Eng yangisi
AQSh dollarining inqirozi haqidagi so‘nggi xabarlar 2023 yilning mart oyida aylana boshladi va asosiy jamg‘armasini shu valutada saqlaydigan o‘zbekistonliklarni ham o‘ylantirib qo‘ydi. Bunga ikkita rasmiyroq sabab bor edi: Putin bilan Si Jinpingning Moskvada uchrashuvi paytida milliy pullardan foydalanishni kengaytirish maslahatlari va Xitoyning Braziliya bilan hisob-kitoblarda yuandan foydalanish rejalari.
Ammo jiddiyroq o‘ylab ko‘rilsa ma’lum bo‘ladiki, Rossiya bilan Xitoy bunday rejani hamisha tuzib kelishgan, qator loyihalarda muvaffaqiyatli qo‘llashgan ham. Lekin bu loyihalar asosan o‘zaro mahsulot ayriboshlash jarayonidagina faol ishlagan. Masalan, Rossiya ma’lum tabiiy boyliklarni yuanga sotadi va o‘rniga darhol Xitoy uskunalarini sotib oladi. Ya’ni bu o‘rinda har ikki davlatda zaxira valutasini yuanga yoki rublga o‘tkazish rejasi yo‘q. Davlatlaro yirik bitimlardan tashqari bevosita fuqarolarga aloqador maishiy oldi-berdilarda hamon dollar asosiy vositachi valuta bo‘lib turibdi.
Ikkinchi holat – Braziliya va Xitoy o‘rtasidagi savdoda ham shunga o‘xshash holat kuzatiladi, ya’ni faqat mahsulot ayriboshlash jarayonida qisqa muddatda yuandan foydalaniladi. Zaxira saqlash, boshqa davlatlar bilan hisob-kitoblarda darhol yuan konvertatsiya qilinadi.
Tarixdagi xabarlar
Dollar inqirozi haqidagi bundan oldingi global axborot oqimi 2007-2008 yillarda kuzatilgan. O‘shanda dollar dunyo bo‘ylab endi mavqeini yo‘qotishi, Amerika qit’asidagi qator davlatlar birgalikda “Amero” valutasini yo‘lga qo‘yishi haqida xabarlar tarqaldi. Biroq keyinchalik ma’lum bo‘ldiki biror davlatning rahbariyati yoki markaziy bankida bu borada aniq reja yo‘q, aksincha, barcha davlatlar asosiy zaxiralarini dollarda shakllantirishgan, ya’ni bu inqiroz birinchi navbatda ularning o‘zlariga zarar keltiradi.
Aslida iqtisod olamida bunday tebranishlar har doim, yaqin 50 yil ichida juda ko‘p kuzatilgan. Eng jiddiysi 1971 yilda, dollar endi AQSh tomonidan oltinga erkin almashtirilmaydigan bo‘lganidan so‘ng bo‘lib o‘tgan. O‘sha yili AQSh prezidenti Nikson dunyoning istagan markaziy bankidan kelgan 35 dollar uchun bir troya unsiyasi hisobida oltin berishni nazarda tutuvchi Bretton-Vud tizimini to‘xtatadi. Bu holat o‘z zaxiralarining katta qismini dollarda saqlab turgan va istagan paytda oltinga almashtira olishiga ishongan ko‘plab davlatlarda vahima tug‘diradi. To‘g‘ri, o‘sha payt 10 foiz atrofida dollar inflatsiyasi kuzatiladi, oltin shu yilning o‘zida 38 dollarga, keyingi ikki yilda 42 dollarga ko‘tariladi. Lekin AQSh dollari dunyo iqtisodiyotida asosiy o‘yinchi maqomini saqlab qoladi. Chunki bu paytga kelib boshqa raqobatchining o‘zi ham yo‘q, tobora rivojlanib borayotgan moliya tizimining oldi-berdi jarayonlarini faqat oltin bilan ta’minlab turish amalda ilojsiz edi.
Dollar inqirozi deganda aslida nimani tushunamiz?
Mana shu yerda nozik jihat bor. Ko‘plab o‘zbekistonliklarni qiynayotgan savolning o‘zi mavhum. Agar dollar inqirozi deganda ma’lum kunda, ma’lum onda bu valutaning umuman o‘tmay qolishi, SSSR va Mustaqil O‘zbekiston tarixida kuzatilganidek, almashib ketib, oddiy qog‘ozga aylanishini nazarda tutsak, bu mutlaqo ilojsiz holat. Chunki biror davlat, biror tizim va biror fuqaro bundan manfaatdor emas. Hatto bugungi kunda AQShning (ya’ni dollarning) birinchi raqamli dushmaniga aylanib olgan Rossiya ham o‘z tabiiy boyliklarini, ya’ni amalda butun eksportini dollarda amalga oshiradi va zaxira qiladi.
AQSh Federal zaxira tizimi shunday ish olib boradiki, ikki yuz yil oldingi dollar olib borilsa ham har bir bank qabul qilishi shart va hamma bunga qat’iy amal qiladi. So‘nggi 50 yilda AQShning o‘zida kamida 9 marta retsessiya kuzatilgan bo‘lsada, dollarning dunyoviy maqomi o‘zgarmagan.
Qiziq ma’lumot: dunyodagi mahsulot ayriboshlashning 80 foizgacha qismi u yoki bu shaklda dollarga bog‘lanib amalga oshiriladi.
Dollarning inqirozi amalda uning parvozi
Ha, shunday holat ham kuzatilgan. 2008 yilda AQShda boshlangan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz tez orada butun dunyoni qamrab oldi. Shundan oldingi davrda “Amero”dan hayiqib turganlar, dollarning “o‘tmay” qolishini bashorat qilayotganlar amalda butunlay boshqa manzaraga guvoh bo‘lishdi. An’anaviy mulklarning bahosi tushib, dollar qadri keskin oshib ketdi. AQShning o‘zida ko‘chmas mulklar uch barobargacha, O‘zbekistonda ikki barobargacha arzonlashdi. Aksiyalar pufagi yorildi va kechagina juda salohiyatli deb baholangan kompaniyalarning aksariyati butunlay yo‘qolib ketdi, eng yiriklari ham bir necha barobar “ozgan” holda tirik qolishdi.
Ko‘pchilik tarixiy parallellarni solishtira boshladi. AQShda o‘ttizinchi yillarda ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan va tarixda “Buyuk depressiya” degan nom qoldirgandi. O‘shanda ham moliyaviy o‘yinlarga pul tikkanlarning deyarli barchasi xonavayron bo‘lishgan, hukumat ishsizlikni jilovlash uchun yirik loyihalar boshlab yuborgan va “Kunlik taom+1 dollar” shaklida rag‘batlantirib, jon saqlab qolishlariga imkon bergandi.
Kriptovalutalar dollarni sindiradimi?
Kriptovalutalar chiqishi va ommalashishi bilan ko‘pchilik yana dollar inqirozi haqida gapira boshlagandi. Ayniqsa bitkoinning parvozi tez orada dunyo bozori yangi yetakchini kutib olishi haqidagi fikrlarni jonlantirib qo‘ydi. Biroq o‘sib borgan kriptovalutalarning o‘zi ham tez orada inqirozga yuz tuta boshladi, narxlarning keskin tushishi kuzatildi, ayrimlari butunlay bozordan chiqib ham ketdi. Bu jarayonda ularning shunchaki vositalardan biri ekanligi, asosiy o‘yinchi bo‘lishiga hali ancha borligi ma’lum bo‘ldi.
Xo‘sh, nima qilish kerak?
Avvalo vahimaga tushmang. Chindan ham qo‘rqsa arzigulik bir necha yuz ming, yoki million dollarni saqlab turgan bo‘lsangiz, aqlingiz va shaxsiy tajribangiz yetarli, maslahatga muhtoj emassiz. Dollarni o‘z o‘rnida ishlatish, qadrini saqlab qolish va oshirish bo‘yicha hamma o‘z uslubini qo‘llagani ma’qul. Lekin ko‘chmas mulk, oltin kabi nisbatan barqaror yo‘nalishlar bundan buyon ham o‘zini oqlash ehtimoli yuqori.
O‘zbekistonda yirik oldi-berdilar asosan dollarda amalga oshirilishi fonida oxirgi xabarlar chindan ham ko‘pchilikni o‘ylantiryapti. Biroq unutmangki bunday xabarlar doim ham bo‘lgan va bo‘laveradi.
Abror Zohidov