Rossiya demokratik davlat bo‘la oladimi?

Nuqtayi nazar 15:28 / 31.03.2023 232446

Rossiya jang maydonida o‘zi kutgan muvaffaqiyatga erisha olmadi. Ukrainadagi urush Vladimir Putin rejimining kuchi va chidamliligini sezilarli darajada pasaytirdi. Harbiy muvaffaqiyatsizliklar, ko‘plab qurbonlar va iqtisodiy holatning yomonlashuvi uning hokimiyatini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Rossiya armiyasidan foydalanish orqali Putin jamiyatda katta ishonch omborini yaratgan edi. Rossiya jamoatchiligi Checheniston, Gruziya, Ukraina (2014 yildagi harbiy harakatlar) va Suriyada harbiy kuchlarning nisbatan muvaffaqiyatli harakatlariga guvoh bo‘lishdi. O‘tmishdagi bu harbiy amaliyotlarda oddiy aholidan hech qanday qurbonlik talab etilmagan. Rossiyaliklar Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya” ham xuddi shunday bo‘lishini kutishgandi. Biroq urush “qisman safarbarlik”kacha borib yetdi va urushga ketgan oddiy fuqarolar sanoqli kunlardan keyin frontda paydo bo‘ldi. Qurbonlarning oshib borishi esa, hukumatni jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovidan mahrum qilishi mumkin.

Xo‘sh, Vladimir Putindan keyingi Rossiyada sisyosiy tizim qanday shakllanadi?

Bir qancha omillar Rossiyaning demokratik davlatga aylanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Birinchidan, imperialistik mentalitet. Rossiya insoniyat tarixidagi eng yirik imperiyalardan biri bo‘lgan va uni tiklash kayfiyati hali ham mavjud. Pyotr I yoki Yekaterina II hukmronligi davri ham Rossiyaning yevropalashgan mamlakatga aylanishi yoki dvoryanlarga erkinliklar berilishi bilan emas, balki birinchi navbatda harbiy muvaffaqiyatlar va hududiy yutuqlar tufayli Rossiya tarixidagi buyuk davrlar sifatida tavsiflandi. Shu jihatdan, Gorbachyov davridagi erkinlik va oshkoralik siyosati sobiq sovet davlati hududining muhim qismini yo‘qotish fonida “unutilgan”. Aksincha, Putinning 2000-yillarda Chechenistonni Rossiya izmida saqlab qolishi va 2014 yilda Qrimni qo‘shib olishdagi muvaffaqiyati uni hurmatli rahbarga aylantirdi.

Ikkinchidan, demokratiya Rossiyaning parchalanishiga olib kelishi mumkin. Chunki mamlakatdagi farqlanuvchi etnik guruhlar bir hududga to‘plangan va o‘zlarining «core state» (o‘zak davlat)lariga yaqin joylashgan. Xususan, Turkiyaga yaqin joylashgan hududda istiqomat qiluvchi chechenlar yoki Xitoyga yaqin hududda yashovchi buryut va tuvaliklar.

Uchinchidan, Rossiya tarixida to‘la inklyuziv institutlar hech qachon bo‘lmagan. Rus tarixining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri ham shundaki, shaxslarning roli mamlakatda muhim ahamiyat kasb etib keladi. Asrlar davomida davlat va hukmdor siymosi o‘zaro bir-biri bilan bog‘langan. Mamlakatda kollektiv birlashmalar muhim rol o‘ynamagan. Natijada hokimiyatning kuchli shaxsiylashtirilishi yuz bergan. Muxolifatga “sotqin”, “xalq dushmani”, “xorijiy agent” sifatida munosabatda bo‘lish va uning ijobiy ahamiyatini mutlaq inkor etish demokratiya o‘rnatilishiga o‘ziga xos to‘siq vazifasini o‘tab keladi.

To‘rtinchidan, sovuq urushdan keyingi ikkita o‘n yillikni inobatga olmaganda, Rossiya iqtisodiyoti butun tarixi davomida resurslarga bog‘liq holda rivojlangan. Oldin bug‘doy yoki oltin, hozirda esa neft va gaz eksporti davlat g‘aznasini to‘ldiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi. Ushbu holatda davlat asosan qayta taqsimlovchi rolini o‘ynaydi. Fuqarolar iqtisodiy jihatdan davlatga qattiq bog‘langan. Aholining katta qismi boylik yaratmaydigan, balki uni iste’mol qiladigan mamlakatda demokratik institutlarni tashkil qilish murakkab hisoblanadi.

Doston Ahrorov

Ko‘proq yangiliklar: