BMT Ukraina hududida Rossiya tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni sanadi 

Jahon 23:44 / 16.03.2023 7396

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro tergov komissiyasi Rossiya armiyasi Ukrainada keng ko‘lamli harbiy jinoyatlar sodir etganini tan oldi. Jumladan, qasddan odam o‘ldirish, muntazam qiynoqlar va bolalarni deportatsiya qilish. Bu haqda The Guardian nashri yozdi. 

Shuningdek, rossiyaliklar tomonidan qo‘llanilgan qiynoqlar haqida batafsilroq ma’lumot berdi. Ular ichida elektr tokini qo‘llash, odamlarni shiftga osib qo‘yib, azoblash kabilar bor. 

Komissiya Ukraina infratuzilmasiga muntazam zarbalarni insoniyatga qarshi potensial jinoyatlar deb atadi. Bu esa «eng sovuq oylarda yuz minglab odamlarni issiqlik va elektr energiyasidan mahrum qildi», deyiladi 16 mart kuni chop etilgan hisobotda. 

Hisobot 500 dan ortiq intervyu, shuningdek, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar hamda hibsxonalar va qabrlarda olib borilgan tekshiruvlar asosida yaratilgan. 

Rossiyaliklardan tashqari, Ukraina harbiylarining harakatlarida ham qonunbuzarliklar aniqlangan. Biroq, ular «arzimas raqamlar»ni tashkil etadi. Hisobotning katta qismi Ukrainadagi vahshiyliklarni yoki tinch aholini nishonga olishni rad etuvchi Rossiyaga qarshi ayblovlarga qaratilgan. 

Shu bilan birga, Xalqaro tergov komissiyasi Rossiya harbiylarining harakatlarida Ukraina xalqiga nisbatan genotsid belgilarini ko‘rmadi. 

«Biz Ukraina hududida hech qanday genotsidni topmadik», dedi tergov komissiyasi raisi Erik Mese. 

Biroq, tergov guruhi dalillar to‘plash bilan shug‘ullanib, ukrainaliklarning Rossiya tomonidan genotsid qilinishi muammosini ko‘tarishi mumkin bo‘lgan «ba’zi jihatlarni» topdi. 

Ko‘proq yangiliklar: