Yangilanayotgan Fransiya va Ispaniyada muammo yo‘q. Yevro-2024 saralashida tur yakunlari

Sport 13:19 / 26.03.2023 33207

V guruhi

Mbappe va Grizmann niderlandlar mudofaasini yakson etdi

Fransiya — Niderlandiya 4:0
Gollar: Grizmann (2), Upamekano (8), Mbappe (21, 88). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Depay (90+5).
Fransiya – Menyan, Kunde, Upamekano, Konate, Ernandes, Rabio (K.Tyuram, 89), Tchuameni (Kamavinga, 76), Koman (Diabi, 67), Grizmann (Fofana, 77), Mbappe, Kolo-Muani (Jiru, 77).
Niderlandiya – Sillessen, Timber, van Deyk, Gertryuyda (Malasia, 87), Ake, Veynaldum, de Ron (Blind, 67), Taylor (Veghorst, 33), Simons (Klassen, 68), Bergheys (Malen, 68), Depay.
Ogohlantirishlar: Rabo (45), Gertryuyda (65), Konate (71), Blind (78), Ernandes (90), Upamekano (90+4).

Saralash turnirining ikkinchi kunida muxlislar yana «top» afishali o‘yinga guvoh bo‘lishdi. JCh-2022 kumush medallari egalari chorakfinalchilarga qarshi. Bundan tashqari, Loris, Mandanda, Varan va Matyuidining milliy jamoa bilan xayrlashuvini kuzatish ham «Stad de Frans»ga kelishga arzirdi. Shuningdek, ikki jamoada ham o‘yindan oldin o‘tkir syujyetlar ro‘y berdi.

Fransiya bilan bog‘liq holatda — bu Mbappe jamoa sardori etib tayinlanishidir. Dide Deshamning bu qarori mamlakatda qizg‘in muhokamalar keltirib chiqardi, xafa bo‘lgan Grizmanning reaksiyasi esa olovga moy sepdi. Aytishlaricha, u hatto milliy jamoadan ketish haqida o‘ylagan va Mbappe u bilan gaplashib olgach, vaziyat sokinlashgan. Kilian agar uni sardor etib tayinlashmaganida o‘zi ham buni shunday qabul qilgan bo‘lishini aytib, vitse-kapitan bo‘lib qolgan Grizmanni Desham davrining eng yaxshi futbolchisi deb atadi. «Men unga boshliq emasman», — deya tan oldi Mbappe.

O‘yin boshlanishi bilanoq yangi sardor o‘rinbosariga golli pas berdi. Shu bilan birga Fransiyaning bu hujumi Grizmanning to‘pga ajoyib tashlanishi bilan boshlangandi, u bu bilan kifoyalanmadi va jarima zarbasini ijro etib, ikkinchi golni tashkillashtirdi. Silessenning xatosidan foydalangan Upamekano tom ma’noda to‘pni darvozaga olib kirdi.

Niderlandlarga kelsak, Ronald Kuman «Barselona»dagi davriga qaytgandek bo‘ldi, o‘shanda u Messi bilan shartnomani yangilamagani va bir qator muhim futbolchilarni sotuvga qo‘yishi iste’foga olib kelgandi. «Qizil lolalar» jamoasida esa virus tarqaldi, natijada jamoani besh futbolchi, jumladan Gakpo va de Ligt tark etdi. Qolaversa, yig‘in boshlanishidan oldin jarohat tufayli Frenki de Yonga va Kopmayners o‘yindan tashqarida qolishi ma’lum bo‘lgandi.

Shunga qaramay, niderlandlar tarkibi raqobatbardosh ko‘rinardi. Faqat mehmonlar o‘z hujumlarini yakunlashda qiynalishdi va birinchi bo‘lim o‘rtalarida Kuman shu kuni muvaffaqiyatsiz harakatlangan Teylorni olib, Veghorstni tushirdi. Ammo yupqalashgan joy albatta yirtiladi. Gap shu kuni Gertrayd debyut qilgan mudofaa chizig‘i haqida bormoqda. O‘tgan hafta dam olish kunlarida ushbu lateral «Ayaks» darvozasiga g‘alaba golini urgan va «Feyyenoord»ning yetakchiligini mustahkamlagandi, Sen-Denida esa u himoya markazida o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.

Bo‘lim o‘rtalaridagi vaziyatlardan birida Kolo Muani to‘pga teginmasdan raqib himoyachilarini chalg‘itdi va unga berilgan uzatma amalda Mbappeni birga bir vaziyatga chiqardi. 21-daqiqada 3:0 hisobi bu raqiblar darajasiga mos emas. Bu statistika nuqtayi nazaridan ham anomal natija. Niderlandiya bir asrdan buyon o‘yinni bunday yomon boshlamagandi. Aniqroq aytilsa — 1919 yil avgustida Shvetsiyaga qarshi o‘yindan buyon. Uchranglilar esa o‘yin debyutida 1953 yildan buyon bunday samarali hujumlar qilmagandi, ammo o‘shanda raqib atigi Lyuksemburg bo‘lgan.

Bu esa amalda ikkinchi bo‘limni quruq rasmiyatchilikka aylantirdi. O‘yin zerikarli kechmadi, ammo intriga qolmagandi. Mbappe esa chiroyli va alohida ahamiyatga ega ikkinchi golini urdi. U terma jamoa safidagi aniq zarbalari sonini 38 taga yetkazdi va Benzemani ortda qoldirdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Blind esa milliy jamoadagi yubiley 100-o‘yinini bunday tasavvur qilmagani aniq. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Depay 11 metrlik jarima zarbasidan foydalana olmadi. Penaltichilarning dahshatli tushi Menyan bilan Fransiya xotirjam bo‘lishi mumkin.

Gibraltar — Gretsiya 0:3
Gollar: Masuras (11), Siopis (45), Bakasetas (58).

27 mart. Irlandiya — Fransiya, Niderlandiya — Gibraltar.

F guruhi

Lukakuning qaytishi

Shvetsiya — Belgiya 0:3
Gollar:
Lukaku (35, 49, 83). 
Shvetsiya – Olsen, Valkvist, Lindelyof, Ekdal, Augustinsson (Gudmundsson, 85), Svanberg, Forsberg (Klasson, 73), Olsson (Dokeresh, 64), Gustafsson, Kulusevski, Isak (Ibrahimovich, 73).
Belgiya – Kurtua, Kastan, Vertongen, Fas, Teate (Salemakers, 86), de Bryuyne, Karrasko (Openda, 90), Onana, Trossar (Mangalya, 61), Lukebakio (Bakayoko, 61), Lukaku (Bornauv, 85).

Belgiyaning yangi bosh murabbiyiga aylangan Domeniko Tedesko sardorlik bog‘ichini De Bryuynega ishonib topshirgan. «Qizil iblislar» safida endi milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan Azar yo‘q, ammo yangi nomlar ham u qadar ko‘p emas. Onana, Teate va «Herta»da Sandro Shvars boshqaruvida yorqin o‘yin namoyish etayotgan Lukebakio avvalroq chaqirilgan. Bu o‘yinda Kulushevskining zarbasidan keyin to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarib yuborgan Fas esa JCh-2022 zayavkasida bor edi.

Oldingi chiziqda esa hamon eski gvardiya harakat qilmoqda. Ferreyra-Karrasko birinchi hujumdayoq gol urishi mumkin edi, hisobni esa bosh bilan osongina zarba bergan Lukaku ochdi. U ikkinchi bo‘lim boshida ham darvozani ishg‘ol etdi, bu safar ham assistent rolida Lukebakio. Het-trik nishonlagan Lukakuning benefisida uchinchi golga uzatma bergan Bakayoko ham ishtirok etdi.

PSV klubining ushbu 19 yoshli forvardi — Tedesko ilk bor jamoaga chaqirgan kam sonli futbolchilardan. Buni — avlodlar o‘rtasidagi ideal bog‘lam desa bo‘ladi. Masalan, Shvetsiyada bunday bog‘lam kuzatilmadi, o‘yinga 41 yoshli Ibrahimovich qo‘shilganiga qaramay. Terma jamoada bir yarim yil davomida gol ura olmagan Lukaku Zlatanni ham, boshqalarni ham soyasida qoldirdi. Endi u milliy jamoadagi gollari sonini 71 taga yetkazdi va germaniyalik Miroslav Klozeni ortda qoldirgan holda Yevropaning barcha zamonlardagi eng yaxshi merganlari beshligiga kirib oldi.

37 yoshli Tedesko esa baribir Belgiya rekordchisiga aylana olmadi. Belgiyaga Ikkinchi jahon urushidan keyin murabbiylik qilgan angliyalik Bill Gormli 35 yoshda edi.

Avstriya — Ozarboyjon 4:1
Gollar: Zabitser (28, 50), Gregorich (29), Baumgartner (69) — Mahmudov (64).
Avstriya – Lindner, Mvene, Trauner (Ulmer, 74), Danzo, Veber (Posh, 34), Laymer, Vimmer (Kayns, 68), Zabitser (Lyubichich, 74), Zayvald, Baumgartner, Gregorich (Adamu, 68).
Ozarboyjon – Imanov, Xagverdi, Hasanalizoda (Krivotsyuk, 46), Mustafozoda, Jafarguliyev (Aliyev, 46), Mahmudov, Rishard (Isayev, 77), Paskual (Jamalov, 60), Kekchyu (Aleskerov, 46), Sheydayev, Dadashov.

Avstriya boshqaruviga kelgan Ralf Rangnik Ozarboyjon masalasini osonlik bilan hal etdi, avvaliga mezbonlar bir necha imkoniyatlarni yo‘qqa chiqardi, keyin esa ikki daqiqada ikki gol urildi. Bu kecha Zabitser haqiqiy sardorlardek harakat qilib, dubl rasmiylashtirdi. «MYu» yarimhimoyachisi burchak zarbasini ijro etib, golli uzatmaga ham mualliflik qildi, mehmonlarning prestij goli ham sardor nomiga yozildi — «Spartak»ning sobiq futbolchisi Mahmudov yagona gol bilan javob qaytardi.

27 mart. Avstriya — Estoniya, Shvetsiya — Ozarboyjon.

Ye guruhi

Santushda muvaffaqiyatsizlik

Chexiya — Polsha 3:1
Gollar: Kreychi (1), Chvanchara (3), Kuxta (64) — Shimanski (87).
Chexiya – Pavlenka, Tsoufal (Doudera, 71), Brabets, Golesh, Kreychi, Yurasek (Zeleny, 89), Souchek, Kral, Kuxta (Barak, 71), Glojyek (Cherni, 89), Chvanchara (Xitil, 65).
Polsha – Shchensni, Kesh (Gumni, 9), Bednarek, Kiver, Karbovnik (Skuras, 46), Zelinski, Linetti (Shimanski, 77), Frankovski, Belik (Sviderski, 46), Shimanski (Zalevski, 65), Levandovski.

Fernandu Santushning Polsha boshqaruvidagi debyuti juda yomon chiqdi. Uning jamoasi Pragadagi o‘yin startida uch daqiqa ichida ikki gol o‘tkazib yubordi, birinchi gol juda tahqiromuz chiqadi. Birinchidan, Tsoufalning autdan to‘p tashlab berishi golli uzatmaga aylandi. Ikkinchidan, Kreychi darvoza to‘rini o‘yinning 28-soniyasidayoq ishg‘ol etdi. Uchinchi gol esa Kralning uzatmasi va Kuxtaning to‘pga teginishi bilan ro‘y berdi.

Moldova — Farer orollari 1:1
Gollar:
Nikolayesku (86, penalti) — Mikkelsen (27).

27 mart. Moldova — Chexiya, Polsha — Albaniya.

G guruhi

Serbiya — Litva 2:0
Gollar:
Tadich (16), Vlahovich (53).

Serbiya o‘ziga yo‘q joydan muammo orttiradi. Litva bilan o‘yinda ham shunday bo‘lishi mumkin edi, hisob maydon egalari foydasiga 1:0 ekanida mudofaada qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yildi. Lokal falokatdan Vanya Milinkovich-Savich qutqardi, u birga bir vaziyatga chiqib kelgan Yankauskasning zarbasini to‘sdi. Keyin esa birinchi gol muallifi Tadich Vlahovichga golli uzatma berdi. Bu gol Serbiyani guruh yetakchisiga aylantirdi.

Bolgariya — Chernogoriya 0:1
Gol: Krstovich (70).

27 mart. Vengriya — Bolgariya, Chernogoriya — Serbiya

A guruhi

Ertaknamo debyut

Ispaniya — Norvegiya 3:0
Gollar: Olmo (13), Xoselu (84, 85).
Ispaniya – Arrisabalaga, Karvaxal, Nacho, Laport, Balde, Merino (Fabian Ruis, 81), Rodri, Olmo (Pino, 67), Gavi (Oyarsabal, 58), Morata (Xoselu, 81), Aspas (Sebalyos, 58).
Norvegiya – Nyuland, Pedersen (Ryuerson, 74), Strannberg, Estigor, Meling (Berkan, 74), Berge (Solbakken, 74), Elyunussi (Larsen, 74), Eursnes, Berg, Edegor, Syorlot (Bryunhildsen, 86).

Jarohat olgan Holandning safda yo‘qligi albatta Malagadagi o‘yinni shanba oqshomining eng markaziy o‘yini maqomidan mahrum eta olmadi, ammo norvegiyalik goleador bilan o‘yin qiziqarliroq kechgan bo‘lardi. Jumladan «Qizil furiya» bosh murabbiyligida debyut qilgan Luis de la Fuenteni tekshirish uchun ham. Qolaversa, bungacha turli yoshlardagi jamoalarda ishlagan va Tokio Olimpiadasida kumush medal sovrindori bo‘lgan ushbu 61 yoshli mutaxassis milliy jamoa tarkibida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirdi.

Endi unda Serxio Ramos, Buskets va Jordi Alba yo‘q, ammo futbolchilarning pasportidagi yoshiga qaramasligi o‘z va’dasini buzgani uchun kimdir de la Fuenteni koyiy olmaydi. Buning uchun 33 yoshini nishonlayotgan kunida ilk bor terma jamoa o‘yinida maydonga tushgan Xoselu va avgustda 36 yoshga chiqadigan Aspasga qarash kifoya.

Shu bilan birgalikda Ispaniyaning yangi erasidagi ilk gol yosh avlod tomonidan urildi — chap qanotda 19 yoshli Balde uzatma berdi va to‘pni Olmo darvoza to‘riga yo‘naltirib qo‘ydi. Va bunday ham qandaydir ramziylik topish mumkin, chunki qariyb to‘rt yil muqaddam «Leypsig» yarimhimoyachisi yoshlar o‘rtasidagi Yevropa birinchiligi finalida oltin gol urgandi. O‘shanda bu gol de la Fuentega terma jamoalar miqyosidagi ilk sovrinni keltirgandi, u 19 yoshli futbolchilar orasidagi qit’a birinchiligida birinchi bor 2015 yilda g‘olib chiqqan, o‘shanda tarkibida Sebalyos, Asensio va Rodri bo‘lgan Ispaniya finalda Golovin va Barinov yetakchiligidagi Rossiyani mag‘lub etgandi (2:0).

Shanba kungi o‘yinda ispanlarga Kepa yordam berdi. U kamida ikki bor qutqardi. Bu chindan xavfli vaziyatlar edi. Yana bir vaziyatda esa Serlot o‘ta qulay pozitsiyada turib to‘pni xato tepdi. Bu o‘rinda savol tug‘iladi: Holand safda bo‘lganida bu vaziyatlar qanday yakunlangan bo‘lardi?

Faqat futbol buni qabul qilmaydi, o‘yin oxirida maydonga tushirilgan Xoselu esa vaziyatlardan qanday foydalanish kerakligi bo‘yicha saboq berdi. Uch daqiqa ichidagi ikki gol — haqiqiy fantastika. Aftidan, unga tug‘ilgan kuni uchun boshqa sovg‘aning hojati yo‘q. Qolaversa, Xoselu Ispaniya tarixiga o‘z debyutida eng tezkor dubl muallifi sifatida kirdi. Unga maydonga tushganidan keyin 4 daqiqa va 15 soniya yetarli bo‘ldi, holbuki Fernando Morentesning (5 daqiqa va 40 soniya) rekordi abadiydek ko‘rinardi.

Shotlandiya — Kipr 3:0
Gollar: Makgin (21), Maktominey (87, 90+3).
Shotlandiya – Gann, Xiki (Patterson, 80), Henli, Tirni, Porteus, Roberson, Jyek (Kristi, 67), Armstrong (Maktominey, 67), Makgregor, Makginn, Adams (Dayks, 58).
Kipr – Demetriu, Roberj, Gogich (Loizu, 79), Kusulos (Shpolyarich, 46), Ioannu, Layfis, Kiryaku (Xaralampus, 68), Artimatas, Kastanos (Tsionis, 79), Antoniu, Pittas (Kakulis, 68).
Chetlatish: Ioannu (90).

Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Maktominayning dubli Shotlandiya kunning birinchi o‘yinida ishonchli g‘alabaga erishishini ta’minladi, Robersonning uzatmasidan keyin to‘pni uzoq ustun yonidan darvozaga kiritib yuborgan Makginning goli esa o‘yindagi hal qiluvchi gol bo‘lgandi. Stiv Klark bosh murabbiylikka tayinlanganidan buyon «Aston Villa» yarimhimoyachisi terma jamoadagi asosiy figuraga aylangan va gol+pas tizimida 22 (16+6) ball jamg‘argan. Bu esa shotlandiyalik boshqa har qanday futbolchining natijasidan ikki barobar yaxshiroq, Makginning seriyasi oldingi Yevro saralashida Rossiyaga qarshi o‘yinda (1:2) boshlangandi.

28 mart. Shotlandiya — Ispaniya, Gurjiston — Norvegiya.

D guruhi

Armanistonga tezkor gol yetarli bo‘lmadi

Armaniston — Turkiya 1:2
Gollar:
Qoboq (10, avtogol) — Go‘kche (35), Akturko‘g‘li (64).
Armaniston – Beglaryan, Aroyan, Arutyunyan, Voskanyan (Mkrtchyan, 28; Bayramyan, 54), Barsegyan, Tiknizyan, Selarayan (Adamyan, 75), Spersyan, Ivu, Oganesyan, Briasko (Bichaxchyan, 76).
Turkiya – Gunok, Bulut, Demiral (O‘zjan, 46), Suyunchi, Qoboq, Kadio‘g‘li (Elmali, 74), Chalxono‘g‘li, Go‘kche (Yuksek, 73), Under, Tosun (Oqturko‘g‘li, 46), Unal (Nayir, 85).

Armaniston va Turkiya o‘yini — bu faqatgina futbol haqida emas. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar uzilgan, ammo yaqinda ushbu mamlakat yetakchilari ko‘p yillar mobaynida ilk bor o‘zaro gaplashdi. Turkiyada qo‘rqinchli zilzila ro‘y berganida u yerga boshqa mamlakatlar qatori Armanistondan ham qutqaruvchilar keldi. O‘yindan bir necha kun oldin Yerevanda uchinchi davlatlardan kelgan sayyohlar uchun quruqlikdagi chegara orqali o‘ttiz yildan ortiq faoliyat ko‘rsatmagan nazorat-o‘tkazish punktini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Lekin bularning bari qarama-qarshilik prinsipialligini bekor qila olmasdi va stadion Armanistonda debyut qilgan Tiknizyan uyushtirgan hujumdan keyin gumburladi. Bu hujumdagi yakunlovchi shtrix Barsegyanning qanotdan uzatmasi bo‘ldi, bu uzatma O‘zan Qoboqning avtogolini keltirib chiqardi. Keyin esa mezbonlar safida Voskanyan jarohat olib maydonni tark etdi, O‘rxon Go‘kchu ushbu markaziy himoyachi qo‘riqlaydigan hududdan berilgan zarba bilan hisobni tenglashtirdi.

Armaniston himoyasida «Krasnodar»ning 18 yoshli tarbiyalanuvchisi Arutyunyan ham debyut qildi. Ikkinchi bo‘limda rostovliklarning tajribali futbolchisi Bayramyan maydonga tushdi. Ushbu futbolchi almashtirilishidan keyin Spersyan Selarayan uchun qulay vaziyat yaratdi, ammo Armaniston fuqaroligi berilgan argentinalik zarba berishda kechikdi. Bunday darajadagi o‘yinlarda barchasini tez ijro etish kerak, bunday ishni Turkiya futbolchilari maydon markazidagi foldan keyin namoyish etib berishdi. Yunus Yunal ortiqcha o‘ylanib o‘tirmadi va tezkor pas bilan Oqturko‘g‘lini birga bir vaziyatga chiqarib yubordi va bu o‘yin taqdirini hal qilgan vaziyat bo‘ldi. O‘yin oxirlarida mehmonlar darvozaboni Spersyanning to‘pni to‘xtatmay yo‘llagan xavfli zarbasini qaytardi.

Xorvatiya — Uels 1:1
Gollar: Kramarich (28) — Brodhed (90+3).
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Shutalo, Gvardiol, Sosa, Modrich (Mayer, 90), Kovachich (Pashalich, 76), Brozovich, Perishich, Kramarich (Vlashich, 76), Livaya (Musa, 53).
Uels – Uord, Robers, Rodon, Mifem, Uilyams, Uilson (Tomas, 64), Ampadu, Remzi (Berns, 64), Morrell (J.Jyeyms, 90), Mur (Bredshou, 70), D.Jyeyms (Broudhed, 64).

Splitdagi o‘yin arafasida xorvatlar terma jamoadagi faoliyatini yakunlagan Lovren bilan xayrlashdi. 2022 yilgi jahon chempionatidagi ishtirokidan keyin bu jamoa uchun sezilarli yo‘qotish, ammo baribir uelsliklar safini tark etgan Beyl, Allen va Hanter kabi jiddiy emas. Qolaversa, Uels bu o‘yinga o‘zining yangi yulduzi — «Nottinghem» forvardi Jonsonsiz tashrif buyurdi.

Shunday ekan, «ajdarlar» oldingi kabi hujumkor o‘yin ko‘rsata olmadi va jamoani ancha vaqtgacha Uordning seyvlari qutqarib turdi. Ammo u ham Kramarichning ro‘paradan yo‘llagan zarbasi qarshisida ojiz qoldi. «Shashkachilar» vaziyatlarni ko‘kka sovurishda davom etdi. Jyeyms ularni kechirgan bo‘lsa, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda kichik drama ro‘y berdi.

Zlatko Dalich gol arafasida taktik almashtirish qilib, Modrichni maydondan olgandi. Ammo uning borligi ham bu vaziyatda qutqarishi dargumon edi. Autdan to‘p tashlanishi, Mefam ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda ustun kelib, to‘pni tashlab berishi va uzoq ustun oldida paydo bo‘lgan Broadhed to‘pni darvozaga kiritib yuborishi. Bu Angliyaning uchinchi divizioni ishtirokchisi bo‘lgan futbolchi ishtirokida kechaning yana bir fantastik debyuti bo‘ldi.

28 mart. Turkiya — Xorvatiya, Uels — Latviya.

I guruhi

Yakinning yirik g‘alabasi

Belarus — Shveytsariya 0:5
Gollar: Shteffen (4, 17, 29), Jaka (62), Amduni (65).
Belarus – Kudravets, Yuzepchuk (Bikov, 33), Polyakov, Volkov, Selyava (Bocherov, 81), Malkevich, Kovalev (Baxar, 46), Grechixo, Yablonskiy (Klimovich, 46), Ebong, Xvashchinskiy (Morozov, 61).
Shveytsariya – Zommer, Vidmer, Elvedi, Akanji (Tseziger, 82), Rodriges, Jaka (Rider, 66), Froyler, Zakariyo, Vargas (Fassnaht, 66), Shteffen (Amduni, 58), Itten (Okafor, 58).

UYeFA ijroiya qo‘mitasi futbol amaldorlari yaqin vaqtlar ichida Yevroparlament deputatlarining Belarusda inson huquqlari buzilayotgani tufayli ushbu mamlakat terma jamoasini saralash turniridan chetlatish talab etilgan maktubini ko‘rib chiqishadi. Lekin belaruslar shusiz ham o‘yinni Serbiyaning Novi-Sad shahridagi betaraf maydonda, bo‘sh tribunalar qarshisida o‘tkazishga majbur bo‘lishdi.

Shanba kuni o‘tgan o‘yinni birinchi bo‘lim o‘rtalariga keliboq tugatib qo‘yish mumkin edi, shveysariyaliklar vingeri Shteffen bu vaqtga kelib 15 daqiqa ichida het-trikni rasmiylashtirgandi. Ushbu 31 yoshli futbolchi bunga qadar terma jamoa uchun atigi bir gol urgani e’tiborga olinsa, bu hayratlanarli ko‘rsatkich, bu o‘yinda esa — tanaffusga qadar uchta zarbada uchta gol urdi. Ammo Murat Yakin jamoasi bu bilan cheklanmadi va ikkinchi bo‘limda Chaka bir gol urib, bir golli uzatma muallifiga aylandi.

Isroil — Kosovo 1:1
Gollar: Perets (56) — Dasa (36, avtogol).

Isroil «Dinamo» a’zosi Dasaning avtogolidan keyin murakkab ahvolga tushib qoldi. U raqibning qanotdan uzatmasiga oyoq qo‘yish orqali o‘z jamoasi darvozabonini dog‘da qoldirdi. Keyin mezbonlar javob golini urishdi, ammo undan ortig‘iga erisha olmadi, durang esa Isroilni saralashning ilk turida oson raqibga qarshi o‘yinda qanoatlantiradigan natija emas.

Andorra — Ruminiya 0:2
Gollar: Man (35), Alibek (49).

28 mart. Gurjiston — Isroil, Ruminiya — Belarus, Kosovo — Andorra.

Ko‘proq yangiliklar: