BMT: Belarusda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lishi mumkin

Jahon 09:56 / 18.03.2023 4009

BMT Belarus hukumatini insoniyatga qarshi jinoyatlarda gumon qilmoqda. Gap zo‘ravonlik, shuningdek, mahbuslarga nisbatan qiynoqlar va g‘ayriinsoniy munosabat natijasida odamlarning o‘limi haqida ketmoqda, deyiladi BMTning 17 mart, juma kuni Jyenevada chop etilgan Belarusdagi vaziyat haqidagi hisobotida. Shu bilan birga, hisobotda ta’kidlanishicha, zo‘ravonlik kampaniyasi birinchi navbatda hukmron tuzum tanqidchilariga qarshi qaratilgan.

Hujjatda Belarusda 2020 yilning mayidan 2022 yilning dekabrigacha sodir etilgan, bu mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashgan paytda aniqlangan jinoyatlar qayd etilgan, dedi jahon tashkiloti vakili Liz Trossel. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Belarusda 1500 ga yaqin siyosiy mahbus bor, joriy yilning fevraliga qadar esa u yerda 800 ga yaqin notijorat tashkilot yopilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha komissari Volker Turk Belarusda fuqarolik jamiyati va asosiy erkinliklarning deyarli yo‘q qilinishi jazosiz qolayotganini tanqid qildi. «Belarus hukumati o‘z xalqiga ommaviy zulmni to‘xtatishi va qo‘pol qonunbuzarliklar uchun javobgarlarni javobgarlikka tortish uchun xolis va shaffof tergov o‘tkazishi shart», - deya ta’kidladi Turk.

Hisobotni tayyorlashda BMT huquq faollari 207 nafar jabrlanuvchi va guvoh bilan suhbatlashdi, 2500 dan ortiq fotosuratlar, videolar, tibbiy va sud hujjatlarini o‘rganib chiqdi. Hisobotda namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, jinsiy zo‘ravonlik va tegishli himoyasiz sud jarayonlari hujjatlashtirilgan.

Belarus hukumati jurnalistlar, blogerlar, huquq himoyachilari, kasaba uyushmalari faollari va advokatlarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun adliya tizimidan g‘arazli maqsadda foydalanmoqda, deyiladi BMT hisobotida.

Ko‘proq yangiliklar: