Sotsiologlar O‘zbekistonda odamlar qanchalik saxovatli ekanini aniqlashdi 

O‘zbekiston 22:27 / 27.03.2023 18590

World Population Review veb-saytida e’lon qilingan 2023 yilgi saxovat indeksida O‘zbekiston 124 davlat orasida 25-o‘rinni egalladi.

The World Giving Index - bu davlatning xayriya faoliyati darajasini monitoring qiluvchi indeks. U 2010 yilda Angliyaning Charities Aid Foundation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Reyting Amerika Gellap instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar asosida tuziladi. 

Ma’lumotlar shahar aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga asoslangan bo‘lib, pul mablag‘larini xayriya qilish, xayriya tadbirlarida ishtirok etuvchilar miqdori (%), shuningdek, mamlakat aholisining xayriya va ko‘ngillilar faoliyatiga umumiy munosabatini hisobga oladi. Shuningdek, ehtiyojmandlarga pul yordamidan tashqari boshqa ko‘mak turlari ham inobatga olinadi. 

Mamlakat reytingda qanchalik yuqori bo‘lsa, xayriya ishlariga shunchalik ko‘p odamlar jalb qilingan hisoblanadi. 

Shu asosda indeks ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 35 foizi xayriya qiladi, 54 foizi begonalarga yordam qo‘lini cho‘zadi va 33 foizi ko‘ngillilik bilan shug‘ullanadi. 

O‘zbekistonda xayriyaning umumiy darajasi 41 foizni tashkil etadi - bu dunyo reytingida 25-o‘rin. 

Reytingda birinchi o‘rin AQSh va Myanma fuqarolariga tegishli - 58%. Shuningdek, Yangi Zelandiya (57%), Avstraliya (56%) va Irlandiya (56%) yuqori beshlikka kirgan. 

Eng quyi o‘rinlarni Yaman (17%), Gretsiya (16%) va Xitoy (16%) egallagan.

Ko‘proq yangiliklar: