Ronalduda yangi rekordlar, Daniyada yangi yulduz. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 11:35 / 24.03.2023 45221

S guruhi

Keyn Runidan o‘zib ketdi

Italiya — Angliya 1:2
Gollar: Retegi (56) — Rays (13), Keyn (44, penalti). 
Italiya – Donnarumma, Di Lorenso, Toloi, Acherbi, Spinatssola, Verratti (Skamakka, 88), Jorjino (Tonali, 69), Barella (Kristante, 62), Pellegrini (Nonto, 69), Berardi (Politano, 62), Retegi.
Angliya – Pikford, Uoker, Maguayr, Stounz, Shou, Fillips, Rays, Bellingem (Gallaher, 85), Grilish (Foden, 69; Tripper, 81), Saka (Jyeyms, 85), Keyn.
Ogohlantirishlar: Rays (29), Di Lorenso (52), Maguayr (57), Jorjino (61), Uoker (71), Shou (78), Acherbi (90).
Chetlatish: Shou (80).

Yevro-2024 uchun qur’a muxlislarga birinchi turdayoq oldingi Yevropa chempionati finali remeykini taqdim etdi. Shu bilan birga, Italiya va Angliya o‘sha finaldan keyin yana o‘zaro to‘qnashgan, Millatlar ligasi guruh bosqichida «skuadra adzurra» britanlar hujumiga imkon bermagandi (0:0, 1:0), bir so‘z bilan aytganda, Roberto Manchini mamlakat JCh-2022 yo‘llanmasisiz qolganidan keyin xatolar ustida ish olib borganini ko‘rsatgandi.

Shu bilan birga ushbu murabbiy kutilmagan yangi futbolchilarni tanlash borasida o‘z uslubiga sodiq qoldi va hujum markaziga 23 yoshli Retegini jo‘natdi. Bobosi va buvisi italiyalik bo‘lgani evaziga Italiya fuqaroligini olgan ushbu argentinalik vatanida «Tigre» klubi safida ikkinchi yorqin mavsumini o‘tkazmoqda, uning transfer huquqi esa «Boka Xuniors»ga tegishli hisoblanadi. Umuman olganda, Italiya tarkibida ushbu yangi futbolchiga muqobil variantlar ko‘p emasdi, Raspadori jarohatlangan, Immobile formada emas, Belotti esa «Roma»da rotatsiya futbolchisiga aylangan.

Manchini o‘zining dadil qarorlari bilan — hamon Maguayrga ishonch bildirib kelayotgan Garet Sautgeytning mutlaqo teskarisi. Lekin g‘oliblar muhokama qilinmaydi, «Uch sherlar» esa 11 yil ichida ilk bor Italiyadan ustun kelishdi. Barchasi Rays qaytgan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, aniq zarba berishi bilan boshlandi. Bo‘lim oxirida ikkinchi gol urildi — to‘p Di Lorensoning qo‘li tekkanidan keyin VAR aralashuvi bilan tarixiy 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi.

Keyn bu ideal imkoniyatdan foydalandi va terma jamoa uchun 54-golini urib, uning tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanib oldi. U bu gol bilan Ueyn Runidan o‘zib ketdi. Harri tanaffusga ketish arafasida ajoyib pas bilan Grilishni juda qulay vaziyatga chiqardi, ammo u bo‘sh darvoza qarshisida turib to‘pni darvoza to‘riga kiritishni emas, maydon tashqarisiga chiqarib yuborishni «uddaladi».

Aytish mumkinki, u italiyaliklarni ayadi, agar u to‘pga aniq tepganida birinchi bo‘limdayoq hisob yirik ko‘rinish olgan bo‘lardi. Va bu Reshford jarohat tufayli Neapolga kelmaganida bo‘ldi.

Alaloqibat Grilishning xatosi va Manchinining tanaffusda olib borgan ishlari Italiyani jonlantirdi. Qolaversa, Retegining terma jamoa uchun debyut goli nafaqat Pellegrinining ideal uzatmasi evaziga, balki Maguayrning «yordami» bilan urildi. U himoyadan chiqishda to‘pni raqibga topshirib, o‘z jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi, xatosini tuzatishga harakat qilib, Barellaga jarohat yetkazdi.

O‘yinning 79-daqiqasida Shou ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etganida esa, intriga yanada kuchaydi. Ammo inglizlar o‘n kishi bo‘lib ham g‘alabani saqlab qolishdi.

Shimoliy Makedoniya — Malta 2:1
Gollar: Elmaz (66), Churlinov (72) — Yannik (86).

26 mart. Angliya — Ukraina, Malta — Italiya.

J guruhi

Kanselu rekord sari ketmoqda

Portugaliya — Lixtenshteyn 4:0
Gollar: Kanselu (8), Silva (47), Ronaldu (51 penalti, 63).
Portugaliya – Patrisiu, Kanselu, Diash, Inasiu, Danilu (Nevesh, 67), Gerreyru, Fernandesh (Mariu, 90), Bernardu Silva (Vitinya, 79), Palinya, Felish (Leau, 67), Ronaldu (Ramush, 78).

Sakkiz yil muqaddam Fernandu Santush tomonidan qabul qilib olingan va uning qo‘l ostida Yevro-2016 g‘olibi bo‘lgan va keyinroq birinchi Millatlar Ligasida g‘alaba qozongan Portugaliya payshanba kuni yangi hayot boshladi, jamoa Roberto Martines boshchiligida ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Ispaniyalik ushbu mutaxassis olti yilini Belgiyaga bag‘ishladi va bu jamoaning oltin avlodi bilan JCh-2018 turnirida bronza medallarni qo‘lga kiritdi, ammo keyingi vaqtlarda jamoa boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Avvaliga bu ijodiy inqiroz edi va bu o‘yin sifati hamda natijalarda aks etdi, keyin esa inqiroz globallashib, Qatardagi jahon birinchiligi vaqtida jamoa ichida janjallar yuzaga keltirib chiqardi.

Lekin hozir hamma barchasini oq qog‘ozdan boshlamoqda, Portugaliyaning saralash bosqichi startidagi raqibi esa qandaydir yangi narsani sinab ko‘rish va statistikani yaxshilash uchun ideal edi. O‘yin boshlanishi bilanoq tarixiy ko‘rsatkich qayd etildi. O‘zi uchun qadrdon bo‘lgan «Joze Alvalade» stadionida Krishtianu Ronaldu kuvaytlik Bader al-Mutavani ortda qoldirgan holda terma jamoasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha jahon rekordchisiga aylandi.

Portugaliya safidagi 197-o‘yinida sardor o‘zining boshqa rekordini ham yaxshiladi — terma jamoalar miqyosida gol urish bo‘yicha. Penaltini aniq ijro etib, jarima zarbasini golga aylantirganidan keyin Krishning milliy jamoadagi gollari soni 120 taga yetdi. Va Yevro saralash turnirlarida urilgan 32 gol ham eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Hayratlanarli jihati, Ronaldu Lixtenshteyn darvozasini faqat uchinchi o‘yinga kelib ishg‘ol qila oldi, endi bu jamoa uning 175-qurbon jamoasi bo‘ldi.

Hisobni ochuvchi gol muallifi bo‘lgan va Ronaldu uchun 11 metrlik jarima zarbasi ishlagan Joau Kanseluni ham alohida qayd etish mumkin. Hozirda «Bavariya» safida ijara asosida o‘ynayotgan «Siti» futbolchisi kelajakda eng samarador portugaliyalik himoyachi bo‘lib olishi mumkin. Hozirda terma jamoa uchun 8 gol urib ulgurgan Kanselu Pepe va Fernandu Koutuga yetib oldi, oldinda esa hisobida 11 gol bo‘lgan Brunu Alvesh bor.

Bosniya va Gersegovina — Islandiya 3:0
Gollar: Krunich (14, 40), Dedich (63).
Bosniya va Gersegovina – Shexich, Dedich (Hajikadunich, 72), Milichevich, Sanichanin, Ahmedhojich, Gazibegovich, Krunich, Hajiahmetovich (Prsich, 72), Prevlyak (Kodro, 67), Demirovich (Bilbiya, 82), Tahirovich (Tsimirot, 82).
Islandiya – Runarsson, Magnusson, Gretarsson, Oulavsson, Sigurdsson (Anderson, 67), Gudmundsson, Traustason (Tourdarson, 83), Haraldsson, Paulsson, Finnbogason (Gudonsen, 83), Torsteynsson (Ellersson, 67).

Slovakiya — Lyuksemburg 0:0

26 mart. Lyuksemburg — Portugaliya, Slovakiya — Bosniya, Lixtenshteyn — Islandiya.

N guruhi

Qozog‘iston startdayoq yutqazdi

Daniya — Finlandiya 3:1
Gollar: Heylund (21, 82, 90+3) — Antman (53). 
Daniya – Shmeyxel, Ba, Ker, Kristensen (Nelsson, 18), Mele (Larsen, 65), Nyorgor, Hyoyberg, Yyensen (Billing, 77), Damsgor (Darami, 65), Breytueyt (Vind, 77), Heylund.
Finlandiya – Gradetski, Alxo, Vyaysyanen, Ivanov, Yyensen (Ollila, 74), Lud (Forss, 74), Kamara, Kayrinen, Pukki, Poxyanpalo, Antman (Suxonen, 72).

2022 yilgi jahon chempionatida muvaffaqiyatsizlikka uchragan Daniya yangilanmoqda va Yevropa saralashidagi birinchi gol ushbu yangilanish ramzi bo‘ldi. Endi o‘ng qanot uchun javob berayotgan Ba rasmiy o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibdagi debyutini xuddi shunday holatdagi Heylundga golli uzatma amalga oshirish bilan nishonladi. «Atalanta»da porlayotgan ushbu 20 yoshli hujumchi Kopenhagendagi o‘yin qahramoniga aylandi. Burchak zarbasidan keyin u hal qiluvchi golni urdi, yakunda esa het-trik rasmiylashtirdi, daniyalik futbolchilar Yevro saralashlarida bunday natijaga 40 yildan buyon — Mixael Laudrup o‘ynagan davrlardan buyon erishmagandi.

Shu bilan birga mezbonlar o‘yini hali idealdan uzoq va Kristensen o‘yin boshidayoq jarohat olib safdan chiqqach, finnlar namunali qarshi hujum bilan raqib himoyasini yorib o‘tishdi va Pukkining nozik uzatmasidan keyin hisob tenglashtirildi.

Qozog‘iston — Sloveniya 1:2
Gollar: Samorodov (24) — Brekalo (47), Vipotnik (78).
Qozog‘iston – Shatskiy, Gabishev (Kairov, 68), Maliy, Bistrov (Yerlanov, 79), Marochkin, Vorogovskiy, Orazov, Samorodov (Islomxon, 63), Darabayev (Beysebekov, 79), Tagibergen, Aymbetov (Zaynutdinov, 63).
Sloveniya – Oblak, Karnichnik, Blajich (Brekalo, 5), Biyol, Balkovets (Zayts, 46), Stoyanovich, Verbich (Lovrich, 70), Gorens-Stankovich, Gnezda-Cherin, Tselar (Vipotnik, 70), Sheshko.

Rossiyalik mutaxassis Magomed Adiyev bosh murabbiyligidagi Qozog‘iston jamoasi o‘yini Millatlar Ligasi kashfiyotlaridan bo‘lgandi. Ammo qit’a birinchiligi uchun saralash turniri — boshqacha mas’uliyat va raqiblar degani va buni Astanadagi o‘yin ko‘rsatib qo‘ydi. Slovenlarga qarshi o‘yin boshlang‘ich tarkibidan birgina legioner - «Axmat» a’zosi Bistrov o‘rin oldi, TsSKA vakili Zaynutdinov va «Ximki» a’zosi Skvorsov zaxirada qoldirildi, «Zenit» futbolchisi Alip esa zayavkaga ham kiritilmadi.

Shu bilan birga 20 yoshli yarimhimoyachisi Samorodov ko‘rinishida yangi qahramon paydo bo‘ldi. U o‘z faoliyatida ilk bor terma jamoa boshlang‘ich tarkibida o‘ynadi va hisobni ochdi. Ammo slovenlar ikkinchi bo‘limda tashabbusni qo‘lga olishdi va burak zarbasidan keyin hisobni tenglashtirishdi.

Aymbetov o‘z vaziyatidan foydalanganida voqealar rivoji boshqacha rivojlangan bo‘lishi mumkin edi. Ammo u zarba berishda xatoga yo‘l qo‘ydi, mezbonlar safida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Kairov esa o‘yin oxirlariga yaqin raqib hujumini o‘tkazib yubordi. U yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Zaytsni jarohat evaziga to‘xtatgan Bistrovdan yomonroq o‘ynadi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Oblak qahramonlik ko‘rsatib, darvoza to‘sini ostidan kirib ketayotgan to‘pni olib chiqdi.

San-Marino — Shimoliy Irlandiya 0:2
Gollar: Sharles (24, 55).

26 mart. Daniya — Qozog‘iston, Shimoliy Irlandiya — Finlandiya, Sloveniya — San-Marino.

Qit’a chempionati haqida asosiy ma’lumotlar

Yevropa chempionatining final qismi Germaniyada o‘tkaziladi. Turnir mezbonligi uchun Turkiya ham da’vogarlik qilgandi, ammo nemislar ustunlik qilishdi. Germaniya birlashganidan buyon ilk bor Yevroni qabul qilmoqda, ammo 1988 yilgi qit’a birinchiligi ham GFRda bo‘lib o‘tgandi.

Saralash turnirida 53 terma jamoa ishtirok etadi – bu UYeFA tarkibidagi a’zolar sonidan ikkitaga kam. Germaniya mezbon sifatida saralashdan ozod etilgan, Rossiya esa sanksiyalar tufayli chetlatilgan.

Barcha ishtirokchilar 10 guruhga ajratilgan, ularning yettitasida terma jamoalar soni beshtadan, uchtasida esa oltitadan. Jami 10 tur ko‘zda tutilgan: yakuniy tur 2023 yil noyabriga belgilangan.

Barcha guruhlar:

A guruhi: Ispaniya, Shotlandiya, Norvegiya, Gurjiston, Kipr
B guruhi: Niderlandiya, Fransiya, Irlandiya, Gretsiya, Gibraltar
C guruhi: Italiya, Angliya, Ukraina, Shimoliy Makedoniya, Malta
D guruhi: Xorvatiya, Uels, Armaniston, Turkiya, Latviya
E guruhi: Polsha, Chexiya, Albaniya, Farer orollari, Moldova
F guruhi: Belgiya, Avstriya, Shvetsiya, Ozarboyjon, Estoniya
G guruhi: Vengriya, Serbiya, Chernogoriya, Bolgariya, Litva
H guruhi: Daniya, Finlandiya, Sloveniya, Qozog‘iton, Shimoliy Irlandiya, San-Marino
I guruhi: Shveytsariya, Isroil, Ruminiya, Kosovo, Belarus, Andorra
J guruhi: Portugaliya, Bosniya, Islandiya, Lyuksemburg, Slovakiya, Lixtenshteyn

Ko‘proq yangiliklar: