Rossiya budjet xarajatlarining uchdan bir qismini maxfiylashtirdi

Jahon 10:23 / 29.03.2023 3976

Rossiya 24 mart holatiga ko‘ra 2,4 trillion rublni tashkil etgan budjet xarajatlarining uchdan bir qismi haqidagi ma’lumotni oshkor qilmayapti. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Bu haqda 28 mart, seshanba kuni Bloomberg agentligi Rossiya budjet tizimining yagona portaliga tayanib xabar berdi.

Bloomberg'ning oldingi hisob-kitoblariga ko‘ra, butun 2023 yil uchun federal budjet loyihasi xarajatlarning chorak qismini (6,6 trillion rubl) maxfiylashtirishni o‘z ichiga oladi. Maxfiy xarajatlarning rekord darajadagi yuqori ulushi Ukrainadagi urush bilan bog‘liq xarajatlar oshganidan dalolat beradi, deydi iqtisodchi Aleksandra Suslina. Uning fikricha, pulni ham urushga, ham annexia qilingan hududlarni saqlab qolish uchun ishlatish mumkin.

24 mart holatiga ko‘ra, mudofaa xarajatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar ko‘payib, 531 milliard rublga yetdi. Yana 379 milliard rubl xavfsizlik maqsadlarida sarflangan. Bu xarajatlar ijtimoiy dasturlardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga, ta’lim va sog‘liqni saqlashga xarajatlar biroz oshdi, iqtisodiyot va ijtimoiy dasturlarga xarajatlar o‘zgarmadi.

2023 yil 22 fevralda Rossiya Davlat dumasi uchinchi o‘qishda rasmiy statistika ma’lumotlarini e’lon qilishni to‘xtatib turishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Qabul qilingan tuzatishlardan biri hukumatga Rosstat statistikasidan foydalanishni o‘z xohishiga ko‘ra cheklash imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: