Italiya Angliyaga qarshi, Keyn rekord arafasida, Parijda esa JCh-2022 alamzadalari to‘qnashuvi. Yevro-2024 saralash o‘yinlari anonsi

Sport 15:50 / 23.03.2023 24504

23 mart, payshanba kunidan Yevropa chempionati final qismiga yo‘l olish uchun qit’aning 53ta mamlakat milliy jamoasi kurashni boshlaydi. Jamoalar «A»dan «J» guruhiga qadar 10ta guruhga bo‘lingan holda saralash bosqich bahslariga kirishadi.

Foto: Getty Images

Dastlabki turning markaziy uchrashuvi Neapolda bo‘lib o‘tadi. Italiya milliy jamoasi Diyego Armando Maradona nomidagi stadionda Angliyaga qarshi saf tortadi. Qayd etish joiz, Manchini va Sautgeyt shogirdlari so‘nggi ikki yil ichida 3 marotaba o‘zaro to‘qnash kelishdi. Ayniqsa, Yevro-2020 finali doirasidagi ikki yil avval «Uembli»da kechgan finalda italyanlar inglizlarni Yevro-2020 g‘olibligidan mahrum qilgandi. O‘yin davomida hisobni tenglashtirgan «moviy gvardiya» penaltilar seriyasida «uch sherlar»dan omadliroq chiqib, bosh sovrinni Londondan olib ketgandi. O‘shandan keyin bu raqiblar Millatlar ligasi doirasida yana ikki marta o‘zaro uchrashishdi – Angliyadagi bahsda hisob ochilmadi (0:0), Italiyada esa mezbonlar minimal g‘alabaga (1:0) erishishdi.

JCh-2022ni o‘tkazib yuborgan «skuadra adzurra» A Seriya peshqadami «Napoli» uy stadionida o‘tadigan bugungi qarama-qarshilikda Angliyani mag‘lub etib, tiffozilari qarshisida katta sahnaga qaytishni maqsad qilgan bo‘lsa, Garet Sautgeyt shogirdlari Italiya bilan so‘nggi o‘yinlardagi omadsizliklarga barham berish ilinjida to‘p suradi.

Darvoqe, Apennin yarimorolidagi bu bahs inglizlar sardori Harri Keyn uchun alohida ahamiyatga ega. Fevralda «Tottenhem» tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangan 29 yoshli hujumchi endi bu nomga Angliya milliy jamoasi safida ham erishishi mumkin. Hozirgacha 53ta goli bilan Ueyn Runining rekordini takrorlagan Keyn Italiyada o‘z hisobiga gol yozib qo‘ysa, Runini ortda qoldirib, Angliya milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi goleadoriga aylanadi. Qayd etish joiz, jarohat sababli bu bahsda Markus Reshford inglizlarga yordam bera olmaydi.

Foto: Getty Images

«MYu» forvardidan tashqari, yuqori sport formasida bo‘lgan Erling Holand ham Norvegiyaga Ispaniya va Gruziya bilan bahsda yordam bera olmaydigan bo‘ldi. «Manchester Siti» goleadori milliy jamoasi yig‘inida jarohat olgach, klubi ixtiyoriga qaytgan.

Turning yana bir e’tiborli bahsi JCh-2022da Argentinaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan Fransiya va Niderlandiya o‘rtasida kechadi. Qatarda Messi yetakchiligidagi jamoaga yengilgan alamzadalarning 24 mart kungi Parijdagi uchrashuvi «lolaranglilar» boshqaruviga yana qaytgan Ronald Kumanning dastlabki bahsiga aylanadi. Murabbiy «Stad-de-Frans»dagi o‘yinda Kodi Gakpo va de Ligt xizmatidan foydalana olmaydi – hujumchi va himoyachi jarohat sababli milliy jamoa bilan birga emas.

 

Yevro-2024 saralashi. 1-tur

23 mart (payshanba)

  • H guruhi. 22:00. Qozog‘iston – Sloveniya
  • C guruhi. 00:45. Italiya – Angliya
  • C guruhi. 00:45. Shimoliy Makedoniya - Malta
  • H guruhi. 00:45. Daniya – Finlyandiya
  • H guruhi. 00:45. San-Marino – Shimoliy Irlandiya
  • J guruhi. 00:45. Bosniya – Islandiya
  • J guruhi. 00:45. Portugaliya – Lixtenshteyn
  • J guruhi. 00:45. Slovakiya – Lyuksemburg

24 mart (juma)

  • G guruhi. 22:00. Bolgariya – Chernogoriya
  • B guruhi. 00:45. Fransiya – Niderlandiya
  • B guruhi. 00:45. Gibraltar – Gretsiya
  • E guruhi. 00:45. Chexiya – Polsha
  • E guruhi. 00:45. Moldova – Farer orollari
  • F guruhi. 00:45. Shvetsiya – Belgiya
  • F guruhi. 00:45. Avstriya – Ozarboyjon
  • G guruhi. 00:45. Serbiya – Litva

25 mart (shanba)

  • A guruhi. 19:00. Shotlandiya – Kipr
  • D guruhi. 22:00. Armaniston – Turkiya
  • I guruhi. 22:00. Belarus – Shveytsariya
  • I guruhi. 22:00. Isroil – Kosovo
  • A guruhi. 00:45. Ispaniya – Norvegiya
  • D guruhi. 00:45. Xorvatiya – Uels
  • I guruhi. 00:45. Andorra – Ruminiya.
Ko‘proq yangiliklar: