O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich: davlat qarzi 29 mlrd dollardan oshdi

Iqtisodiyot 18:18 / 30.03.2023 43506

2023 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 29,2 mlrd dollarga yetdi. Bu – mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Davlat qarzi 2022 yil 3-choragiga nisbatan 3,1 mlrd dollarga ko‘paygan, YaIMga nisbatan ulushi ham 2,3 foizga oshib 34,1 foizdan 36,4 foizga yetgan. Taqqoslash uchun, 2022 yilning 1 oktabr holatiga davlat qarzi 26,2 mlrd dollarni tashkil etgan.

Davlat qarzining umumiy miqdori yildan yilga oshayotgan bo‘lsa-da, uning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 2020 yildan keyingi davrda kamaygan.

Jahon banki (JB) prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘zining qarz olish cheklovlariga rioya qilishda davom etishi kutilmoqda. Davlat qarzi va umumiy tashqi qarz 2024 yil oxiriga kelib YaIMning mos ravishda 32 va 55 foizigacha bosqichma-bosqich kamayishi mumkin.

Nega davlat tashqi qarzi keskin oshdi?

Birinchidan, O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ko‘lami doimo o‘sib boruvchi xarakterga ega. Bu kabi vazifalarni amalga oshirish uchun davlatda 2 ta muqobil yechim mavjud: soliqlarni oshirish yoki tashqi qarz va investitsiya mablag‘larini jalb qilish.

Soliqlarni oshirish istiqbolda iqtisodiyotni rivojlantirish rag‘batlariga putur yetkazishi hisobga olinsa, ko‘plab rivojlangan davlatlar ikkinchi yo‘lni tanlashni afzal ko‘rishadi.

Ikkinchidan, kovid va postkovid davri dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tashqi qarz o‘sishiga olib keldi. Xususan, ushbu omillar ta’sirida 2020 yilda qarz jalb qilish miqdori keskin oshganini (17,8 mlrd dollardan 23,4 mlrd dollarga) ko‘rish mumkin.

Uchinchidan, davlat budjeti taqchilligining oshib borayotgani. 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich YaIMning 3,9 foizini yoki qariyb 35 trln so‘m tashkil etdi.

2023 yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan bitimlarning umumiy qiymati 4,5 mlrd dollarni tashkil qilishi, shundan davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, budjet taqchilligi uchun 2 mlrd (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mlrd dollarga kam), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun esa 2,5 mlrd dollar (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mln dollar ko‘p) jalb qilinishi belgilangan.

Xatarlar

2022 yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra, davlat tashqi qarzi portfeli valuta tarkibining 74,8 foizi – AQSh dollari, 8,2 foizi – Yaponiya iyenasi, 7,7 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 4,7 foizi – yevro, 1,8 foizi – o‘zbek so‘mi, 2,8 foizi – boshqa valutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ya’ni davlat qarzining 90 foizdan ortiq qismi xorijiy valutada jalb qilingan. Valuta kursining keskin o‘zgarishi va o‘zbek so‘mining ehtimoliy qadrsizlanishi xizmat ko‘rsatish xarajatlari va miqdoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, global inflyatsion holat fonida Markaziy banklarning qattiqlashtirish siyosati va foizlarni oshirishi xalqaro bozorlarda qarz va kapital narxini keskin qimmatlashtirib yubordi. Bu esa O‘zbekistonga o‘xshagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tashqi qarz jalb qilishni qiyinlashtiradi.

Oldin O‘zbekiston asosan qattiq belgilangan stavkalarda tashqi qarz jalb qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda o‘zgaruvchan stavkalarda mablag‘ jalb qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa risklarni oshiradi.

Ma’lumot uchun, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi belgilangan. Ammo 60 foizlik me’yor xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan berilgan tavsiyagina hisoblanib, aniq va jiddiy hisob-kitoblarga asoslanmagan.

Ko‘proq yangiliklar: