Jahon | 08:52 / 17.03.2023
4057
2 daqiqa o‘qiladi

Tailand qidiruvga berilgan rossiyaliklarni ekstraditsiya qiladi

Ruslar Ukrainadagi urush oqibatlarini bartaraf etish uchun «Tailandga suv toshqini kabi oqib kelishdi», deb yozadi Tailandning The Nation Thailand internet-nashri.

Foto: Shutterstock

Tailand hukumati ushbu mamlakat va Rossiya o‘rtasida ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma loyihasini ma’qulladi, deb xabar berdi The Nation Thailand internet-nashri 16 mart, payshanba kuni. Unda ta’kidlanishicha, bu 14 mart kuni rossiyaliklar Ukrainadagi urush oqibatlaridan qochish uchun Tailandga «suv toshqini kabi oqib kelishgani» fonida qabul qilingan.

Tailand hukumati matbuot kotibi Rachada Dhnadirekning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan tuzilgan shartnoma jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi va Bangkok boshqa davlatlar bilan tuzgan ekstraditsiya kelishuvlariga mos keladi. Hujjat Tailand hududi, iqtisodiyoti, jamiyati, savdosi va sarmoyasiga ta’sir qilmagani uchun parlamentning ma’qullanishini talab qilmaydi, deya qo‘shimcha qildi Dhnadirek.

Fevral oyi oxirida Al Jazeera telekanali 2022 yil noyabridan 2023 yil yanvarigacha Pxuketga 233 mingdan ortiq rossiyalik kelganini ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, Rossiya qo‘shni davlatga bostirib kirishi boshlanganidan keyin bir yil ichida o‘n minglab ruslar armiyaga chaqirilmaslik va Ukrainadagi urushning iqtisodiy oqibatlaridan qochish uchun qirollikka yo‘l olgan.

10 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya hukumatining Tailand bilan qidiruvdagi va jinoiy ta’qib etilayotgan shaxslarni o‘zaro ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolash haqidagi taklifini ma’qulladi.

Mavzuga oid