Rossiya maxsus xizmatlari Italiyada Artem Ussning qochishini tashkillashtirgan bo‘lishi mumkin

Jahon 12:10 / 29.03.2023 6057

Italiyada AQSh talabi bilan hibsga olingan, Krasnoyarsk gubernatori Aleksandr Ussning o‘g‘li, rossiyalik tadbirkor Artem Uss sheriklari yordamida uy qamog‘idan qochishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi 28 mart, seshanba kuni Italiya OAV. Shu bilan birga, tergovchilar qochib ketishda Rossiya maxsus xizmatlarining ishtiroki borligini istisno qilmayapti, deb yozmoqda Corriere della Sera va La Repubblica gazetalari tergovga tayanib.

Corriere della Sera ma’lumotlariga ko‘ra, Milan apellyatsiya sudi 21 mart kuni Ussni AQShga ekstraditsiya qilishni ma’qullaganidan ikki kun o‘tib, u elektron bilaguzugini sindirib, kvartirani ijaraga olgan uydan ryukzak bilan chiqib ketgan va o‘zini kutib turgan mashinada qochib ketgan.

Tergov taxminiga ko‘ra, Uss qochib ketgan joydan bir necha kilometr uzoqlikda mashinasini almashtirib, qo‘shni davlatlardan biri - ehtimol, Shveytsariya yoki Sloveniya chegarasiga yetib kelgan.

Milan prokuraturasiga ko‘ra, Krasnoyarsk gubernatorining o‘g‘li sud taqiqini buzgan holda mobil telefondan foydalangan. Tergovchilar rossiyalik tadbirkorning sheriklari tarmog‘ini fosh qilish maqsadida qo‘ng‘iroqlarni aniqlashga harakat qilmoqda, deb yozadi Corriere della Sera.

Artem Uss 2022 yil oktyabr oyida AQSh rasmiylarining iltimosiga binoan Milan aeroportida qo‘lga olingan edi. Qo‘shma Shtatlar rossiyalik tadbirkorni Amerika harbiy texnologiyalarini noqonuniy eksport qilish va pul yuvishda ayblayapti. U bilan birga Germaniyada hibsga olingan biznes sherigi Yuriy Orexov va yana uch nafar rossiyalik ishda ishtirok etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: