Turkiyada 6 fevraldan beri 22,5 mingga yaqin zilzila qayd etildi

Jahon 19:28 / 30.03.2023 5713

6 fevralda episentri Turkiyaning Qahramonmarash shahrida bo‘lgan halokatli zilziladan keyin ham ko‘plab yer silkinishi kuzatilgan. Turkiya Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va oldini olish boshqarmasi (AFAD) rahbari Yunus Sezer so‘zlariga ko‘ra, yer silkinishlari soni 22,5 mingga yetadi.

Qayd qilinishicha, Qahramonmarashdagi zilzila 1668 yilda Shimoliy Anadolu va 1939 yilda Erzinjonda sodir bo‘lgan shunga o‘xshash hodisalardan keyin uchinchi yirik tabiiy ofat hisoblanadi.

AFAD rahbari zilzilalar mintaqada yashovchi 15 millionga yaqin fuqaroga bevosita ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.

«7,7 magnitudali birinchi zilzila davomiyligi 65 soniya, 7,6 magnitudali ikkinchi zilzilaniki esa 45 soniyani tashkil etdi. Ayni damda 22,5 mingga yaqin yer silkinishi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich AFAD tomonidan yil davomida qayd etilgan o‘rtacha zilzilalar soniga teng. 5 dan 6 ballgacha bo‘lgan silkinishlar soni 47 tani tashkil etdi. Ikkala zilzila oqibatida yer ustida 400 km uzunlikda yoriqlar paydo bo‘ldi, yer qobig‘ida 7,5 metrgacha siljish hosil bo‘ldi», dedi Sezer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qahramonmarashdagi zilzila oqibatida 56 426 ta bino vayron bo‘lgan yoki zudlik bilan buziladi, 206 452 ta bino jiddiy, 48 984 tasi o‘rta va 516 352 tasi yengil zarar ko‘rgan.

Sezer, qidiruv-qutqaruv ishlari ortidan birinchi bosqichda mintaqaga 160 ming chodir yuborilganini qayd etdi. Ayni paytda 610 mingga yaqin chodir o‘rnatilgan, 289 ta maydonchaga 45 ming konteyner joylashtirilgan.

Birinchi bosqichda zilziladan jabr ko‘rgan 2 million 800 ming kishi boshpanalarga joylashtirilgan, hozirda 2,5 million kishi. Yana 800 ming jabrlanganlar mintaqadan tashqarida joylashtirildi, dedi Sezer.

6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita halokatli zilzila sodir bo‘ldi. Unda qurbon bo‘lganlar soni 50 mingdan oshdi.

Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Kipr, Gretsiya va Iroqda ham sezildi.

Ko‘proq yangiliklar: