AQSh Qora dengiz mintaqasiga yangi dron jo‘natdi

Jahon 17:06 / 17.03.2023 9309

Amerika Qo‘shma Shtatlari annexia qilingan Qrimga yangi razvedkachi uchuvchisiz uchoqni jo‘natdi - Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, Italiyaning Kataniya shahri yaqinidagi Sigonella aviabazasidan havoga ko‘tarilgan, FORTE10 chaqiruv belgisiga ega RQ-4 Global Hawk uchuvchisiz uchish apparati Qora dengiz suvlariga kirib borgan hamda bir muddat Ruminiya havo hududida bo‘lgan, deb xabar qiladi «24 Kanal».

Shu bilan birga, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 14 mart kuni Qora dengizning xalqaro suvlarida Amerikaning MQ-9 Reaper uchuvchisiz uchish apparatiga hujum qilgan, uning qulashiga sabab bo‘lgan Su-27 qiruvchi samolyotlari uchuvchilariga davlat mukofotlarini topshirdi. AQSh Davlat departamenti vakili Ned Prays o‘sha paytda bu uchuvchilarning «chuqur noprofessionalligi oqibatida sodir bo‘lganini» aytgandi. 

16 mart kuni AQSh qurolli kuchlarining Yevropadagi qo‘mondonligi 14 mart kuni Qora dengizda halokatga uchragan Amerikaning MQ-9 Reaper uchuvchisiz uchog‘i haqidagi maxfiy videoni e’lon qildi. 

Qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning ikki Su-27 qiruvchisi Qora dengiz ustidagi xalqaro havo hududida bo‘lgan AQSh harbiy-havo kuchlarining razvedkachi uchuvchisiz uchog‘ini «xavfsiz va noprofessional» tarzda tutib olgan.

AQSh versiyasiga ko‘ra, qiruvchilardan biri ikki marta dron oldiga yonilg‘i tashlab o‘tgan, so‘ng dronga urilgan va uning vintlaridan biriga zarar yetkazgan. Shundan so‘ng, ta’kidlanganidek, AQSh harbiy-havo kuchlari shikastlangan dronni suvga cho‘ktirishga majbur bo‘lgan. 

AQSh Davlat departamenti avvalroq Rossiya samolyotining Amerika uchuvchisiz uchog‘i bilan to‘qnashuvi «rossiyalik uchuvchilarning malakasizligi» natijasida beixtiyor ro‘y bergani haqida fikr bildirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: