Prokuratura va qamoqxonalar Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tishi kutilmayapti – Akbar Toshqulov

O‘zbekiston 18:16 / 30.03.2023 8209

28 mart kuni Adliya vazirligida vazir Akbar Toshqulovning OAV va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Jurnalist Sharofiddin To‘laganov besh yil muqaddam adliya va prokuratura organlari birlashtirilishi, qamoqxonalar vazirlik tasarrufiga o‘tkazilishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar tarqalganini eslatib, bugungi kunda bu borada o‘zgarishlar bor-yo‘qligi bilan qiziqdi.

“Dunyodagi ko‘plab davlatlarda, xususan, AQSh yoki Yevropaning qator mamlakatlarida barcha kuchishlatar tuzilmalar Adliya vazirligi tizimiga kiritilgan. Shuning uchun ham bir qancha davlatlarda qamoqxonalar ham kuch tuzilmalari tarkibida. Bizda esa kuchishlatar tuzilmalar alohida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar alohida.

Bu narsani o‘zgartirish oson emas. Mamlakatlarning huquq tizimi yuz yillar, ikki yuz yillar davomida shakllanadi. Dunyoda asosan ikkita huquq tizimi bor: anglo-sakson va romano-german.Ular bir-biridan tubdan farq qiladi. Shuning uchun qaysidir huquq tizimidan nimanidir birdaniga ko‘chirib olishning umuman imkoniyati yo‘q”, deya ta’kidladi Akbar Toshqulov.

Adliya vazirining ishontirishicha, O‘zbekistonda prokuratura organlari va jazoni ijro etish muassasalarini vazirlik tasarrufiga o‘tkazish rejada yo‘q. Vazir fikrini ushbu yo‘ldan borgan Qozog‘iston yana eski tizimga qaytgani bilan dastaklagan.

“Qamoqxonalar faoliyatiga oid hamma ma’lumotlarni ochiqlab bo‘lmaydi. Bu muassasalar kuchishlatar tuzilmalar nazoratida bo‘lishi kerak. Sababi u yerda namunali fuqarolarimiz o‘tirgani yo‘q.

O‘zbekistonda shakllangan huquq tizimini o‘zgartirish bo‘yicha ayni paytda hech qanday reja yo‘q. [Qamoqxonalar va prokuratura organlarining Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi bo‘yicha] hech qanday yangilik kutilayotgani yo‘q. To‘g‘ri, ba’zi qo‘shni respublikalarda shu narsani o‘zgartirib ko‘rishdi, lekin yana orqaga qaytishdi. Masalan, Qozog‘istonda shunday bo‘ldi. Shu bois buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak”, deydi Akbar Toshqulov.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yili bir qator jinoyatlarda ayblanib qo‘lga olingan Otabek Murodov o‘rniga Nig‘matulla Yo‘ldoshev bosh prokuror etib tayinlanganini e’lon qilarkan, olti oydan keyin kelib, u nimani o‘zgartirganini aytishini, tizimni tozalashini, yaxshi takliflar berishini kutishini ta’kidlagandi.

«Bunaqa ketishda bo‘lsa, prokuratura tizimini mutlaqo qisqartirib yuboraman, ko‘proq vakolatni adliya tizimiga beraman”, degandi davlat rahbari o‘shanda.

2019 yili Ruslanbek Davletov jazoni ijro etish muassasalarining Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazilish ehtimoli haqidagi savolga javoban qamoqxona va koloniyalarning bo‘ysinuvi bo‘yicha organ o‘zgargani bilan tizim o‘zgarib qolmasligi, yaqin va o‘rta kelajakda bu masala ko‘rib chiqilmasligini bildirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: