O‘zbekistonda 21 yoshli qizni qarindoshiga unashtirib, so‘ng qudalaridan pul undirgan firibgar Astanada qo‘lga olindi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Qozog‘iston poytaxti politsiyasi MDH davlatlari bilan hamkorlikda 15-16 mart kunlari keng ko‘lamli «Qidiruv» tadbirini o‘tkazgan. Tadbirning birinchi kunida Astana shahrida 8 nafar jinoyatchi aniqlanib, qo‘lga olingan. Yo‘qolgan 3 nafar fuqaroning joylashgan manzili aniqlangan.
Davlatlararo qidiruvga berilgan va ushlangan ikki xorijlikdan biri o‘zbekistonlik ayoldir.
«Xalqaro qidiruvda bo‘lgan 23 yoshli o‘zbekistonlik qizning shaxsi aniqlandi. U 21 yoshli qizni qarindoshiga unashtirgan, so‘ngra uyidan olib ketgan. Keyinroq u qudalaridan shantaj yo‘li bilan pul talab qilgan», deyiladi politsiya xabarida.
Bundan tashqari, 42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik qilib, poytaxtda yashab kelgan. Samarqand shahrida bir kishini ishga joylashtirishni va’da qilib, 1 million 400 ming so‘m pulini o‘zlashtirgan.
Hozirda har ikki gumonlanuvchi vaqtinchalik hibsxonada saqlanmoqda. Ularni ekstraditsiya etish masalasi hal qilinmoqda.