G‘arbdan kelgan yangi tanklar va Slovyanskka zarba oqibatlari. Urush suratlari

Jahon 15:35 / 28.03.2023 27273

Ukrainada urushning 397-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiya qo‘shini Slovyanskni o‘qqa tutdi. Mahalliy rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lib, 30 dan ortiq kishi yaralangan. Ma’muriy va ofis binolari, beshta ko‘p qavatli uy va yettita xususiy uy vayron bo‘lgan.
  • Tula yaqinidagi Kireyevsk aholi yashash punktida ukrainlarning o‘q-dori ortilgan droni portladi. Mahalliy rasmiylarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan uch kishi jabrlangan. Ukraina tomoni bu hujumga izoh bermagan. Bu so‘nggi oylarda Tula oblastining Kireyevsk rayonida ro‘y bergan ikkinchi portlashdir.
  • Ukrainaga G‘arbdagi ittifoqchilar va’da qilgan tanklar yetib keldi — britanlarning Challenger 2, nemislarning Leopard 2 tanklari, shuningdek jangovar piyodalar mashinalari — Amerikaning Stryker va Germaniyaning Marder rusumli ulovlari.
  • The Insider Qrimdagi «Drujba» lagerida Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalarga zo‘ravonlik ishlatgan kishining shaxsini aniqladi. Bu «Berkut»ning sobiq a’zosi, 2014 yilgi Maydan voqealari chog‘ida Viktor Yanukovich tomonida turib ishtirok etgan Valeriy Astaxov. Qrim annexia qilingach u Rossiya fuqaroligini qabul qilgan va Yevpatoriyada IIVga ishga kirgan.
  • Rossiya IIV «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» komandiri Denis Kapustinni qidiruvga berdi. Uni tadbirkor va «Tsargrad» telekanali asoschisi Konstantin Malofeyevga suiqasd uyushtirish va mart oyi boshida Bryansk oblastidagi qishloqqa «diversantlar hujumi»ga, shuningdek 2022 yil avgustida Volgograd oblastidagi neft-gaz obektlariga «diversiya-terrorchilik akti» tashkillashtirishga aloqador deb hisoblashmoqda. 

G‘arb ittifoqchilarining yangi harbiy texnikalari Ukrainada

Ukraina hududiga britanlarning Challenger 2, nemislarning Leopard 2 A6 tanklari, shuningdek piyodalarning jangovar mashinalari — amerikaliklarning Stryker va nemislarning Marder rusumli texnikalari yetib keldi. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov xabar qilishicha, Ukraina qurolli kuchlari allaqachon «yangi mashinalarni zirhli bo‘linmalarda sinovdan o‘tkazgan». Bundan tashqari, London Ukrainaga Challenger 2 tanklari uchun kuchsizlantirilgan uranli snaryadlarni yetkazib berishi kerak — bunday o‘q-dorilar «zamonaviy tank va zirhli texnikalar» zirhini teshib o‘tishda ancha samarador hisoblanadi.

Vladimir Putin bu qarorni G‘arb mamlakatlari «so‘zda emas, amalda ham so‘nggi ukrain qolgunicha Rossiya bilan jang qilishga tayyorligi» deb baholadi; mudofaa vaziri Sergey Shoygu [yadroviy eskalatsiya bo‘ylab] «yana bir zinadan o‘tilgani, [zinalar] esa borgan sari kamayib borayotgani»ni aytdi; TIV rahbari Sergey Lavrov Buyuk Britaniya rejalarini xalqaro humanitar huquqning buzilishi deb baholadi.

Bundan tashqari, Putin Belarus hududiga taktik yadro qurollari joylashtirilishiga va’da berdi va Aleksandr Lukashenko buni anchadan buyon so‘rab kelayotganini qayd etdi. Lukashenkoning o‘zi RF prezidentining bu bayonotiga munosabat bildirmadi. Yevroittifoqdagilar bu qadam yangi sanksiyalarga sabab bo‘lishini, AQShdagilar esa — Putinning so‘zlari Amerika strategik yadro kuchlari ish tartibini o‘zgartirmasligini ma’lum qildi.

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov va Ukraina QK desant-shturm qo‘shinlari qo‘mondoni Maksim Mirgorodskiy britanlarning Challenger 2 jangovar tanki, amerikaliklarning Stryker va Cougar rusumli zirhli transportyorlari, shuningdek nemislarning Marder rusumli jangovar piyodalar mashinasi fonida.
Ukraina mudofaa vazirligi matbuot xizmati / Reuters / Scanpix / LETA

Slovyansk o‘qqa tutilishi oqibatlari

Rossiya qo‘shini 27 mart tongida Slavyanskka raketa zarbasi yo‘lladi — Donetsk oblastidagi bu shahar 2014 yildan buyon o‘qqa tutib kelinadi. Kun oxirida shahar meri Vadim Lyax hujum oqibatida mahalliy aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lgani va 36 kishi yaralangani haqida xabar berdi. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoga ko‘ra, shaharda bir qancha ma’muriy va ofis binolari, beshta ko‘p qavatli uy va yettita xususiy uy vayron bo‘lgan.

«Dushman bilishi kerak: Ukraina odamlarimiz ustidan masxaralashni kechirmaydi, bu o‘limlar va yaralarni kechirmaydi. Barcha rossiyalik terrorchilar yakson etiladi. Bu tajovuzga aloqador bo‘lganlarning barchasi javobgarlikka tortiladi», — deya izoh berdi bu hodisaga Volodimir Zelenskiy.

Rossiya Slovyansk o‘qqa tutilgani yuzasidan munosabat bildirmagan.

Quyida shaharda ushbu hujum oqibatlari aks etgan suratlar.

Libkos / AP / Scanpix / LETA
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Maria Senovilla / EPA / Scanpix / LETA

Donbassdagi ukrain artilleriyachilari

Rossiyaning Donetsk oblastidagi yurishi davom etmoqda. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko 27 mart kuni xabar berishicha, kun davomida RF armiyasi zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan; bir necha bino vayron bo‘lgan. Kirilenkoga ko‘ra, rossiyaliklar Seversk (Donetskdan taxminan 100 kilometr shimolda), Avdiyivka (Donetskdan 20 kilometr shimolda) va Kuraxovo (Donetskdan 40 kilometr g‘arbda) shaharlarini, shuningdek Horlivka va Lisichansk yo‘nalishidagi bir necha qishloqlarni o‘qqa tutgan. RF mudofaa vazirligi o‘z svodkasida mazkur aholi yashash punktlarini tilga olmagan.

Bundan tashqari, rossiyaliklar Baxmutni shturm qilishda davom etmoqda — bu ularning 2022 yil yozidan buyon Donbassdagi asosiy nishoni. Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylarining hozirgi maqsadi — raqib kuchlarini holdan toydirish hisoblanadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina qurolli kuchlari «xaritada emas, balki jang maydonida real natijaga erishish» uchun  kelishilgan holda harakat qilmoqda. Rossiya tomoni Baxmut yo‘nalishidagi vaziyat yuzasidan izoh bermagan.

Ukrainalik harbiylar 155-millimetrli o‘ziyurar TRF-1 gaubitsasidan rossiyaliklar pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda
Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA
Dronlarni kuzatayotgan ukrainalik askar
Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA

Xarkiv oblastidagi hayot 

Cherkasskiye Tishkida yashovchi 60 yoshli Nina o‘zining vayronaga aylangan uyi oldida. Cherkasskiye Tishki Xarkivdan 15 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. RF armiyasi ushbu qishloqni urushning ilk kunlarida egallab olgan, Ukraina qurolli kuchlari esa uni 2022 yil 10 mayida ozod etgan
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA
Xarkivdan 20 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Russkiye Tishki qishlog‘idagi vayrongarchiliklar. Qo‘shni Cherkasskiye Tishkida bo‘lgani kabi bu qishloq ham 2022 yil mayida, ikki oydan ko‘proq davom etgan okkupatsiyadan keyin Ukraina armiyasi nazoratiga qaytgan.
Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA
Cherkasskiye Tishkida yashovchi 62 yoshli Aleksandra o‘z tomorqasida ishlamoqda
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA
Cherkasskiye Tishki posyolkasida vayron bo‘lgan bino va yonib ketgan avtomobil
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA

Kiyevda ukrainalik harbiy xizmatchining dafn marosimi 

Kiyevlik Liliya monastirdagi dafn marosimida o‘g‘li, Ukraina QK katta leytenanti Anton Zaytsning jasadi ustida yig‘lamoqda
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: