60 km/soat tezlik chekloviga rioya qilmaganlarni jarimaga tortish qachondan boshlanadi? Mas’ullar jim

O‘zbekiston 20:54 / 29.03.2023 16080

O‘zi nima gap?

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 3-sonli bayoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar hamda viloyatlarning ayrim hududlarida transport vositalarining yuqori harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilangan, jumladan, poytaxtdagi Kichik halqa yo‘li ichida joylashgan ko‘chalarda transport vositalarining yuqori harakat tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrga kamaytirilgandi.

Aslida tezlikni kamaytirish Shavkat Mirziyoyevdan chiqqan g‘oya. Prezident shu yil fevral oyida Samarqand shahriga qilgan tashrifida shunday taklifni o‘rtaga tashlagan edi.

“Yaqinda Toshkentda tezlik ko‘pi bilan 60 km/soatgacha belgilangani haqida qaror chiqadi”, — degan edi o‘shanda Sh.Mirziyoyev.

Davlat rahbari Toshkent shahri va boshqa yirik shaharlarning markaziy ko‘chalarida tezlik limiti oqilona, ilmiy yondashuv asosida o‘rnatilishi kerakligini ta’kidlagan edi. Ko‘chalarda harakatlanish haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham qulay bo‘lishi kerak, — degan edi Mirziyoyev.

Ma’lumki, aholi punktlarida odamlar o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining aksariyat qismi belgilangan tezlikni oshirish natijasida kelib chiqadi.

Dunyoning ko‘plab shaharlarida tezlik 40-50 km/soat qilib belgilangan. Uzoqqa bormaylik. Yon qo‘shnimiz Qozog‘istonning eski poytaxti Almati shahri ko‘plab ko‘chalarida 60 km/soat, markaziy ko‘chalarda tezlik hattoki 40 km/soat qilib belgilangan.

“Almati shahrini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi”ga ko‘ra, shaharning magistral va mahalliy ko‘chalarida tezlikni 60 va 40 km soatdan 50 va 30 km/soatgacha tushirish ko‘zda tutilgan.

Rossiya poytaxti Moskva shahrida ham markaziy ko‘chalarda tezlik 50 km/soat qilib belgilanishi, ayrim ko‘chalarda 30 km/soat qilinishi belgilangan. Qayd etilishicha, Moskvada tezlik rejimi pasaytirilishi YTHlar soni ikki barobarga kamayishiga olib kelgan.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining ma’lum qilishicha, shaharlarda eng yuqori tezlikni soatiga 10 kmga kamaytirish O‘zbekistonda bir yilda 614 nafar insonning hayotini saqlab qoladi. Qolaversa, past tezlikda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarida og‘ir jarohatlar ulushi kamayadi.

Tezlik cheklovi qachondan kuchga kiradi?

Tasdiqlangan davlat dasturiga asosan, 2023 yil 1 apreldan e’tiboran Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida maksimal tezlik 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilishi kutilmoqda.

Avvalroq IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Kichik halqa yo‘li ichida joylashgan ko‘chalarda tezlik cheklovi 60 km/soat etib belgilanganini anglatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatilib, ko‘chalardagi radar va kameralar ham transport vositalarining tezligini aniqlashda cheklangan tezlikka, ya’ni 60 kilometr soat tezlikka moslashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

Idora matbuot kotibi Azizxon Murodov avtomobillar 60 kilometr soat tezlikda harakatlanishi belgilangan ko‘chalar xatlovdan o‘tkazilgach, tegishli belgilar bosqichma-bosqich o‘rnatilishi taqiqlovchi belgilar o‘rnatilmaguncha jarima yozilmasligini ta’kidlagandi.

Xo‘sh, avtomobillar 60 kilometr soat tezlikda harakatlanishi belgilangan ko‘chalar xatlovdan o‘tkazilib bo‘ldimi? Tezlik pasaytirilishi aytilgan barcha ko‘chalarda tegishli taqiqlovchi belgilar o‘rnatib chiqildimi?

Barcha tashkiliy ishlar yakunlanib, tezlik oshirgan avtomobillarga jarima yozila boshlashi haqida ommaviy axborot vositalarida va rasmiy saytlar orqali jamoatchilikka ma’lumotlar berib borilishi bildirilgandi. Biroq hozirga qadar na IIV YHXB sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida va na OAVda jarimalar qachondan yozila boshlangani haqida aniq ma’lumot berilgani yo‘q.

Afsuski, IIV JXD YHXX matbuot xizmati bu haqdagi so‘rovimizga javob bergani yo‘q. Xizmatning telegram-kanalida e’lon qilingan Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida 1 apreldan transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 60 kilometrga tushirilishi haqidagi videoxabarda bu haqda lom-mim deyilmaydi.

Qachondan jarimaga tortish boshlanadi?

Harakatlanish tezligi pasaytirilishi bilan bog‘liq xabarning eng muhim nuqtasi – shu, aslida. Markaziy ko‘chalarda tezlik 60 km/s etib belgilanishi haqida gap-so‘zlar tarqalgandan beri haydovchilarni eng ko‘p qiziqtirayotgan ma’lumot ham – shu.

Biroq IIV JXD YHXX matbuot xizmati rahbari shu yilning 1 mart kuni yo‘llagan savollarimizni, undan keyingi qo‘ng‘iroqlarimizni ham javobsiz qoldirmoqda. Hali bemorligini, hali xizmat safari yoki majlisda ekanini aytib bahona qiladigan matbuot kotibi Azizxon Murodovning xurmacha qiliqlari, rasmiy so‘rovni javobsiz qoldirayotganidan IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning ham xabari bor. Biroq masala hal bo‘lganicha yo‘q.

Azizxon Murodov yanvarda yo‘l harakati ishtirokchilari 60 km/soatgacha pasaytirilgan ko‘chalarda taqiqlovchi belgilar o‘rnatilganidan keyin, shuningdek, ko‘chalardagi maxsus moslamalar (radar va kameralar) ham transport vositalarining tezligini aniqlashda cheklangan tezlikka moslashtirilgandan so‘ng tezlikni 60 km/soatdan oshirgani uchun jarimaga tortila boshlashini aytgandi.

27 fevral kuni Daryo nashri YHXX axborot xizmatiga tayangan holda kameralar tezlik me’yorini oshirganlik uchun jarima yozishni boshlaganini ma’lum qilgandi. IIV JXD YHXX matbuot kotibi tomonidan javobsiz qoldirilgan so‘rovda hozirgacha respublika bo‘yicha necha nafar haydovchi yuqori tezlik 60 km etib belgilangan ko‘chalarda tezlikni oshirgani uchun jarimaga tortilgani haqida ham so‘ragandik.

Xo‘sh, aslida, haydovchilarni jarimaga tortish boshlanganmi yoki Azizxon Murodov feyk axborot tarqatganmi? Ismi sir saqlanishini so‘ragan IIV mulozimiga ko‘ra, hozircha ochiqlash mumkin bo‘lgan ma’lumot 1 apreldan Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyat/tuman markazlarida maksimal tezlik 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilishi xolos. Jarimaga tortish boshlangan-boshlanmagani haqidagi savolimiz yana ochiq qoldi.

Javobsiz qoldirilayotgan so‘rovlar

YHXB – Ichki ishlar vazirligiga bo‘ysunuvchi tuzilma. Biroq Azizxon Murodov masalasida vazirlikdagilar ham tayinligi qarorga kelisha olmayapti. Zero, u so‘rovlarimizni birinchi marta javobsiz qoldirmayapti. Bunday holatlar allaqachon an’ana tusini olgan.

Asosiy vazifasi OAV bilan ishlash, o‘zi xizmat qilayotgan idoraning imijini yaxshilash bo‘lgan mulozimning subutsizligi faqat biz bilan sodir bo‘lyaptimi yoki u boshqa nashrdagilarga ham shunday munosabatdamikin deya hamkasblarimizning u haqdagi fikri bilan qiziqdik. Buni qarangki, boshqa jurnalistlar ham uning tayinsizligidan yozg‘irishdi.

Fikrimizcha, IIV o‘z tizimidagi xizmat matbuot kotibining lavozim majburiyatlari va xizmat vazifalarini keraklicha bajarishini ta’minlay olmayotganda har yili matbuot kotiblarining faoliyati samaradorligini o‘rganib, buni reytinglarda aks ettirib keladigan AOKA vaziyatga aralashishi zarur. Yo‘qsa, sansalorlik hali uzoq vaqt davom etib, ommaviy axborot vositalari jamoatchilikka o‘z vaqtida yetkazishi kerak bo‘lgan axborotlar yana kechikaveradi.

Jamshid Niyozov, Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: