Toshkentda soliq organining noqonuniy harakati shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ikki mulozim lavozimidan olindi

Iqtisodiyot 13:36 / 28.03.2023 36532

Nima bo‘lyapti?

Soliq kodeksiga asosan, yillik daromadi 5 mlrd so‘mdan oshgan korxonalar har oy kutilayotgan foyda solig‘idan avans to‘lab borishi kerak. Bu tartib 2019 yilda joriy etilgan.

Kodeksning 340-moddasida avans miqdori qanday hisoblanishi ko‘rsatilgan (hisoblash tartibi choraklar bo‘yicha farq qiladi). Unga ko‘ra, 1-chorakdagi oylik avans miqdori avvalgi yilning 4-choragidagi oylik avans miqdoriga teng bo‘ladi.

27 mart, dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va buxgalterlarning ana shu avanslar bo‘yicha shikoyatlari tarqaldi.

Shikoyatlarda 1-chorakdagi uch oylik avans miqdori birdaniga yechib olingani, bunda yechilgan mablag‘ o‘tgan yilning 4-choragidagi avans miqdorida emas, 4-chorak hisobotlarida aks etgan foyda miqdoriga asosan hisoblab chiqarilgani, buning ustiga yillik daromadi 5 mlrd so‘mga yetmagan korxonalardan ham avans ushlab qolingani aytiladi.

“Soliq razvyorstkasi”

“Kainbek” Telegram-kanaliga murojaat yo‘llagan tadbirkor o‘zi duch kelgan vaziyatni quyidagicha tushuntirgan.

“Bir kichik kompaniya, aniqrog‘i agentlik rivojlanayotgan edi, (biz o‘ylagan va ishonganimizdek) kichik va o‘rta biznes davlat tomonidan himoya qilinadi degan balandparvoz gaplarga ishonib, ishlayotgan edi, ish o‘rinlari yaratayotgan edi, barcha soliqlarni to‘lab kelayotgan edi, o‘z vaqtida to‘layotgan edi! QQS to‘lovchisi sifatida soliq to‘lovchining koeffitsiyenti yashil zonada edi va zanjirdagi uzilish 0,0 ni tashkil etar edi.

Va bugun ertalab nimani ko‘ryapmiz? Daromad solig‘ini to‘lash uchun *** 000 000 so‘m miqdorida avans (dastlabki) to‘lovini to‘lashga da’vo! Dastlabki to‘lov nima, uyg‘oning, nima uchun? Agar o‘tgan yilning oxirida biz moliyaviy ko‘rsatkichlarimizni ozmi-ko‘pmi yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsak, bu bizda har oy shunday daromad bor degani emas.

Ishchilarning maoshi? Ijara? Bularni qanday to‘layman? Hattoki internet uchun hisobimda pulim yo‘q. Ogohlantirishlar yoki boshqa bildirishnomalarsiz, hatto uchetnyy kartada ham oldindan to‘lovlar haqidagi xabar bo‘lmagan.

Yangi yildan keyin uch oy o‘tgach, yil boshidan beri deyarli bir milliard hisoblangan! Siz u yerda aqldan ozganmisiz? Nega hech qachon bitta qonunni buzmagan, hamma narsani o‘z vaqtida to‘lagan tadbirkor endi sizning o‘zboshimchaliklaringizni qoplashi kerak?

Sizning inspektorlaringiz har oy qo‘ng‘iroq qilishadi va u yoki bu soliqni oldindan to‘lashni talab qilishadi, buning o‘zi qoidabuzarlik, lekin biz har doim vaziyatga tushib, moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib soliq to‘ladik. Nega soliqlardan qochadigan qarzdorlarni emas, balki vijdonan hamma narsani o‘z vaqtida to‘laydiganlarni qiynaysiz?

Menda endi pul yo‘q, endi xodimlarimga maoshlarini olmasliklarini qanday tushuntirishim mumkin? Pudratchilarga qanday to‘layman? Qolgan hamma narsa haqida men umuman indamay qo‘yay... Barcha faoliyat to‘xtatildi, men buyurtmalarim uchun pul to‘lay olmayman, ijaradagi joy egasi ertaga keladi, ko‘chishni so‘raydi, chunki pul yo‘q. Bir kun ichida siz nafaqat kompaniyani vayron qildingiz, balki 15 nafar xodimni ham ishdan mahrum qildingiz”.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ro‘y bergan holatni “soliq razvyorstkasi” deb atadi.

“Mart oyining oxirgi ish haftasini xususiy biznes, ayniqsa uning kichik va o‘rta sektori sovuq dush qabul qilishdan boshladi. Ertalabdan ilovasini ochgan yoki bankdan ko‘chirma olgan tadbirkorlar hisobvaraqlardan soliqqa avans tarzida tiyinigacha yechib olingan yoki talabnomalar kiritilgan va hisoblar kartotekaga o‘tkazib qo‘yilgan yoqimsiz holatga ro‘para bo‘ldilar. Kimdir hamkorlariga shartnomada kelishilgan pulni to‘lamadi, kimdir endi xodimlariga oylikni nasiya qiladi. Kimdir bugun hisobiga tushishi kerak bo‘lgan mablag‘ni o‘tkazmay turishni, kimdir esa naqd hisob-kitob qilishni o‘ylay boshladi. Axir ekonomika shunday ishlaydi.

Soliq razverstkasi, xuddi bolsheviklarning oziq-ovqat razverstkasi kabi, faqat bir marta yutadi, undan keyingi sikllarda biznes xuddi dehqonlar qizil terroristlardan bug‘doyini yashira boshlagani singari yoki bug‘doy ekmay qo‘ya qolgani kabi ish tutadi.

Soliqni boqaymi yo o‘zimga ishlayinmi deydi u. Soliq endi himoyalovchi politsiyachi emas, ko‘cha muyulishidagi qaroqchi o‘g‘ri singari gavdalanishni boshlaydi”.

Ortiqcha undirilgan mablag‘lar qaytariladi

Soliq qo‘mitasi holat zudlik bilan o‘rganilganini ma’lum qildi.

“Tezkor o‘rganish natijalari tanqidiy ravishda ko‘rib chiqilib, quyidagi chora-tadbirlar belgilab olindi:

Birinchidan, ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari uchun Soliq qo‘mitasi mas’ul nazorat departamenti boshlig‘i B.Muqimov va Toshkent shahar bo‘lim boshlig‘i O.Lutfillayev egallagan lavozimlaridan ozod etildi.

Ikkinchidan, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yu.Nasimjonov va boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Mirpo‘latovning maxsus unvonlari bir pog‘onaga pasaytirilib, intizomiy jazo chorasi belgilandi.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish departamenti boshlig‘i X.Bozorovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi tayinlandi.

Uchinchidan, foyda solig‘i bo‘nak to‘lovlari hisobidan budjetga undirilgan ortiqcha mablag‘larni 28 mart kuni soat 13:00 ga qadar soliq to‘lovchilarga to‘liq qaytarish vazifasi belgilandi.

To‘rtinchidan, qayd etilgan holatlar bo‘yicha Toshkent shahar soliq organlarida maxsus boshqarma tomonidan xizmat tekshirishi o‘tkazish va natijalari bo‘yicha hujjatlarni huquqni himoya qilish organlariga yuborish vazifasi topshirildi”, – deyiladi bayonotda.

Soliq qo‘mitasi qayd etilgan holatlar bo‘yicha vaqtida axborot bergan tadbirkorlik sub’yektlariga minnatdorlik bildirgan.

Qo‘mita summasidan qat’i nazar kelgusida qayd etiladigan har bir holat bo‘yicha Soliq qo‘mitasiga yoki @dsq_anticorrupciya_bot'ga murojaat qilishni iltimos qildi.

“Soliqchilikda kutilmagan tajribalardan, shoshib qilingan qarorlardan uzoq bo‘lish kerak”

Bu voqea fonida tadbirkor, Asaxiy.uz loyihasi asoschisi Firuz Allayev soliqchilikda shoshmashosharlik bilan qilingan xatolar jiddiy oqibatlarga olib kelishi haqida yozdi.

“Mamlakat budjeti soliqlarga bog‘liq bo‘lgani uchun hukumat doim soliq ko‘proq yig‘ishga harakat qiladi. Hukumatning cho‘ntagini, aniqroq aytsak budjetning asosiy qismini soliq va jarimalar shakllantirishini hamma bilsa kerak. Lekin, ko‘proq soliq yig‘aman deb boridan ayrilib qolish, umuman mamlakatga zarar yetkazib qo‘yish ehtimoli ham yo‘q emas.

Ba’zi hollarda qat’iy soliq siyosati mamlakat uchun xavfli bo‘lishi mumkin, chunki u investitsiyalarni to‘xtatib qo‘yishi, iqtisodiy o‘sishni bo‘g‘ib qo‘yishi va biznes va jismoniy shaxslarni boshqa joylarda yanada qulayroq soliq sharoitlarini izlashga undashi mumkin. Bundan tashqari, agar soliqlar juda yuqori yoki haddan tashqari og‘ir bo‘lsa, ular iqtisodiy tengsizlikka olib kelishi va tadbirkorlikni susaytirishi mumkin.

Bizning sharoitda bo‘lsa soliq bosimi oshgan sari biznes soliqlardan qochaveradi ya’ni qora iqtisodiyotning hajmi oshib boraveradi. Soliq yig‘ish uchun bosim bo‘lsa qonuniy ishlaydigan tadbirkor yelkasiga tushadi. Buni orqasidan qonuniy ishlaydigan va noqonuniy ishlaydigan tadbirkorlarda narx tavofuti kattalashadi. Qonuniy ishlaydigan biznes raqobatbardosh bo‘lmay qoladi. Buni orqasidan naqd va terminal o‘rtasida farq va boshqa muammolar keladi. Yakunda bu biznes muhitini va mamlakat iqtisodiyotini achinarli ahvolga olib kelishi mumkin. Undan ham yomoni bunaqa sharoitda tadbirkorlar uzoq muddatga reja qilmay qo‘yadi. Har qanday innovatsiyalar o‘ladi. Biznes ezilgan o‘tgan zamonni ko‘pchilik yaxshi eslaydi, manimcha.

Shu uchun ham bugun yig‘iladigan soliq va biznes imkoniyatlari o‘rtasida muvozanat izlash dolzarbdir. Yildan yilga budjet oshib, uni bosimi soliqqa tushishi, soliqchilar bo‘lsa turli xil yo‘llar bilan biznes orqali g‘aznani to‘ldirishga harakat qilishi yaxshilikka olib bormaydi.

Soliq siyosatining mamlakat iqtisodiyoti va jamiyatiga ta’siri murakkab va nozik bo‘lib, har qanday soliq siyosatining samaradorligi bir qator omillarga, jumladan, mamlakatning iqtisodiy tuzilishi, siyosiy konteksti va ijtimoiy ustuvorliklariga bog‘liq. Shu uchun ham soliqlar masalasida juda ehtiyotkor bo‘lish, har qanday kutilmagan tajribalardan, shoshib qilingan qarorlardan uzoq bo‘lish kerak”, – deya fikr bildirdi Firuz Allayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlarni E-aktiv'ga majburan jalb qilish ikkinchi marta kechiktirilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: