Internet va shou biznes olamida Dili.me nomi bilan tanilgan vayner sheriklari bilan birgalikda bir yigitni kaltaklab, unga tan jarohati yetkazgani uchun qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinov bu ma’lumotni tasdiqlab, hodisa 23 yanvar kuni sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi bir necha marotaba chaqirtirilishiga qaramasdan tergovga kelishdan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida vayner 10 mart kuni ushlanib, tergovga jalb qilingan.
«Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, kaltaklangan shaxs 24 yashar erkak bo‘lib, u vaynerning kuyovi (singlisining turmush o‘rtog‘i) hisoblanadi. Nizoga o‘rtada oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgani aytilmoqda. Mojaro aynan nimaning ortidan kelib chiqqani ma’lum emas.
Hajviy videolar va kliplardagi ijrosi bilan tanilgan vayner Dili.me Instagram'da 3,2 mln obunachiga ega. Aktyorlik va blogerlikdan tashqari shaxsiy restoran biznesini ham yo‘lga qo‘ygan.
Ma’lumot uchun, Dili.me taxallusi bilan tanilgan Dilshod O‘rozboyev 1999 yil Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Toshkent Estrada va sirk kollejida tahsil olgan. Intervyularining birida u O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga uch marta imtihon topshirsa ham o‘ta olmaganini aytgan.