Bola nega uxlamaydi: injiqlikmi, kasallik?

Jamiyat 15:25 / 01.04.2023 57738

Ularning ichida uxlamay o‘ynab yuradiganlari ham, tinimsiz yig‘laydiganlari ham bor. Tungi bedorliklar ota-onani, ayniqsa, onalarni holdan toydiradi. Asab tizimiga salbiy ta’sir qiladi.

Kun.uz mutaxassislar bilan bolaning uxlamasligi sabablari, bunday vaziyatda onalarning qanday yo‘l tutishi lozimligi haqida suhbatlashdi.

“Bolalar nevropatologi sifatida menga bolalar uyqusizligi masalasida juda ko‘p murojaat qilishadi. Deyarli 99 foiz onalarimizning so‘rog‘i shu: bolam kechasi bilan chirillab yig‘lab chiqadi, “cherepnoyi” oshib ketmadimikan…” deydi bolalar nevropatologi Zohidjon Ismoilov.

“Qaynona-kelin kelishmovchiliklari, oiladagi har xil psixologik muammolar homilaga salbiy ta’sir qiladi. Homiladorlik vaqtida onaning psixologiyasida bo‘lgan o‘zgarishlar, qo‘rquv hissi bolaga ham o‘tadi. Birinchi omil mana shu.

Keyingi asosiy sabablardan biri, go‘dakka mobil aloqa vositalarini berib qo‘yish. Ba’zi onalar o‘zining yumushlarini bajarib olish maqsadida bolasi tinch o‘tirishi uchun telefon berishadi. Bola kuni bilan telefonda o‘tiradi.

Har xil yuguradigan, baqiradigan multfilm qahramonlarini ko‘radi. Kuni bilan miya charchaydi. Nerv tolalari taranglashadi va o‘z-o‘zidan tunda uyqu holati buziladi.

Ko‘krak suti bilan oziqlanadigan bolalarning uxlamay tuni bilan yig‘lab chiqishiga onasi iste’mol qilgan yeguliklar ham ta’sir qiladi. Bolam uxlamayapti, deb kelgan onalardan so‘rayman, boshingiz og‘risa yoki qorningiz sanchib tursa, siz o‘zingiz uxlolasizmi?

Katta odam ayta oladi, lekin chaqaloq tushuntirib berolmaydi-ku. Bolalarda qorin og‘rishi ham uyqu buzilishining asosiy sabablaridan biri. Yana bir jihati, bugungi kunda tabiiy mahsulotlarni topish amrimahol. Har bir ozuqamizda kimyoviy moddalar bor”, deydi Zohidjon Ismoilov.

Homilador ayollar va emizikli onalarga vitamin bo‘ladi, deb ko‘proq meva iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ammo nevropatolog ta’kidlaganidek, hozirgi mevalarga kimyoviy ishlov beriladi. Bu esa bolada tabiiy rivojlanishning buzilishiga olib keladi.

Moddalar almashinuv jarayoni izdan chiqadi. Organizmda uyquni boshqaradigan gormonlar ishi ham buziladi. Bu ham bolalarning uxlamasligiga sabab bo‘ladi. Mutaxassis yuqorida sanab o‘tgan holatlar tabiiy turmush tarzida uyqu buzilishiga olib keladigan sabablar edi. Bundan tashqari uyqu buzilishining patologik holatlari ham mavjud.

Ba’zi bolalar uxlamay o‘ynab yuradi, ba’zilari injiqlik qilib yig‘laydi. Bu ikkalasi ikki xil holat bo‘lib, shifokor bolaning o‘zini ko‘rib, onasi bilan suhbatlashib, asl sababini aniqlashi mumkin.

Ona ruhiyatidagi buzilishlar bolaga bevosita ta’sir qiladi. Psixolog Shahnoza Jumaqulovaning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlar juda ko‘p kuzatiladi.

“Uyqu bu hayotiy sikldir. Uyqu vaqtida inson miyasi kun davomidagi olingan ma’lumotlarni qayta ishlaydi. Miyadagi neyronlar faoliyati yangilanadi.

Bolalarda esa bu holatda, asosiy aqliy funksional jarayon rivojlanadi. Ya’ni bunda, fikrlashi, xotirasi, nutqi, o‘sish faoliyatiga katta ta’siri bo‘ladi.

Yaxshi, to‘laqonli uyqudan keyin, inson o‘zini tetik va xotirjam his qiladi. Bolajonlarimizga ham etibor bersak, to‘yib o‘z vaqtida bitta rejimda uxlab turgan bola, hushchaqchaq, o‘yinqaroq, shodon va xotirjam kayfiyatda bo‘ladi. Uyquga to‘yib turgan bolajonlar jilmayib uyg‘onishadi. Ayniqsa yaqinlarini ko‘rishganida.

To‘yingan uyquga organizmdagi miya, go‘yoki yangi malumotlarni atrofdan olishga sayqallashga tayyor bo‘ladi.

Uyquning o‘z vaqtida organizmga yetishmasligi va uyqu siklining buzilishi “kognitiv” faollikni pasaytiradi. Bu holat, bolaning ruhiy va jismoniy rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.

Natijada esa bola, yangi ko‘nikmalarni egallashga tayyor bo‘lmaydi. Uyqu buzilishidagi sabablarni ikki toifaga bo‘lishimiz mumkin: fiziologik hamda psixologik.

Fiziologik, ya’ni organik kasalliklarning sababchi bo‘lishi va harakatlanuvchanlikning buzilishi.

Psixologik, bunda stress, depressiya holatlari hamda kuchli ruhiy zo‘riqish oqibatlarining ta’siri.

Agar bolada hech qanday kasalliklar alomati bo‘lmasa, ovqatlanishi va oshqozon hazm qilish funksiyasi normada bo‘lib, harakatlarida o‘ta sustlik yoki juda tezlik bo‘lsa, demak uyqu buzilishi sabablari psixikasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Chunki bolalar kattalarga nisbatan, uyqusi buzilishiga moyilroq bo‘lishadi. Ularda atrofdagi voqea hodisalarga ta’sirchanlik kuchli bo‘ladi. Kattalar vaziyatga bosiqlik va fakt bilan real qaraydigan bo‘lsa, bola bo‘layotgan hodisalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri, hayajon, qo‘rquv, xavotir va hissiyot bilan qabul qiladi.

Bola psixikasida hali himoya mexanizmlari to‘liq shakllanmagan bo‘ladi.

Boladagi uyqu buzilishi undagi ruhiy o‘zgarishlarning alomatlari ham bo‘lishi mumkin. Onaning ruhiyati xotirjam bo‘lmasa, uyqu buzilishi, stress, jahldor holatda bo‘lsa, o‘z-o‘zidan bolaga ta’sir qiladi. Misol uchun, asabiy kelinlarning emizikli bolasi ham asabiy bo‘ladi.

Chunki bolaga sutdan o‘tadi. Ona qanday holatda bo‘lsa, bola ham shunday bo‘ladi. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning psixologik holatini yaxshilash uchun psixologlar, albatta, bolaning onasi bilan ishlaydi. Negaki onaning psixologik, ruhiy holati bolada namoyon bo‘ladi.

Agar bu bola haqiqatan fiziologik sog‘lom bola bo‘lsa, ruhiy kechinmasi ona orqali o‘tadi. Yoki oilaviy holatlar, kattalarning kelishmovchiligi... Bola uxlaganda kun davomida boshidan o‘tkazgan, ko‘rgan-kechirgan voqealari miyasida aks etadi. Salbiy kechinmalar, ruhiy zo‘riqish bolaning uyqusi buzilishiga olib keladi”, deydi psixolog Jumaqulova.

Onaning bolasiga bo‘lgan e’tiborsizligi ham ruhiy zo‘riqishga olib kelishi mumkin. Misol uchun, ishga erta ketib, kech qaytadigan, kun davomida farzandi bilan suhbatlashmaydigan, bolasini “xodinokka” solib qo‘yib, uy yumushlarini bajarib yuradigan onalarning farzandlari ham onasi bilan yetarlicha birga bo‘lmagani, mehriga to‘ymagani sabab ruhiy zo‘riqishga uchraydi.

To‘qqiz farzandni voyaga yetkazgan Maston ayaning so‘zlariga ko‘ra, onaxon farzandlari biror marta kechasi uxlamay yig‘laganini, uxlatish uchun dori berganini eslay olmas ekan.

“Bizning davrimizda doktorlar ham dorilar ham bugungidek ko‘p emasdi. Bola ko‘tarib shifoxonaga borganimni ham eslolmayman. Ona qornidan tashqariga chiqqanidan so‘ng, bolaning ko‘nikishiga, moslashishiga vaqt ketadi. Qorni dam bo‘ladi, yig‘laydi, uyqusi buziladi. Moy surkab, massaj qilib tursanglar ichi yaxshi yurishadi, bolayam bezovta bo‘lmaydi, derdi bizdan kattalar. Qirq kun chillamda yaxshi qarardim. Har kun qorinchalarini avaylabgina massaj qilib, ko‘p-ko‘p emizardim. Shu bilan katta farzandlarim qo‘lma-qo‘l qilib, bolalarim katta bo‘lib ketaverishgan”, deydi onaxon.

Albatta, to‘qson yoshli onaxon yashagan vaqt bilan hozirni solishtirib bo‘lmaydi. Ekologiya ham, oziq-ovqat mahsulotlari ham avvalgidek emas. Bugungi odamlarning ham asablari avvalgilarnikidek mustahkam emas. Biroq ularning tajribasidan foydalanish, bolalarni imkon qadar tabiiy yo‘llar bilan uxlatish maqsadga muvofiq.

Tinch uxlashi uchun mutaxassislar bola uyqusini tartibga solishni (bir vaqtda uxlatib, bir vaqtda uyg‘otish), uyqu oldi aktiv o‘yinlardan uzoqlashtirib, sokin, stol o‘yinlari o‘ynatishni, telefon gadjetlardan foydalantirmaslikni, qo‘rqinchli kino va multfilmlar ko‘rsatmaslikni maslahat berishadi.

Shuningdek, bolangizni uxlatishga alohida vaqt ajrating. Uyqu oldidan peshona, bosh qismini yengilgina silash bolani tinchlantiradi. Hali chaqaloq bo‘lsa ham, unga ertak, alla aytib bering. Bolangiz sizning ruhiy holatingiz sokin ekanligini, mehringizni his etsin. Tushunmaydi deb o‘ylamang, u sizni his qila olishini unutmang!

                                                                       Charos Mannonova, jurnalist 

Ko‘proq yangiliklar: