Toshkentda «Xalqaro chiqindilarsiz dunyo kuni» munosabati bilan «Zero waste» respublika ekoaksiyasiga start berildi

O‘zbekiston 11:00 / 31.03.2023 5381

O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi 30 mart — Xalqaro chiqindisiz kun (International Day of Zero Waste) munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida keng jamoatchilik bilan birgalikda yugurish orqali chiqindilarni saralab yig‘ish – «plogging» tadbirlarini o‘tkazdi.

Toshkent shahrida tashkil etilgan tadbirning tantanali ochilish marosimida tabiat resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov so‘zga chiqib, mamlakatda ilk bor tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbir hududlar ozodaligini ta’minlashga, jamoatchilikda bu borada daxldorlik hissini uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidladi.

«Chiqindilar sektori iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillik nobud bo‘lishi hamda atrof muhit ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha bir kunda 19-20 ming tonna chiqindi hosil bo‘lmoqda. Chiqindilar turli metallar, shisha idishlar, makulatura, plastik, oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan iborat bo‘lib, ularning faqat 32 foizi qayta ishlanmoqda», deydi Obidjon Qudratov Respublika «Zero Waste» aksiyasiga start berar ekan.

Tadbirda vazirlik markaziy apparati, vazirlik huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi va Gidrometeorlogiya agentliklari, Toshkent shahar boshqarmasi, tizim tashkilotlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi xodimlari, shuningdek, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi direktori Boris Erg, Global yashil o‘sish instituti (GGGI)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Aaron Rassel, Fransiya taraqqiyot agentligining Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Vensan Kopan, «Coca-Cola» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Serkan Dilek ishtirok etdi.

Toshkent shahridagi «Zero Waste» aksiyasi doirasida Mirzo Ulug‘bek tumani Istiqlol va Maxtumquli ko‘chalari chorrahasida joylashgan istirohat bog‘ida aksiya ishtirokchilari hududdagi plastik butilkalar, alyumin bankalar, makulatura va o‘ramlardan faol tozalandi.

Bugungi kunda dunyo miqyosida chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik masalalardan biriga aylanib ulgurgan. Shu bois, Turkiya davlati 105 ta boshqa davlatlar bilan birgalikda butunjahon chiqindisiz kunini belgilash haqidagi rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusini ilgari surdi va BMT Bosh Assambleyasi 2022 yil 14 dekabrdagi majlisida 30 martni har yili nishonlanadigan «Xalqaro chiqindisiz kun» deb e’lon qilish to‘g‘risida rezolyutsiyani qabul qildi.

Ushbu sanani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — keng jamoatchilikning chiqindilarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va bu orqali chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, qayta ishlash bo‘yicha tushunchlarni shakllantirish, barqaror iste’mol va ishlab chiqarish modellarini targ‘ib qilish, aylanma iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Urbanizatsiya jarayoni jadallashib, shaharlar kengayayotgan, aholi soni o‘sayotgan va uning ehtiyojini qondirish uchun millionlab turdagi tovarlar ishlab chiqarilayotgan bir paytda chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi eng katta ekologik muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Olib borilayotgan ekologik nazorat va targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan bugungi kunda aholi tomondan qattiq maishiy chiqindilarni duch kelgan yerlarga tashlab ketish, aholi punktlarida, magistral yo‘l yoqalarida, dala maydonlari chetlarida, suv havzalari qirg‘oqlarida noqonuniy chiqindixonalar hosil bo‘lishi davom etmoqda.

Raqamlarga murojaat qilinsa, 2020 yil 28,9 ming, 2021 yil 18,7 ming, 2022 yilda 20,3 ming nafardan ziyod fuqarolar chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlagani uchun ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan.

30 mart — Xalqaro chiqindisiz kunni o‘tkazish orqali chiqindisiz tashabbuslarni ilgari surish 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanishning kun tartibidagi barcha maqsad va vazifalarni, jumladan, 11-maqsad hamda 12-maqsadga erishishga ham katta hissa qo‘shadi. Ushbu maqsadlar ekologik barqarorlikni ta’minlaydi hamda iste’mol va ishlab chiqarishning oqilona modellariga o‘tish uchun xizmat qiladi.

Chiqindisiz tashabbuslar ularni to‘g‘ri boshqarish, chiqindilar hosil bo‘lishini minimallashtirish va oldini olish, ekologik inqirozni bartaraf etish, atrof muhitni muhofaza qilish, inson salomatligi va farovonligini yaxshilashga yordam beradi.

Ma’lumot uchun: 2019 yildan buyon respublikamizda har yili sentabr oyining uchinchi shanba kuni «Butunjahon tozalik kuni» munosabati bilan hududlarda aholining turli qatlamlari, ayniqsa yoshlarni keng jalb qilgan holda chiqindilarni yugurish orqali saralab yig‘ish tadbirlari – «Plogging» o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, 2022 yilda respublika bo‘ylab 515 ta manzilda o‘tkazilgan tadbirda 100 ming nafardan ortiq ishtirokchi, 2 964 ta maxsus texnika yordamida 6 661 ga yer maydonidan jami 40 503,6 tonna qattiq mashiy chiqindilar yig‘ilib, belgilangan tartibda utilizatsiya qilindi.

Tabiat resurslari vazirligi tomonidan 30 mart — Xalqaro chiqindisiz kun (International Day of Zero Waste) munosabati bilan bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borilishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: