Tramp Texasdagi mitingda chiqish qildi va Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatishni va’da qildi

Jahon 21:35 / 26.03.2023 36763

Texasdagi Ueyko aerodromida tashkil etilgan mitingda minglab tarafdorlari qarshisida chiqish qilgan Tramp Nyu-Yorkda pornoaktrisa Stormi Deniyelsga to‘lov bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvni so‘kinish so‘zlari bilan atadi.

«Nyu-York okrug prokurori Vashingtondagi «adolatsizlik departamenti» homiyligi va ko‘rsatmalari ostida mening jinoyat ham, roman ham bo‘lmagan ishimni tekshirmoqda», degan u.

Tramp uning butun shaxsiy, moliyaviy va biznes hayoti ostin-ustun bo‘lib ketgani va parchalangani, shu bilan birga o‘zi Qo‘shma Shtatlar tarixidagi eng begunoh kishi ekanini aytgan.

«Men Uchinchi jahon urushining oldini olaman»

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida gapirar ekan, Tramp aynan uning prezidentligi davrida Ukrainaga keng ko‘lamli qurol yetkazib berish boshlanganini yodga solib o‘tgan. «Men ularga yuzlab Javelin raketalari berdim», degan u va undan oldingi prezident Barak Obama Kiyevga faqat «o‘yinchoq qurol» - ya’ni halokatli bo‘lmagan qurollar yetkazib berganini qo‘shimcha qilgan.

Tramp yana bir bor o‘zining u Oq uyda ekanida Putin Ukrainaga hujum qilishga jazm eta olmagani, buni faqat Amerikaning hozirgi prezidentining zaifligi va qat’iyatsizligini ko‘rganidan keyin hujum qilishga qaror qilgani haqidagi tezisini takrorlagan.

«Men ketishim bilan - o‘sha paytdagi halokatni istaganingizcha atashingiz mumkin, - ular [rossiyaliklar] [Ukraina bilan chegaraga] qo‘shinlarini to‘play boshladi», degan Donald Tramp.

2022 yil fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganida Tramp Putin «Ukrainaning bir parchasini egallashni istashi» haqida gapirgandi. Hozir esa, uning so‘zlariga ko‘ra, u mamlakatni to‘liq olmaguncha to‘xtamaydi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra - u Uchinchi jahon urushini to‘xtatishga qodir bo‘lgan yagona shaxs bo‘ladi

Tramp qayta saylangudek bo‘lsa, bir lahzada Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatishni va’da qildi. «Men prezident bo‘lganimda, bunga 24 soat ichida erishaman», deya ishontirdi u tafsilotlarga to‘xtalmagan holda.

«Sizning qarshingizda turib men quyidagilarni aytishi mumkin bo‘lgan yagona nomzodman: men Uchinchi jahon urushini to‘xtata olaman», deya e’lon qilgan sobiq prezident yig‘ilganlarning olqishlari ostida.

«Prezident Trampga qarshi jodugar ovi»

So‘nggi hafta davomida Tramp o‘z sayti va ijtimoiy tarmoqlarida agar unga ayblov qo‘yilsa, «o‘lim va vayrongarlik» haqida tobora tahdidli bayonotlar joylamoqda. Ammo uning Texasdagi nutqi noxush prognozlarsiz kechdi.

BBC’ning AQShdagi muxbiri Entoni Zurkerning qayd etishicha, miting Trampning 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasidagi karnaval yig‘ilishlarni eslatib yuborgan.

Uning minglab tarafdorlari «Xudo, qurol, Tramp» yozuvli futbolkalarda edi
Trampning tarafdorlarining u Amerikani yana buyuk qila olishiga ishonchi komil

Sobiq prezidentning minglab tarafdorlari chodirlar bilan o‘ralgan maydonni kezib, «Xudo, qurol va Tramp» hamda «Tramp g‘alaba qozonadi» yozuvlari tushirilgan futbolkalarni xarid qilishgan.

Keyin ular mahalliy aeroportning asfaltlangan maydonida yig‘ilib, bir necha soat davomida, AVVA, Frenk Sinatra va Bon Jovining qo‘shiqlari sadolari ostida sobiq prezidentning shaxsiy samolyoti qo‘nishini kutib turishgan.

Rok yulduzi Ted Nyudjyent AQSh milliy madhiyasining versiyasini to‘xtalishlar bilan ijro etdi, u har safar tanaffus qilganida 2021 yil 6 yanvarida Kapitoliyni shturm qilgan Tramp tarafdorlarini «nohaq qamagan» federal hukumat mulozimlariga atalgan so‘zlarini aytib oldi.

Trampning tarafdorlariga ko‘ra, mitingga 15 ming kishi to‘plangan. Foto: EPA

Yig‘ilganlarga Floridadan bo‘lgan kongressmen Mett Gets hamda jorjiyalik kongressvumen Mardjori Teylor Grin murojaat qilishdi - ular yaqin kunlarda Trampga qarshi jinoiy ayblov e’lon qilish bo‘yicha bir qarorga kelishi kerak bo‘lgan Nyu-York okrug prokurori Elvin Bregg manziliga qaratilgan (u qadar yumshoq bo‘lmagan) so‘zlarini aytishdi.

«Bu hujum - 2024 yilgi prezidentlik poygasiga ta’sir ko‘rsatish uchun sud tizimimizdan ochiqchasiga foydalanishdir, degan Grin. - Bu prezident Trampga qarshi jodugar ovidan boshqa narsa emas va u mutlaqo aybsiz».

Tramp kelishi arafasida nutq so‘zlagan kongresvumen Mardjori Teylor Grin Nyu-York okrug prokurori Elvin Breggni tanqid qildi
Trampning tarafdorlari sobiq prezidentning ta’qib qilinishini jodugar ovi deb baholashadi

Ueykodagi miting arafasida qator nashrlar va Trampning raqiblari sobiq prezident 2024 yilgi kampaniyasining ilk mitingini nega 30 yil muqaddam federal hukumat va shtat hukumati «Dovud tarmog‘i» (Branch Davidians) diniy sektasi bilan qurolli to‘qnashuvga kirishgan va 86 kishi halok bo‘lgan shaharda o‘tkazayotgani borasida savollar berishdi.

Ammo Texas vitse-gubernatori Den Patrik yig‘ilganlarga Ueykoning tanlanishi bu «katta shahar» ekani bilan bog‘liqligini aytdi.

Prezident samolyoti tushdan keyin yetib keldi va Trampning 2016 va 2020 yillardagi prezidentlik kampaniyasining o‘ziga xos belgisiga aylangan aerodromga dramatik qo‘nishni amalga oshirdi. Yangi Trump Force One aerodromni Top Gun filmi tufayli mashhur bo‘lib ketgan Danger Zone qo‘shig‘i sadolari ostida aylandi. Bu vaqtda esa sahnadagi rassom sobiq prezidentning portretini ishladi, unda u ancha qovog‘i soliq ko‘rinadi.

Entoni Zurkerning fikricha, rassom nuqtasiga urgan: Tramp o‘z yutuqlarini qanchalik rang-barang tasvirlamasin va o‘z rahbarligidagi Amerika qanchalik yorqin bo‘lishini aytmasin, uning yuridik muammolari - va hibsga olinishi ehtimoli - saylovoldi va’dalaridan ko‘ra ko‘proq band qilgani aniq.

Ko‘proq yangiliklar: