40 ta yirik korxona va bankdagi davlat ulushi «xalqchil IPO» orqali sotiladi - prezident topshirig‘i 

O‘zbekiston 20:28 / 24.03.2023 10278

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va bu borada joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Yig‘ilishda davlat rahbarining qarori bilan xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Unda uchta yo‘nalishda – aksiya, ko‘chmas mulk va IPO bo‘yicha xususiylashtirish rejalari belgilangan. 

Birinchidan, 1 mingta korxonadagi davlat aksiya paketlari sotuvga chiqariladi. 

Ikkinchidan, 1 mingta ko‘chmas mulk obektlari ommaviy savdolarga qo‘yiladi. Ularda 600 gektar yer va 1 million kvadrat metrli bino-inshootlar mavjud. Eng muhimi, infratuzilma bilan ta’minlangan va aholi punktlariga yaqin. 

Ushbu obektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi. 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan obektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi. 

Uchinchidan, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi «xalqchil IPO» orqali sotiladi. Jumladan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, «O‘ztelekom», Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2 foiz aksiyalari aholiga taklif etiladi. Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiradi. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dastur samarasida joriy yilda 13 trillion so‘m tushum ta’minlanadi, 3 mingta yangi korxona tashkil etish va 50 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Xususiylashtiriladigan davlat mulklari imkoniyatini aholi va tadbirkorlar o‘rtasida targ‘ibot qilish, hujjatlarni rasmiylashtirishda ularga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi. Yirik davlat kompaniyalarini kapital bozoriga olib chiqish, investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ko‘proq yangiliklar: