Germaniyada himoya so‘ragan xorijliklar soni 3 milliondan oshdi

Jahon 16:55 / 30.03.2023 5326

2022 yil oxiridagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyada himoya so‘rab ro‘yxatga olingan xorijliklarning uchdan bir qismi ukrainaliklardir.

Germaniyada himoya so‘rab ro‘yxatga olingan chet el fuqarolari soni 2022 yilda 1,14 millionga oshib, rekord darajadagi 3,08 millionga yetdi. Bu haqda 30 mart, payshanba kuni Visbadendagi Federal statistika boshqarmasi ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu sohadagi bunday sezilarli o‘sish - 2007 yilda bunday statistik ma’lumotlar boshlanganidan beri eng kattasi - Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq. Federal statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Germaniyada himoyaga muhtoj 1,01 million ukrainalik ro‘yxatga olingan. Byurokratik tartib-qoidalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ular, dunyoning boshqa mamlakatlari fuqarolaridan farqli o‘laroq, Germaniyadan boshpana so‘rash uchun rasmiy ariza topshirishlari va qochqin maqomi berilishini kutishlari shart emas.

Germaniyada «himoya izlovchilar» maqomi u yerda humanitar, siyosiy yoki xalqaro huquqiy sabablarga ko‘ra bo‘lgan xorijliklarga tegishli. 2022 yil oxiriga kelib Germaniyada 2,25 million xorijlik insonparvarlik nuqtayi nazaridan himoyaga muhtoj bo‘lgan.

Ayni paytda 570 ming kishi, jumladan 271 ming ukrainalik uchun 2022 yil oxirida Germaniyada bo‘lish maqomi aniqlashtirilmagan. O‘sha paytda Germaniyada boshpana taqdim etish bo‘yicha rad javobi berilgan 255 ming xorijlik bo‘lgan, bu esa ularni mamlakatni tark etishga majbur qiladi.

Federal statistika boshqarmasining 2022 yil oxiridagi ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada himoya so‘ragan barcha chet elliklarning uchdan bir qismi (1,01 million kishi) ukrainaliklardir. Ularning uchdan bir qismini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar, uchdan bir qismini 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan mehnatga layoqatli yoshdagilar tashkil etadi. Himoya so‘ragan Ukraina fuqarolarining qariyb 64 foizi qizlar va ayollardir, deyiladi hisobotda. Taqqoslash uchun: Germaniyada himoya izlayotgan barcha chet elliklar orasida bu ko‘rsatkich pastroq - taxminan 50 foiz.

Ko‘proq yangiliklar: