XVJ: Ukrainadagi urush tufayli global YaIM o‘sishi 3 foizdan kam bo‘ladi

Jahon 13:02 / 30.03.2023 2776

Ukrainadagi urushning oqibati, shuningdek, dunyo davlatlari tomonidan pul-kredit siyosatining keskinlashuvi 2023 yilda global iqtisodiy o‘sishning 3 foizdan kam bo‘lishiga olib keladi. Bunday prognozni Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) rahbari Kristalina Georgiyeva 30 mart, payshanba kuni Boao Osiyo forumida aytib o‘tdi.

«Jahon iqtisodiyoti ancha vaqtdan beri notinch muhitda bo‘lib, shok ortidan shokni boshdan kechirmoqda. Biz 2023 yilni yana bir qiyin yil bo‘lishini kutmoqdamiz», dedi u.

«Uzoq davrdagi past foiz stavkalaridan inflatsiyaga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan ancha yuqori stavkalarga tez o‘tish ba’zi rivojlangan iqtisodiyotlarda muqarrar ravishda bank sektorida notinchlikni keltirib chiqardi va siyosiy qarorlarni yanada qiyinlashtirdi», deb davom etdi XVJ rahbari. Uning fikricha, jahon iqtisodiyotini kutayotgan qiyinchiliklarni yengishning yagona yo‘li hamkorlik va hamjihatlikdir.

Globallashuvning jahon iqtisodiyoti, jumladan, Osiyo mintaqasidagi davlatlarning rivojlanishi nuqtayi nazaridan qanday foyda keltirayotganini eslab, Georgiyeva ogohlantirdi: «Ammo biz globallashuvning afzalliklari mamlakatlar va odamlar o‘rtasida teng taqsimlanmaganini ham tan olishimiz kerak. ta’minot zanjirlari yanada ishonchli va diversifikatsiyalangan bo‘lishi kerak».

30 yanvar kuni XVJ 2023 yilda jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sishi prognozini 2,9 foizgacha yaxshiladi. Bu 2022 yil oktyabr oyida kutilganidan 0,2 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, tashkilot 2024 yilga mo‘ljallangan global yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozini 0,1 foizga pasaytirib, 3,1 foizga tushirdi. Ikkala ko‘rsatkich ham 2000-2019 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past (3,8 foiz).

21 mart kuni XVJ Kiyev bilan Ukrainaga 15,6 milliard dollar miqdorida to‘rt yillik kredit dasturini kelishib olganini ma’lum qildi. Bloomberg eslatishicha, bu fond tarixidagi harbiy harakatlar ketayotgan davlatga ajratilgan birinchi kredit bo‘ldi.

Ukraina Milliy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oxirida mamlakatning tashqi qarzi 132 milliard dollarni tashkil etib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 89 foiziga yetgan.

Ko‘proq yangiliklar: