Xususiy sektor ishtirokida 26 ta mikro GES barpo etiladi - prezident topshirig‘i 

O‘zbekiston 21:57 / 17.03.2023 5703

17 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda qilinishicha, so‘nggi yillarda 15 ta yangi gidro elektr stansiya ishga tushirilgani, 12 tasi modernizatsiya qilingani natijasida qo‘shimcha 260 Megavattli quvvatlar yaratilgan. Bugungi kunda gidroenergetika quvvatlari 2,1 ming Megavattga yetib, yiliga 6,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilmoqda. 

Shu bilan birga, gidroenergiya quvvatlarini 1 ming Megavattga oshirish, xususiy sektor ishtirokida 38 Megavattli 58 ta mikro GES qurish imkoniyati hisob-kitob qilingan. 

Yig‘ilishda shu borada amalga oshirayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot berildi. Bu yil «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan kamida 7 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi. 

Mutasaddilarga Pskom, Norin, To‘palang daryolarida aniqlangan maydonlarda 36 ta o‘rta va yirik GES loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, xususiy sektor ishtirokida 9 Megavattli 26 ta mikro GES barpo etiladi. 

«Katta Andijon» kanalida 23 Megavattli 3 ta hamda To‘palang daryosida 16 Megavattli bitta GES qurish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. 

Joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1,7 ming Megavatt quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. 

Xususan, qisqa vaqtda ijtimoiy sohada 62 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 23 Megavatt, aholi xonadonlarida 20 Megavatt quyosh panellari o‘rnatilgani qayd etildi. 

Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish, «yashil energiya»ni rivojlantirish bo‘yicha tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

Ko‘proq yangiliklar: