Toshkentda Turkiy tashkilot Tabiiy ofatlar monitoringi markazi joylashtiriladi

O‘zbekiston 17:24 / 16.03.2023 3628

Davlat rahbarining aytishicha, tashkilot davlatlari joylashgan hududlar o‘z geografik va geologik xususiyatlariga ko‘ra, tabiiy ofat va xavf-xatarlar faol sodir bo‘ladigan makon hisoblanadi.

“Ming afsuski, so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari bu kabi vayronkor hodisalar ko‘lami va zararini keskin oshirmoqda. Bu yo‘nalishdagi amaliy hamkorligimizni kengaytirish maqsadida quyidagi aniq takliflarga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Tashkilotimizning tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari suraman. Bu platforma doirasida aniq mexanizmlarni joriy etish va muhim choralar ko‘rishni kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa, deb hisoblayman”, dedi prezident.

Bildirilishicha, tashkilot doirasida tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ko‘p tomonlama bitimni tezroq ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada Turkiya tomoni taqdim etgan fuqarolar muhofazasi bo‘yicha tizim yaratish haqidagi hujjat loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazirliklar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini keskin faollashtirish lozimligi aytildi. Ularning navbatdagi yig‘ilishida eng ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqish kerakligi ta’kidlandi.

Asosiy diqqatni texnik xavfsizlik talablariga qat’iy e’tibor qilish va jahonning eng ilg‘or tajribasini sohaga tatbiq etish; aholining doimiy xabardorligini oshirib borish; qutqaruv xizmatlari mutaxassislarining malaka va tajribasini oshirish; qo‘shma o‘quv mashqlarini o‘tkazishga qaratish lozimligi aytildi.

“Bunday kutilmagan va og‘ir sinovli paytlarda ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqdir. So‘z oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini to‘siqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish haqida bormoqda. Albatta, bugun rasman ta’sis etilayotgan Turkiy investitsiya fondining ilk moliyaviy resurslarini ham ushbu loyihalarga jalb etish mumkin, deb hisoblaymiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, ilmiy va texnologik sohalarda erishilgan yutuqlarga qaramasdan, zilzilalar, sel va suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, bo‘ronlarni oldindan aniqlash va erta ogohlantirish hamon dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu jarayonlarni chuqur o‘rganish, sohaga ilmiy va texnologik yangiliklarni keng joriy etish katta ijobiy samara berishi aniqligi ko‘rsatib o‘tildi. Shulardan kelib chiqib, tashkilot doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish bo‘yicha tashabbus ilgari surildi.

Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorligini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish global jamg‘armasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tabiiy ofatlarni kamaytirish bo‘yicha xalqaro strategiyasi kotibiyati, Favqulodda vaziyatlarda harakatlanish markaziy jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha tashkilot kotibiyati alohida shug‘ullansa, maqsadga muvofiq bo‘lishi bildirildi.

Ko‘proq yangiliklar: