Qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun 2,6 trillion so‘m yo‘naltiriladi – prezident qarori 

O‘zbekiston 21:38 / 29.03.2023 6063

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi yagona tartibi 2023 yil 1 apreldan boshlab joriy qilinadi: 

- «Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda nazarda tutilgan subsidiyalar barcha mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etiladi; 

- qishloq xo‘jaligi korxonalari va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlik sub’yektlariga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi; 

- xalqaro moliya institutlari tomonidan lizing kompaniyalariga ajratilgan mablag‘lar doirasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi; 

2023-2024 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trillion so‘m yo‘naltirilsin, shundan: 

- Prezidentning 2022 yil 28 iyuldagi PQ-335-son qaroriga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun tijorat banklariga joylashtirilgan 100 million AQSh dollaridan 2022 yilda o‘zlashtirilmasdan qolgan 670 milliard so‘m (59 million AQSh dollari) miqdoridagi mablag‘ texnika xaridi uchun 10 foiz stavkada 10 yilga kredit ajratish uchun; 

- 800 milliard so‘m (70 million AQSh dollari) – xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun lizing tashkilotlariga joylashtirish hisobiga; 

- 1,1 trillion so‘m (100 million AQSh dollari) – xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun tijorat banklariga joylashtirish hisobiga. 

Bunda: 

- xizmat ko‘rsatadigan tijorat banklari tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida lizingga beriladigan texnikalar va sug‘urta polisi qabul qilinishi mumkin; 

- xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan xaridorlarga qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing marjasi yillik 3 foizdan oshmagan stavkada 10 yilgacha bo‘lgan muddatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi buyurtmasi asosida lizingga beriladi. 

Tijorat banklariga lizing kompaniyalariga qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish uchun qarz mablag‘larini garov ta’minoti sifatida sotib olinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasini, kreditning butun davri uchun qarz mablag‘larini qaytarmaslik xatarlaridan 100 foiz garov sifatida sug‘urta polisini yoki uchinchi shaxslarning kafilligini qabul qilish orqali ajratish tavsiya etiladi. 

Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda tijorat banklari tomonidan garov ta’minoti sifatida qabul qilinadigan sug‘urta kompaniyalari tomonidan taqdim etiladigan qarz mablag‘larini qaytarmaslik xatarlaridan sug‘urta polisining (shartnomasi) namunaviy shakli ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: