Eron va Saudiya Xitoy vositachiligida yarashuvga erishdi. Bu AQSh Yaqin Sharqdagi ta’sirini yo‘qotganini anglatadimi?

Jahon 16:43 / 19.03.2023 24898

Eron va Saudiya Arabistoni 2016 yilda uzilgan diplomatik munosabatlarni qayta tiklashga kelishib oldi. Bu butun Yaqin Sharq uchun muhim voqea bo‘ldi, chunki bu yerda voqealar rivojini asosan ushbu ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik belgilaydi. Yarashtiruvda Xitoy katta rol o‘ynadi va bu rossiyalik propagandachilar hamda hukumatparast sharhlovchilarga juda yoqib tushdi. Ular buni AQShning mintaqadagi ta’siri pasayib borayotganiga dalil sifatida ko‘rmoqda. Biroq, Eron siyosati bo‘yicha ekspert, «Eron bo‘yicha navbatchi» Telegram-kanali muallifi Nikita Smagin Carnegie Politika nashri uchun yozgan maqolasida qayd etishicha, aslida Pekin nafaqat Vashington, balki Moskva uchun ham raqobatchidir.

Yaqin Sharqdagi ikki asosiy raqib — Eron va Saudiya Arabistoni yetti yillik tanaffusdan so‘ng diplomatik munosabatlarni tiklashga kelishib oldi. Ikki an’anaviy raqibning to‘liq yarashuvi istiqboli hali ham savol ostida qolayotgan bo‘lsa-da, bunday qaror hozirda ikki tomon uchun ham foydalidir.

Lekin bu kelishuvdan mutlaq manfaat ko‘rishi aniq bo‘lgan davlat — bu Eron va Saudiya Arabistoni muzokaralarida vositachi bo‘lgan Xitoydir. Oldinlari Pekin Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlarga unchalik qiziqish bildirmasdi. Ammo hozirda Xitoyning bu mintaqadan AQSh va Rossiyani siqib chiqarishi ssenariysi tobora real ko‘rinmoqda.

Eronning majburlovi

Eron va Saudiya Arabistoni diplomatik aloqalari 2016 yilda, Saudiya Arabistoni taniqli shia ulamosini (oyatulloh Nimra an-Nimra) qatl qilganidan keyin uzilgan edi. Aloqalarni tiklash to‘g‘risidagi kelishuv bir yildan ko‘proq vaqt davomida muhokama qilindi. Iroq dastlabki vositachi bo‘ldi. 2021 yil aprelidan boshlab Bag‘dodda muzokaralarning bir necha raundi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi va bir necha oyga to‘xtadi, keyin esa yana qayta tiklandi.

2022 yil yanvar oyida kelishuvga yaqin qolgandek tuyulgandi. Saudiya Arabistoni 2016 yildan beri ilk bor Islom hamkorlik tashkilotida ishlayotgan uch nafar eronlik diplomatga viza berdi (tashkilot bosh qarorgohi Saudiyaning Jidda shahrida joylashgan). Tehron esa Saudiya Arabistoni va Iroq energetika tarmoqlari birlashtirilishiga ijobiy munosabat bildirdi, bunga qadar Eron Iroq energetikasini faqat o‘z manfaatlari doirasiga kiritar edi.

Biroq, 2022 yil kelishuv yili bo‘lmadi. Eron hukumati norozilik namoyishlari va boshqa ichki muammolarni bostirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ukrainadagi urush fonida Tehron va Moskva hamkorligi ham e’tibor markaziga tushdi. Eronliklarning saudiyaliklar bilan murosa qilishga urinishlarini hech kim eslamadi. Shu sabab ham 2023 yil mart oyida Pekinda munosabatlarni normallashtirish shartnomasi tuzilishi kutilmagan voqea bo‘ldi.

Biroq, Tehron va Ar-Riyod diplomatik munosabatlarni tiklash mavjud variantlar ichida eng yaxshisi ekanini anchadan buyon tushunib kelgan. Eronning maqsadi aniq. So‘nggi yillarda mamlakat bir keskinlikdan boshqasiga o‘tmoqda. Isroil muntazam ravishda Eronning yadroviy inshootlariga qarshi qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirmoqda va eronparast kuchlarga zarbalar bermoqda.

Donald Tramp 2018 yilda yadroviy kelishuvdan chiqqanidan beri Vashington bilan munosabatlar ham normallashmadi. Birgina AQSh qurolli kuchlarining Bag‘dodga bergan zarbalarini eslashning o‘zi kifoya, bu hujum natijasida eronlik general Qosim Sulaymoniy halok bo‘lgan edi. Ushbu epizod sabab mintaqada harbiy mojaro boshlanishiga bir baxya qolgandi.

Tehron uzoq vaqtdan beri Yaqin Sharqdagi ta’sirini faol ravishda kengaytira olmayapti. Masalan, Iroqda Saddam Husayn rejimi qulagandan keyin ham Eron mintaqada mustahkamlanmadi. Endi esa eronliklar ekspansiya holatida emas, chunki bo‘sh resurslar yo‘q. Aksincha, Eronning Suriya, Iroq va Livandagi o‘z pozitsiyalarini ushlab turishi tobora qiyinlashib bormoqda. Shunday vaziyatda Islom Respublikasi rasmiylari hozirda o‘zlarining og‘ir xalqaro ahvolini yumshatishning eng yaxshi yo‘li Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirish degan xulosaga keldi.

Eronliklar uzoq vaqtdan beri Ar-Riyodni muloqot boshlashga chaqirib keladi va saudiyaliklarni ko‘proq ishontirish uchun og‘zaki murojaatlar bilan birga turli bosim usullarini ham qo‘llaydi. Masalan, Eron dronlari Yaman husiychilari qo‘li bilan Saudiya Arabistoniga zarbalar berdi, eronlik hakerlar podshohlikdagi muhim infratuzilmalarga hujum qildi, Saudiya tankerlarida vaqti-vaqti bilan sirli portlashlar sodir bo‘ldi.

Oxir-oqibat, garchi barcha sabablar bunga bog‘liq bo‘lmasa-da, «aloqalar o‘rnatishga majburlash» taktikasi ishladi. Boshqa narsalar qatorida, AQShning Yaqin Sharqdagi ishtirokini qisqartirishi saudiyaliklarni Eron bilan murosa qilishga undadi. Saudiya rahbariyati kelajakda Eron bilan birga bir qolishni istamagani aniq. Faqatgina yarashish formulasini kelishib olish qoldi, xolos.

Mo‘rt kelishuv

Ushbu Eron-Saudiya yarashuvi formulasi tafsilotlari oshkor etilmadi. Gap mintaqadagi ta’sir doiralarini qandaydir chegaralash haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq, har qanday holatda ham, kelishuvlar Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi barcha qarama-qarshiliklarni o‘tmishda qoldirishga imkon bermaydi. Bu ikki davlat ko‘p yillar davomida namunaviy raqiblar bo‘lib kelgan: inqilobiy respublika va sunniy monarxiya, «Amerikaga o‘lim!» shiori bilan mustamlakachilikka qarshi kuch va AQSh ta’sirining mustahkam nuqtasi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy har yili, 1979 yilgi Islom inqilobi vaqtida egallab olingan AQShning sobiq elchixonasi binosi oldida yig‘iladigan namoyishchilarga murojaat qilmoqda. Tehron, 2022 yil 4 noyabr
Sobhan Farajvan / Pacific Press / LightRocket / Getty Images
Jo Bayden va valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon AQSh prezidentining Saudiya Arabistoniga tashrifi vaqtida. Jidda, 2022 yil 15 iyul 
Bandar Aljaloud / Saudi Royal Palace / AP / Scanpix / LETA

Islom Respublikasi mavjud bo‘lgan 40 yil davomida Tehron va Ar-Riyod o‘rtasidagi munosabatlar bir necha bor normallashuv bosqichlaridan o‘tgan. Biroq keyin hamma narsa yana muqarrar ravishda yangi mojaroga qarab borgan. Shunga o‘xshash tashqi siyosat zig-zaglarining takrorlanishini inkor etib bo‘lmaydi. Eronliklar va saudiyaliklar raqib bo‘lib qolmoqda va hozircha hech kim to‘liq yarashish haqida jiddiy gapirmayapti.

Hamma narsa to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomani imzolagan ushbu ikki davlatga bog‘liq emasligi tufayli vaziyat yanada murakkablashadi. Saudiya Arabistoni uchun Yamandagi husiychilar bilan urushni to‘xtatishga erishish muhim. Endilikda, ehtimol, Eron bilan isyonchilarga yordamni qisqartirish yoki uni butunlay to‘xtatish borasida kelishib olish mumkin. Biroq, bu muammoni hal qiladimi? Husiychilar allaqachon Eron va Saudiya o‘rtasidagi normallashuv harbiy harakatlarga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini aytib bo‘ldi.

Mintaqadagi keskinlikni pasaytirishni, shubhasiz, har ikki davlat ham xohlaydi. Biroq, voqealar ba’zan ularning yarashish istagidan kuchliroq bo‘lishi mumkin.

Xitoy alternativi

Eronliklar va saudiyaliklar uchun ushbu kelishuvning real oqibatlari qanday bo‘lishi hali baholanmadi. Hozir gaplashish mumkin bo‘lgan narsa — bu vositachi sifatida harakat qilgan Xitoyning kutilmagan roli. Ko‘pchilik allaqachon Pekinni Yaqin Sharqda AQShga qarshi yangi o‘yinchi deb atamoqda. Rossiya ommaviy axborot vositalari esa Xitoyning mintaqadagi roli ortib borayotgani haqida alohida mamnuniyat bilan gapira boshladi.

Vashington haqiqatan ham Yaqin Sharqqa qiziqishni yo‘qotmoqda. Amerika hukumati Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi kelishuvdan unchalik ham mamnun emas, biroq buning oldini olish uchun Ar-Riyodga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishi mumkin edi, lekin bunday qilmadi. AQSh Saudiyaga qurol sotishga rozi, ammo uni AQSh qo‘shinlari bilan himoya qilmoqchi emas. Hozirgi sharoitda Oq uy ikki davlat o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilikka bevosita aralashishdan ko‘ra, Eron va Saudiya o‘rtasidagi normallashuvga rozi bo‘lishni afzal ko‘radi.

Pekin esa, o‘z navbatida, o‘zini konstruktiv yechimlar izlovchi va muammolarni joyida yo‘q qilishga qodir mas’uliyatli va tinchlikparvar kuch sifatida ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda bir-biri bilan proksi urush (ikki davlatning uchinchi davlat qo‘li bilan urushishi) olib borgan Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi muvaffaqiyatli vositachilik sabab Xitoy, AQShdan farqli o‘laroq, tinchlik haqidagi umumiy so‘zlar bilan cheklanib qolmasdan, mintaqaviy mojarolarni amalda ham to‘xtatishga qodir ekanini namoyish etdi.

Albatta, Xitoyning Yaqin Sharqdagi diplomatik muvaffaqiyati Pekin o‘zining 12 banddan iborat tinchlik rejasi asosida Ukraina va Rossiya o‘rtasida ham kelishuvni tashkil qila oladi degani emas. Kiyev Pekinni Moskvaga juda yaqin deb biladi va shuning uchun ham uni vositachi sifatida ko‘rmaydi. Ammo to‘qnashuv ertami-kechmi boshi berk ko‘chaga kirib qolishi mumkin, o‘shanda Xitoy vositachiligi baribir reallikka aylanadi, chunki Rossiya G‘arbni endi bu rolda ko‘rishni istamaydi.

Har qanday holatda ham, Pekin shartnomasi shuni ko‘rsatadiki, global Janubdagi mamlakatlar endi o‘z muammolarini hal qilishda G‘arbning qandaydir ishtirokiga tayanishi shart emas. Bu borada Xitoy Rossiya ochgan yo‘ldan bormoqda. Aynan Moskva so‘nggi o‘n yillikda Yaqin Sharqda universal vositachi rolini o‘ynashga intildi. Masalan, Rossiya Turkiya va Eron bilan birgalikda Ostona formatini o‘ylab topdi va bu format orqali Suriya inqirozini G‘arb ishtirokisiz hal qilishga urindi.

Aftidan, Xitoy endi o‘zining «Pekin formati»ni tashkil etishga harakat qiladi. Masalan, Xitoy rahbari Si Jinping allaqachon Fors ko‘rfazi davlatlari (Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA) va Eronga joriy yilda Pekinda sammit o‘tkazishni taklif qildi. Bu bunday tarkibdagi birinchi sammit bo‘ladi.

Shunday ekan, Rossiya ommaviy axborot vositalari Yaqin Sharqdagi yetakchilik roli o‘zgarishidan erta xursand bo‘lgan bo‘lib chiqishi mumkin. Xitoy bu mintaqada Rossiyaga ittifoqchi emas, aksincha muqobil (uning o‘rnini egallashga da’vogar). Yaqin Sharq davlatlarining haqiqatan ham AQSh va Yevropa siyosatidan hafsalasi pir bo‘lgan va endi G‘arbdan tashqi vositachilik kutmaydi. Ammo Ukrainaga qarshi urush tufayli Rossiya Federatsiyasining ham nufuzi sezilarli darajada pasaydi. Va bu Yaqin Sharq Rossiya uchun, G‘arbda o‘sib borayotgan izolyatsiya va iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli tobora muhim mintaqaga aylanib borayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda. Yaqin Sharq davlatlari Moskva bilan munosabatlarda ularning pozitsiyalari qanchalik mustahkamlanganini yaxshigina tushunmoqda.

Xitoyning moliyaviy va texnik imkoniyatlari Rossiyanikiga qaraganda ancha yuqori. Biroq Pekin yaqin-yaqingacha Yaqin Sharq mintaqasida iqtisodiy ekspansiya bilan cheklanib, mintaqadagi jarayonlarda bevosita siyosiy ishtirok etishdan qochib kelgan. Endilikda AQSh va Rossiyaning pozitsiyalari zaiflashdi, shuning uchun XXR paydo bo‘lgan bo‘shliqlarni to‘ldirishi mumkin. Xitoy Yaqin Sharq mamlakatlariga harbiy-texnik sohada ham ko‘p narsalarni taklif qiladi — va taklif qilishni boshladi ham.

Yaqinda The Wall Street Journal nashri tomonidan chop qilingan, eronliklar Pekinning yadroviy kelishuvni tiklashga yordam berishi sharti bilan Xitoy vositachiligiga rozilik bergani haqidagi maqola Moskva xavotirlariga qo‘shimcha bo‘lishi mumkin. Rossiya bu kelishuvni o‘z manfaatlariga xizmat qilmaydi deya hisoblaydi. Rossiyaning yuqori martabali diplomatlari jurnalistlarga anonimlik sharti bilan, Erondan sanksiyalarni olib tashlash va uglevodorodlar eksportini oshirish Rossiya uchun endi foydasiz ekanini tan olgan.

Hozircha Xitoy yadroviy kelishuvni qutqarib qolishi dargumon. Biroq, unga bunday iltimos bilan murojaat qilishning o‘zi muhim fakt. Bu faqatgina Yaqin Sharq mintaqasi uchun ahamiyatli bo‘lmagan muammolarni hal qilishda muqobil kuchga jiddiy talab borligini ko‘rsatadi. Va bunday yondashuv eng kamida Vashingtonni ham, Moskvani ham ogohlikka chaqirishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: