«Manhoff arxivi»: AQShning SSSRdagi elchixonasi xodimi josus bo‘lganmi?

Jahon 14:28 / 26.03.2023 49705

Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng Hitler Germaniyasiga qarshi kurashda ittifoqchi bo‘lgan SSSR va AQSh o‘rtasidagi keskin raqobat boshlanadi. Har ikki davlat Yevropa va Osiyodagi turli hududlarni o‘z ta’sir doirasiga olish uchun jiddiy raqobatlasha boshlaydi.

Ularning bevosita aralashuvi bilan Xitoy, Koreya yarimoroli, Hindixitoy va Sharqiy Yevropada turli qurolli mojarolar bo‘lib o‘tadi. Oxir-oqibat Germaniya va Koreya yarimoroli ikkiga bo‘linadi. Xitoydagi fuqarolar urushida SSSRning qo‘llovi bilan kommunistlarning qo‘li ustun keladi.

Shundan so‘ng har ikki davlat josuslik o‘yinlariga zo‘r beradi. KGB AQSh va Yevropa davlatlaridan, MRB esa SSSRdan o‘ziga josuslar yollay boshlaydi.

Bu raqobatda aksariyat hollarda katta pul, baxtli hayot va’da qilgan MRB g‘olib keladi va sovet josuslari G‘arbga qochib o‘ta boshlaydi. Ayniqsa Stalin o‘lgach qochish avj oladi. Ungacha shafqatsiz Lavrentiy Beriya bunga yo‘l qo‘ymagandi.

Stalin vafotidan keyin josuslik bilan bog‘liq birinchi shov-shuvli mojaro AQSh elchixonasi xodimi tufayli kelib chiqadi.

1954 yilda AQShning Moskvadagi elchixonasi xodimi mayor Martin Manhoff SSSRda josuslikda ayblanadi. Mayor diplomat sifatida daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgani uchun sovetlar uni mahkamaga tortib, sud qila olmasdi. Shu sababli Manhoff mamlakatdan majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.

Foto: .rferl.org

Martin Manhoff kim edi?

Martin Manhoffning tarjimai holi haqida ma’lumotlar juda kam. U 1917 yilda tug‘ilgan va 2005 yilda vafot etgan. Omma 2016 yilgacha Manhoff haqida hech narsa bilmasdi. O‘sha yili uning uyidan SSSRda ishlagan paytida olingan fotosuratlar va Stalinning dafn marosimi tasvirlangan rangli video topiladi.

Shundan so‘ng Manhoff haqida butun dunyo xabar topadi va u mashhur bo‘lib ketadi. Ungacha AQShning SSSRdagi elchixonasi sobiq xodimining hayoti bilan hech kim qiziqmagan. Uning o‘zi ham omma e’tiboridan chetda yashagan.

Manhoff ikkinchi jahon urushigacha Vashington universitetida san’at yo‘nalishi bo‘yicha o‘qib, bakalavr diplomini oladi.

Urush boshlangach u harbiy xizmatga ketadi va AQSh armiyasi safida Yevropada fashistlar Germaniyasiga qarshi janglarda qatnashadi. Keyinchalik Manhoff mayor unvonini oladi.

Martin Manhoff, ikkinchi jahon urushi paytida.
Foto: rferl.org

1952 yil fevralda Manhoffni AQShning Moskvadagi elchixonasiga harbiy ateshshe sifatida ishga yuborishadi. O‘sha paytda Amerikaning SSSRdagi elchixonasi Kreml yaqinidagi «Natsional» mehmonxonasida joylashgandi. Uning derazalaridan Qizil maydon va Kremlga kirib chiqadigan asosiy yo‘l yaqqol ko‘rinib turardi.

Manhoff josus bo‘lganmi?

Keyinchalik Manhoff vafot etganidan so‘ng uning uyidan topilgan yozuvlarga ko‘ra u SSSRga ishga yuborilguncha MRBning qisqa kurslarida o‘qigan. Kriptografiya, foto va kinoapparatlar bilan ishlashni o‘rgangan.

SSSRga rafiqasi Jyen bilan birga kelgan Manhoff Moskvada jami ikki yil uch oy (27 oy) ishlaydi. Shu davrda u xotini bilan SSSR bo‘ylab ko‘p marotaba sayohatlar qiladi.

Martin Manhoff xotini Jyen Manhoff bilan.
sjpt.org

Jyen eri bilan Moskvada yashagan paytda tanishlariga yuborgan maktubida shunday degandi:

«Ruslar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa bog‘lashning, ularga yaqinlashishning iloji yo‘q. Biz faqat do‘konlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va sotuvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplasha olamiz. Ruslar bilan faqat poyezdlarda uzoq safarlarga chiqqanda bemalol suhbatlashish mumkin. Biroq begonalar oldida ular ochiq, oshkora gapirmaydi».

Manhoff xotini bilan birga bir nechta ittifoqdosh respublikalar poytaxtlarida, juda ko‘p shahar va qishloqlarida bo‘ladi. U sayohatlar davomida doimo rangli tasvirga oladigan fotoapparat bilan yuradi.

Jumladan, u bir necha marta Leningradga, Kiyevga va boshqa shaharlarga boradi. Manhoff xotini bilan hatto Shimoliy muz okeani qirg‘og‘idagi Murmansk shahriga ham sayohat qiladi.

Bundan tashqari, Manhoff ikki marta Transsibir temiryo‘li orqali Xakasiyaga, undan o‘tib Xabarovskgacha borib keladi.

Manhoff olgan fotosurat. SSSRdagi bozorlardan biri.
Foto: rferl.org

Sovetlar avvaliga Manhoffning ittifoq bo‘ylab suratlar olib yurishiga indashmaydi. Keyinchalik vaziyat o‘zgaradi va uni josuslikda gumonlashadi. Maqsad shu yo‘l bilan Manhoffni SSSRdan chiqarib yuborish edi.

KGB xodimlari Manhoffni aynan Xabarovskdan qaytishida josuslikda ayblab ushlashadi. O‘shanda uning yonidan juda ko‘p obektlarning nomlari va manzili yozilgan yondaftarchasi chiqadi. Biroq bu uni josuslikda ayblash uchun asos bo‘lolmasdi.

KGB xodimlari Manhoffni elchixona xodimi sifatida daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgani uchun mahkamaga torta olmaydi. Shu sababli SSSRda «Persona non grata» - istalmagan shaxs deb e’lon qilinadi va majburiy tarzda mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

O‘sha paytda AQSh hukumati Manhoffning josuslikda gumonlanishi va SSSRdan chiqarib yuborilishi masalasida hech qanday izoh bermaydi.

Manhoff olgan fotosurat. Moskva, Qizil maydon yaqinidagi ko‘cha.
Foto: rferl.org

Manhoffning keyingi hayoti

Manhoff AQShga qaytgach MRBga ishga kirishga harakat qiladi. Biroq AQSh razvedka boshqarmasi uni ishga olmaydi. Aksincha, uni harbiy xizmatdan bo‘shatishadi.

Shundan so‘ng Manhoff xotini bilan Sietl shahriga ko‘chib o‘tadi va do‘kon ochib savdo qila boshlaydi. Keyinchalik u do‘kondorlikni yig‘ishtirib bir muddat soliqchi bo‘lib ishlaydi.

Manhoff SSSRdan chiqib ketish paytida foto va kinoplyonkalarni o‘zi bilan birga olib ketadi. Keyinchalik u fotosuratlarni chiqaradi va ularni uyda saqlaydi.

Manhoff olgan fotosurat. Moskva ko‘chasidagi militsioner nemislardan olingan BMW mototsikli bilan.
Foto: rferl.org

Aftidan Manhoff o‘zidagi noyob kadrlar haqida MBRga xabar bermagan. Aks holda razvedka boshqarmasi suratlarni undan olib qo‘yishi aniq edi.

Martin Manhoff 2005 yilda, rafiqasi Jyen Manhoff 2014 yilda vafot etadi.

Duglas Smit va noyob kadrlarning topilishi

Manhoff va uning xotini vafot etgach, ularning uyi Jyenning dugonasi ixtiyorida qoladi.

2016 yilda ayol uyni ko‘zdan kechirganda Manhofflar uzoq yillardan buyon hech narsani tashlab yubormagani va saqlab kelayotgani ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, Manhoff egalik qilgan garajdan ham juda ko‘p hujjatlar va fotosuratlar topiladi.

Shundan so‘ng Jyenning dugonasi Manhoffning xonadonidagi ortiqcha narsalarni chiqarib tashlashdan avval ular orasidan qimmatlilarini ajratib olish uchun AQShlik taniqli tarixchi olim Duglas Smitni taklif qiladi.

Duglas Smit Rossiya va SSSR haqida beshta kitob muallifi bo‘lib, u sovet tarixini puxta o‘rgangan olim hisoblanadi.

Tarixchi olim Duglas Smit.
Foto: ibrusec.pro

Smit AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa davlatlari oliy ta’lim muassasalarida leksiyalar o‘qigan, 1980-1988-yillar oralig‘ida AQShni boshqargan Ronald Reygen ma’muriyati davrida davlat departamentida tarjimonlik qilgan edi.

Duglas Smit Manhoffning uyini ko‘zdan kechirar ekan, qog‘ozlar orasidan ko‘plab fotosuratlar chiqadi. Ularning bir qismi SSSRning turli hududlarida olingan edi. Suratlarning yonida kinoplyonka ham topiladi.

Smit kinoplyonkani tomosha qilganida unda Stalin vafot etganidan so‘ng Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkazilgan dafn marosimining tasvirlari borligini ko‘radi.

Manhoff olgan fotosurat. 1953 yil Stalin vafot etgan sana, Qizil maydon.
Foto: rferl.org

Smitni fotosuratlarning rangli ekani ajablantiradi. Chunki 1950-yillar boshlarida, rangli suratga oladigan fotoapparatlar hali AQShda juda kamyob, SSSRda esa umuman bo‘lmagan.

«O‘tgan yil yozda Manhoffning rafiqasi vafot etganidan so‘ng, meni uning uyiga borishga va u qimmatbaho narsalar qoldirganmi-yo‘qmi shuni aniqlab berishga taklif etishdi. Men Manhoffning uyidagi narsalardan hayratda qoldim. So‘nggi bir necha oy davomida men fotosuratlar va filmlarni raqamlashtirish, tartibga solish bilan shug‘ullandim. Manhoffning uyidan topgan narsalarim orasida bir paytlar AQSh elchixonasi joylashgan «Natsional» mehmonxonasi derazasidan tasvirga tushirilgan, Stalin dafn marosimining 15 daqiqalik rangli videosi ham bor edi. Bundan tashqari, Moskva, Leningrad, Murmansk, Yalta ko‘chalarida va Transsibir temiryo‘li bo‘ylab joylashgan joylardan olingan minglab rangli fotosuratlar bor edi», deb yozadi Smit.

Fotosuratlarning ayrimlarida, qog‘ozning orqa tomoniga uning qayerda olingani yozilgandi.

Manhoff olgan fotosurat. Qizil maydon.
Foto: rferl.org

Manhoffning arxividagi 16 millimetrlik kinoplyoka eng noyob hisoblanadi. Unda Qizil maydonda Stalinning vafoti munosabati bilan o‘tkazilgan dafn marosimining tasvirlari bor.

Manhoff o‘z esdaliklarida yozishicha, Stalin vafot etgandan so‘ng sovetlar xorijiy elchixonalar xodimlariga ko‘chalarga bemalol chiqish, mamlakat bo‘ylab sayohat qilishga bir muddat ruxsat berishgan.

U bundan foydalanib Stalinning dafn marosimini kinoplyonkaga tasvirga tushirgan. Bundan tashqari, Manhoff xotini bilan yanada ko‘proq sayohatga chiqib, SSSRning turli joylarida ko‘proq fotosuratlar olgan. Ular Jyenning onasi tug‘ilgan Ukrainaga bir necha marotaba borishgan.

Manhoff olgan fotosurat. Kiyevdagi markaziy telegraf binosi.
Foto: rferl.org

1953 yil 10 avgust kuni Jyen Manhoff yaqinlariga yuborgan maktubida shunday yozgandi:

«Azizlar, bu yerda sodir bo‘layotgan voqealarni sizlarga yetkazib turish bo‘yicha barcha rejalarimiz barbod bo‘ldi. Sovet yangiliklari bir necha oydan buyon dunyo gazetalarining birinchi sahifasidan tushmayapti. AQSh matbuotida berilayotgan turli xabarlarni o‘qib siz mendan ko‘proq narsani bilsangiz kerak. «Qotil shifokorlar», Stalinning o‘limi, tarixiy dafn marosimi – bu yerda juda ko‘p hodisalar sodir bo‘ldi. Biz yangiliklarni o‘z vaqtida jo‘natishga ulgurish uchun ta’til so‘ramoqchimiz».

Duglas Smit Manhoff arxivini o‘rganar ekan, u josuslik emas, fotograflik qilganini va o‘zidan juda qimmatli meros qoldirganini qayd etadi.

«Manhoff josus bo‘lmagan. Uni sovet hayot tarzining orqa foni – yoritilmaydigan qismi ko‘proq qiziqtirgan. Agar u josus bo‘lganida noyob fotosuratlar va Stalinning dafn marosimi tasvirlangan kinoplyonka uning uyida saqlanmagan bo‘lardi», deydi olim.

Manhoff olgan fotosurat. Moskva shahri ko‘chalaridan biri.
Foto: scoopnest.com

Manhoffning uyidan topilgan hujjatlar tufayli sobiq elchixona xodimi josuslik bilan shug‘ullanmagani, sovetlar uni nohaq ayblashgani oydinlashadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: