AQSh yana barcha fuqarolarini Rossiyani tark etishga chaqirdi

Jahon 08:51 / 01.04.2023 8696

AQSh rasmiylari yana barcha fuqarolarini, shu jumladan jurnalistlarni Rossiyani tark etishga chaqirdi. «Hozir amerikaliklarning Rossiyada bo‘lish vaqti emas. Agar siz hozir Rossiyada bo‘lsangiz - xoh ish yoki dam olish, xoh qandaydir sayohatda bo‘ladimi - hozir ketishingiz kerak», - dedi Kirbi. «Rossiya siz uchun yaxshi joy emas, hatto jurnalist bo‘lib ishlasangiz ham. Rossiya hozir Amerika fuqarolari uchun dushman muhitga aylangan. Agar siz u yerda bo‘lsangiz, ketish vaqti keldi», dedi 31 mart, juma kuni Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.

Avvalroq Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarolarini Rossiyaga safar qilmaslik haqida bir necha bor ogohlantirgan. Masalan, Oq uy matbuot kotibi Karine Jan-Per 30 mart kuni shunday dedi: «Yana bir bor qat’iy ta’kidlamoqchimanki, amerikaliklar AQSh hukumatining Rossiyaga safar qilmaslik haqidagi ogohlantirishiga quloq tutishlari kerak». «Rossiyada yashayotgan yoki u yerga safar qilayotgan AQSh fuqarolari Davlat departamenti tavsiyasiga ko‘ra, zudlik bilan mamlakatni tark etishlari kerak», - deyiladi Jan-Perning bayonotida.

Endi Kirbi tavsiya amerikalik jurnalistlarga ham taalluqli ekanini alohida qayd etdi.

Tavsiya The Wall Street Journal (WSJ) gazetasining Rossiyadagi muxbiri Evan Gershkovichning hibsga olinishi bilan bog‘liq.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Moskvadagi «Lefortovo» tergov izolyatorida («SIZO») saqlanayotgan Gershkovich bilan uchrashishga erishish bo‘yicha urinishlarni davom ettirmoqda.

«Biz konsullik darajasida kirish imkoniga ega bo‘lmadik, elchixonamizdan hech kim u bilan uchrasha olmadi», — deya Jon Kirbining so‘zlarini keltirgan CNN. «Albatta, biz bu borada ishlashni davom ettiramiz va uning ahvolini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun konsullik ruxsati ololmagunimizcha buni davom ettiramiz», — deya qo‘shimcha qildi Oq uy koordinatori.

AQSh rasmiylari Rossiyaning «josuslik» haqidagi da’volari «bema’ni» va «mutlaqo kulgili» ekanligiga ishonchi komil.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Gershkovichning hibsga olinishi va unga qo‘yilgan ayblovlar Vashington uchun kutilmagan voqea bo‘lgan. Oldindan ogohlantirish va Rossiya jurnalistlarga qarshi jiddiy choralar ko‘rmoqchi ekaniga ishora ham yo‘q edi, dedi u. «Amerika fuqarosi Evan Gershkovich Rossiyada qo‘lga olingani haqidagi xavotirli xabarlardan chuqur xavotirdamiz», dedi Jan-Per.

The Wall Street Journal gazetasi jurnalisti Evan Gershkovichning Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olinganidan so‘ng, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati diplomatik va siyosiy eskalatsiya ehtimolini ko‘rib chiqishi kerak, deb yozadi WSJ. 30 mart oqshomida chop etilgan tahririyat maqolasiga ko‘ra, Rossiya elchisi, shuningdek, mamlakatda ishlayotgan barcha rossiyalik jurnalistlarning Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborilishi Vashingtondan bu borada kutilayotgan «minimal javob» bo‘ladi. 

Gershkovichni hibsga olish vaqti «AQShni sharmanda qilish va Rossiyada faoliyat yuritayotgan xorijiy matbuotni qo‘rqitish uchun» rejalashtirilgan provokatsiyadan dalolat beradi, deb hisoblaydi WSJ. Maqolada aytilishicha, Kreml Rossiya matbuoti ishini bostirgani sababli, xorijiy muxbirlar so‘nggi mustaqil axborot manbalari hisoblanadi. Mualliflarning fikricha, Gershkovichning hibsga olinishi uning yaqinda Rossiya iqtisodiyotining yomonlashayotgani haqidagi maqolasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. «Kreml bu haqida haqiqiy gaplar aytilishini xohlamaydi», deb taxmin qilgan Amerika gazetasi tahririyati. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 31 mart kuni WSJ tahririyatining rossiyalik barcha jurnalistlarni AQShdan chiqarib yuborish chaqirig‘iga munosabat bildirar ekan, bunday talablar «bema’nilik» va «noto‘g‘ri narsa» ekanini aytdi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada amaldagi akkreditatsiyaga ega bo‘lgan barcha xorijiy jurnalistlar «hech qanday cheklovlarga duch kelmayapti va yaxshi sharoitda ishlayapti». Biroq, Gershkovichning ishida, «gap jurnalist sifatidagi maxfiy faoliyat, mohiyatan josuslik faoliyati haqida bormoqda», deya qo‘shimcha qildi u. 

WSJ muxbirining Yekaterinburgda qo‘lga olingani 30 mart kuni ma’lum bo‘ldi. O‘sha kuni kechqurun Evan Gershkovich «josuslik» ishi bo‘yicha Moskvaning Lefortovo sudi qarori bilan 29 maygacha hibsga olingan. Gershkovich sovuq urush tugaganidan keyin Rossiyada josuslikda ayblanib, hibsga olingan birinchi xorijlik muxbir bo‘ldi.

Federal xavfsizlik xizmati («FSB») muxbir «Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagani»ni da’vo qilgan. Rossiya Jinoyat kodeksining «josuslik» moddasi 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutadi.

Ko‘proq yangiliklar: