Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi

O‘zbekiston 17:39 / 27.03.2023 9506

Qayd etilishicha, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln so‘mgacha (100 baravar) jarimaga sabab bo‘lsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln so‘mgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin.

Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha jarima belgilanmoqda.

“E’tiborli jihati, ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha ma’muriy qamoq belgilanishi mumkin. Ushbu qonun jamiyatda pedagoglarning nufuzi va obro‘sini oshirish yo‘lidagi navbatdagi mantiqiy qadam bo‘ldi.

Faqat ilm, ta’limni rivojlantirish orqali biz buyuk davlat qura olamiz. Faqat ilmlilargina buyuk ishlarga qodir. Barcha ustozlarimizga ushbu yangilik muborak bo‘lsin. Endi siz qonun himoyasidasiz”, deb yozadi Komil Allamjonov.

Ko‘proq yangiliklar: