Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi ortidan rasmiy Moskva va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi geosiyosiy keskinlik nihoyatda taranglashib ketdi. Rasmiy Moskvaga nisbatan siyosiy va iqtisodiy bosim kuchaydi. Ushbu vaziyat fonida Rossiya va Xitoy yetakchilari “har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni” chuqurlashtirish to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi. Bu nimani anglatadi?
Ikki tomonlama manfaatlar va o‘zaro bog‘liqlik
Birinchidan, Ukraina inqirozi fonida Rossiya va Kollektiv G‘arb o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat Xitoyni Moskva va Vashington o‘zaro kelishuvga erishishi mumkin degan xavotirdan butunlay xalos qildi. Qolaversa, bugungi Rossiyaning xalqaro maydondagi imkoniyatlari va ta’siri keskin qisqargan, rasmiy Pekin o‘zi uchun qulay shartlarda hamkorlik qilishga moyillik olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchidan, Xitoy na geosiyosiy, na iqtisodiy, na xavfsizlik nuqtai nazaridan Rossiyaning “yo‘q qilinishi”dan yoki parchalanishidan manfaatdor emas. G‘arbparast yoki tartibsiz Rossiya Xitoy xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Bundan tashqari, Pekin G‘arbning Moskvaga bosimini kelajak uchun tayyorgarlik ko‘rish va saboq chiqarish sifatida ham qabul qiladi.
Xitoy o‘zining kuchayib borayotgan qudratiga tayanib, global miqyosidagi hukmron mavqeini mustahkamlamoqchi. Rossiya esa jahon gegemonligi uchun poygada ishtirok eta olmasligiga iqror bo‘lgan holda, Yevrosiyodagi kuch markazlaridan biri va global o‘yinchi sifatidagi ishtirokini saqlab qolishga intiladi. Rossiya-Xitoy munosabatlaridagi yaqinlashuv ham har ikki tomon uchun o‘z ambitsiyalarini amalga oshirishga yordam beradi.
Uchinchidan, bugungi kunda Moskva va Pekin uchun asosiy ustuvor vazifalardan biri har ikki davlatdagi mavjud siyosiy rejimlarni saqlab qolishdir. Moskva ham, Pekin ham G‘arbning Rossiya va Xitoyda demokratlashtirish va inson huquqlari bo‘yicha olib borayotgan kampaniyalarini AQShning ikki davlatni beqarorlashtirish uchun siyosiy quroli deb biladi.
To‘rtinchidan, Moskva bilan iqtisodiy va siyosiy yaqinlashish Pekinni nafaqat Sharqiy Osiyoda, balki Yevrosiyo bo‘ylab eng asosiy o‘yinchiga aylantiradi. Bugungi kunda Xitoy Rossiya resurslaridan foydalanish (uglevodorodlardan tortib chuchuk suv manbalarigacha) va Markaziy Osiyo, Rossiya va Arktika orqali Yevropa bilan bog‘lanish uchun har qachongidan ham ko‘proq imkoniyatlarga ega.
Shuningdek, Xitoyning G‘arb davlatlari bilan qarama-qarshiligi keskinlashib borayotgan sharoitda Rossiya jiddiy tanqisligi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan resurslar bo‘yicha muqobili bo‘lmagan hamkordir.
Beshinchidan, Pekin G‘arb kompaniyalari tashlab ketgan Rossiya bozorini o‘zlashtirishdan manfaatdor. Rossiyaning harbiy-siyosiy maydonida Xitoy asosan tashqi kuzatuvchi sifatida ishtirok etsa, iqtisodiy maydonida u bevosita asosiy ishtirokchi hisoblanadi.
Xitoy 2009 yildan beri Rossiyaning birinchi raqamli savdo sherigi bo‘lib kelmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi o‘tgan yili 30 foizga o‘sgan va qariyb 190 mlrd dollarni tashkil etgan. 2023 yilda esa bu ko‘rsatkichni 200 mlrd dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Umuman olganda, Moskva uchun Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning yangi formati urushdan oldingiga qaraganda ham oddiy va ham murakkab. Bir tomondan, Pekinga qaramlik iqtisodiy va siyosiy jihatdan oshib bormoqda. Boshqa tomondan, Xitoyning AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan qarama-qarshiligi chuqurlashib borayotganligi sababli, Rossiya bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur.
Sharq tomonga siljish
Rasmiy Moskva bir necha yillardan beri Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarini iliqlashtirishga harakat qilib kelayotgan edi. Urush boshlanganidan keyin “Osiyo tomonga burilish” yanada tezlashdi. Bu asosan Xitoyning Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgan koalitsiyadan tashqaridagi eng yirik iqtisodiy kuch ekanligi bilan izohlanadi. Shuningdek, urush Shanhaydan Sankt-Peterburggacha bo‘lgan Rossiya va Xitoy yetakchiligidagi “Katta Osiyo” konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etishni kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylantirdi. Kelgusi yillarda bu munosabatlar sezilarli darajada mustahkamlanib, kvazi-ittifoq yoki kvazi-integratsiya tomon intilishi ham mumkin.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan yaqinlashuv dastlab Rossiya tashqi siyosatidagi Yevroatlantizm o‘lchoviga muqobil emas, balki qo‘shimcha sifatida ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda eng asosiy yo‘nalishga aylanib bormoqda.
Geosiyosiy dilemma
Rossiya Uzoq Sharqi va Sharqiy Sibir tabiiy resurslarga boy, ammo iqtisodiy jihatdan taraqqiy etmagan va aholi kam yashaydigan mintaqalardir. Shu bilan birga, ushbu hududlar geografik jihatdan Xitoyga yaqin joylashgan.
Rasmiy Pekin bilan yaqinlashuvning kuchayishi rus jamiyatida “Xitoy mamlakatni harbiy yo‘l bilan bo‘lmasa ham, iqtisodiy va demografik jihatdan egallab oladi”, degan uzoq yillik xavotirlarning yanada kuchayishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, ikki tomonlama strategik sheriklikni xavf ostiga qo‘yuvchi mo‘rt hududiy omillar mavjud.
Xususan, 1689 yilda Rossiya podsholigi va Xitoyning Sin sulolasi o‘rtasidagi Nerchinsk shartnomasi imzolangan. Unga ko‘ra, Amur daryosining shimoli, Stanovoy tizmasigacha bo‘lgan hududlarga xitoyliklar, Argun daryosi va Baykal ko‘li orasidagi hududlarga ruslar egalik qilishi kerak bo‘lgan. Ammo 1858 yilda (Aygun shartnomasiga ko‘ra) Rossiya Amur daryosining shimolidagi yerlarni, 1860 yilda (Pekin shartnomasiga ko‘ra) esa Vladivostokkacha bo‘lgan hududlarni o‘ziga qo‘shib oladi. Hozirda aynan ushbu hududlar Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasi sifatida tavsiflanadi.
O‘tgan asrning 60-yillarida XXR rahbari Mao Szedun yo‘qotilgan hududlar masalasini ochiq ko‘tarib, Rossiyani Xitoyning zaif tomonlaridan shafqatsizlarcha foydalanganlikda ayblab chiqadi. Hatto, 1969 yilda ikki o‘rtada qisqa chegara urushi ham yuzaga keladi. 1976 yilda Mao vafotidan keyin ikki tomonlama munosabatlardagi keskinlik biroz yumshaydi.
1980-yillardan boshlab Den Syaopin hukmronligi ostida Xitoy kommunistik “totalitar utopiya”ni iqtisodiy o‘sish va bozor mexanizmlariga kuchli e’tibor qaratuvchi avtokratiya bilan almashtirish jarayonini boshladi. Ulkan xomashyo resurslariga ega Rossiya Xitoy uchun ajralmas hamkorga aylandi. Shundan so‘ng “teng bo‘lmagan shartnomalar” muammosini ko‘tarish to‘xtatildi.
Rossiya o‘zining Uzoq Sharq muammosi jiddiyligini to‘liq anglaydi. Alyaskaning yo‘qotilishi haqidagi xotiralar hali ham saqlanib qolgan. Ushbu hududning iqtisodiy jihatdan Xitoyning bir qismiga aylanishi xavfi esa yildan yilga ortib bormoqda. Bu xavotirlar esa asosli. Mintaqaning iqtisodiyotida og‘ir va mudofaa sanoati ustunlik qiladi, xomashyo, asosan neft va gaz qazib olishga ixtisoslashgan.
Rossiya Uzoq Sharqiga investitsiyalar va u yerda ishlash uchun mutaxassislar kerak. Muammo shundaki, Sharqiy Osiyoning boy davlatlari Yaponiya yoki Janubiy Koreya bu hududga sarmoya kiritishdan manfaatdor emas. Bu Xitoyni asosiy potensial investorga aylantiradi.
Buning ustiga, salbiy tug‘ilish ko‘rsatkichlari va Rossiyaning markaziy qismiga ommaviy immigratsiya tufayli mintaqadagi aholi soni kamayib bormoqda. Shu sababli, potensial ishchi kuchining katta qismi Xitoydan ko‘chib o‘tmoqda. Strateg Zbignev Bjyezinskiy shunday yozgan edi: “Sibirning tabiiy resurslari juda katta, ammo G‘arb yordamisiz Rossiya mintaqa ustidan nazoratni saqlab qola olmaydi”.
Rossiyaning markaziy qismi va Uzoq Sharq o‘rtasida faqat ikkita temiryo‘l liniyasi mavjud: Trans-Sibir va Baykal-Amur magistrallari. Shimoldan janubga olib boradigan boshqa transport yo‘llari ham kam. Ya’ni Rossiyaning Yevropa qismi va Uzoq Sharq qismi o‘zaro yaxshi integratsiyalashmagan, bundan tashqari ushbu hududlar aholisining aksariyat qismini etnik ruslar tashkil qilmaydi. Sobiq post Sovet davlatlariga hududiy da’volar bilan chiqayotgan Rossiyaning o‘zi ham istiqbolda shu muammoga ro‘baro‘ kelishini hech kim to‘liq inkor etolmaydi. Rossiyaning Sharq tomonga qarab yo‘nalish olayotgani esa bu jarayonning tezlashishiga turtki bo‘lishi mumkin.
Markaziy Osiyoda hamkorlik
Si Jinpingning Moskvaga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashqi aralashuv va “rangli inqiloblar” importini qabul qilmasligini ta’kidlagan.
Xitoy o‘zini ushbu mintaqa davlatlarining asosiy savdo va sarmoyaviy sherigi sifatida ko‘rsatadi, Rossiya esa mazkur sobiq Sovet respublikalarini iqtisodiy, siyosiy va harbiy jihatdan YeOII va KXShT kabi tashkilotlarga birlashtirishga intiladi.
Rasmiy Pekin possovet davlatlari hududida siyosiy ittifoqlar va harbiy bazalar yaratish borasida Moskva tomonidan “belgilangan” chegaradan o‘tmaydi. Xitoyning bu pozitsiyasi NATO va Yevropa Ittifoqining Sharqqa kengayish siyosatidan keskin farq qiladi. O‘z navbatida Rossiya mintaqa mamlakatlaridan Xitoy bilan olib boriladigan iqtisodiy aloqalarni cheklash yoki to‘xtatishni talab qilmaydi. Ekspertlarning fikricha, Moskvadagi muzokaralarda Markaziy Osiyodagi mavjud status quoʼni saqlab qolish borasida og‘zaki kelishuvga erishilgan bo‘lishi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Rossiyaning G‘arb bilan ziddiyatidan eng ko‘p foyda ko‘rayotgan tomon Xitoydir. Hozirgi do‘stona muhitda ham Rossiya-Xitoy munosabatlari qator muammolardan xoli emas – tengsiz tomonlar o‘rtasida teng huquqli hamkorlikni saqlab qolish oson bo‘lmaydi. XXRning qudrati oshib bormoqda, Rossiya esa ancha orqada qolib ketdi. Ba’zi xitoylik siyosatchilar allaqachon Moskvani Pekinning kichik hamkori sifatida ko‘ra boshlagan.
Xitoyga nisbatan o‘zining nisbiy zaifligini tushunib, Rossiya ham boshqa yirik Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirib, o‘ziga xos muvozanatni qidirishda davom etadi, ammo bu avvalgidan ko‘ra qiyinlashdi.
Ushbu koalitsiya miqyosi va ko‘lami jihatidan bir vaqtlar Xitoy-SSSR tomonidan tuzilgan ittifoqni eslatadi, ammo bu safar Xitoy yetakchi, Rossiya esa unga ergashuvchi rolida.
Doston Ahrorov tayyorladi