Turkiya parlamenti Finlandiyaning NATOga kirishini ma’qulladi

Jahon 08:49 / 31.03.2023 6451

Turkiya parlamenti 31 mart, jumaga o‘tar kechasi Finlandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni ratifikatsiya qildi. Tegishli qaror uchun 276 nafar turkiyalik deputat ovoz berdi, hech kim bunga qarshi chiqmadi. Hujjat hali Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan imzolanishi kerak.

Turkiya Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo 30 davlat ichida Finlandiyaning unga qo‘shilishini ma’qullagan oxirgi davlat bo‘ldi. Shu hafta boshida Vengriya parlamenti Finlandiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi.

NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg protokolning Turkiya parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishini olqishlab, bu harbiy ittifoqni «kuchliroq va xavfsizroq» qilishini aytdi.

Shvetsiya va Finlandiya 2022 yil may oyida Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi munosabati bilan an’anaviy betaraflikdan voz kechdi va NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. Shvetsiya tomonining arizasi hozircha na Vengriya, na Turkiya tomonidan ma’qullanmagan.

Ukrainadagi urush hattoki yaqin kunlarda tugasa ham, xavfsizlik muhiti uzoq muddatga o‘zgardi. Bunday bahoni NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg 21 mart kuni alyansning Bryusseldagi shtab-kvartirasida NATOning 2022 yildagi faoliyati natijalarini taqdim etgan matbuot anjumanida bildirdi.

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, «asosiysi Shvetsiya va Finlandiya tezda NATOning to‘laqonli a’zosiga aylanishlaridir». Bu mamlakatlarning ittifoqqa qabul qilinishi ularni xavfsizroq, NATOni esa kuchliroq qiladi. Bundan tashqari, bu qadam alyans eshiklari ochiqligini ko‘rsatadi, deya ta’kidladi tashkilot Bosh kotibi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga izoh berar ekan, Stoltenberg G‘arb ittifoqchilari uchun «bu shok bo‘lgani, ammo kutilmagan holat bo‘lmaganini» ta’kidladi. «Bu [Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi] tajovuzkor harakatlar modelining cho‘qqisi bo‘ldi», deb tushuntirdi NATO Bosh kotibi.

Ko‘proq yangiliklar: