ir holatlar yuz berganda parlament o‘rganib, huquqiy jihatdan baho beradi. Eng muhimi, mahalliy davlat hokimiyatlari bo‘linishi to‘liq emas edi, ya’ni ijro va vakillik organiga hokim boshchilik qilar edi. Endi bosqichma-bosqich viloyat, tuman va shaharlardagi kengashlarga hokimlar raislik qilishi vakolati ham cheklanyapti. Natijada bu xalqchil boshqaruv va hukumatni ta’minlab beradi.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Javohir G‘ayratov.