Turkmanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi

Jahon 10:44 / 27.03.2023 7451

Turkmanistonda 26 mart, yakshanba kuni konstitutsiyaviy islohotdan so‘ng ilk parlament (Mejlis) saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mahalliy hokimiyat va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining a’zolari saylandi. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 7:00 dan 19:00 gacha ochiq bo‘ldi.

Ashxoboddagi Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu saylovlarga bir qancha siyosiy partiyalar, jumladan Turkmaniston Demokratik partiyasi, Turkmaniston Agrar partiyasi, Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi, shuningdek, fuqarolar guruhlaridan 175 nafar nomzod ko‘rsatilgan. 

Ayni paytda, g‘arb kuzatuvchilari Turkmanistondagi saylovlarni erkin deb hisoblamaydi. AFP agentligiga ko‘ra, saylov byulletenlariga birorta ham muxolifatchi siyosatchi kiritilmagan. «Chegara bilmas muxbirlar» reytingida Turkmaniston eng quyi pog‘onada – KXDR, Eritreya va Eron kabi davlatlardan keyin joylashgan.

Respublikani 16 yildan beri Berdimuhamedovlar oilasi boshqarib keladi. 2022 yilning mart oyida uzoq muddatli davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov hukumat jilovini o‘g‘li Serdarga topshirdi, biroq siyosiy hayotdan chiqib ketmadi. Yanvar oyida u 2021 yilda o‘zi tashkil etgan parlament yuqori palatasini tugatishga chaqirdi.

Islohot bir ovozdan ma’qullandi, shundan so‘ng Gurbanguli Berdimuhamedov yangi oliy konstitutsiyaviy organ – Turkmanistonning ichki va tashqi siyosati yo‘nalishini belgilovchi, shu tariqa parlamentdan ko‘ra ko‘proq vakolatga ega bo‘lgan «Xalq kengashi» deb ataladigan tashkilot rahbari etib tayinlandi.

Ko‘proq yangiliklar: