Tarki odat amrimahol. Nega ba’zi odamlar faqat kech qoladi?

Jamiyat 11:29 / 12.03.2023 43481

Do‘stlaringiz orasida yoki ishxonada belgilangan vaqtdan kech qolib kelishga odatlanib qolgan insonlar bormi? Kech qoluvchilar, odatda, maktab davridanoq bu odatlari bilan sinfdoshlari orasida ajralib qolishadi.

Qizig‘i, darsga yo biror ijtimoiy tadbirga yoki belgilangan vazifalarni vaqtida topshirishga ulgurmay qoladiganlar samolyot yo poyezd vaqtiga ulgura olishadi. Unga nega boshqa payt kech qolishadi? Sababi kechikishning ham o‘ziga xos xususiyatlari bor.

Ha aytgancha, kech qoluvchilar faqat O‘zbekistonda emas, dunyoning istalgan davlatlarida uchraydi. 2014 yilda AQShda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, har 5 amerikalikning bir nafari haftasiga kamida bir marta ishga kech qolarkan.

«Kech! Biz nima uchun kechikamiz va buni qanday o‘zgartirish mumkin? Vaqtni o‘tkazib yuboruvchilar qo‘llanmasi» muallifi, kechikuvchilar bo‘yicha o‘rganishlar olib borgan, o‘zini ham shu toifada deb biluvchi Greys Peysining fikricha odamlarni 2 guruhga bo‘lish mumkin.

Birinchisi – vaqtida ulguruvchilar (kechikmaydiganlar);

Ikkinchisi – vaqtni o‘tkazib yuboruvchilar (kechikuvchilar).

Greys Peysi kechikuvchilarni – «Timebender»lar, ya’ni vaqtni o‘tkazib yuboruvchilar deb ataydi. Ular odatiy tartiblarni yoqtirishmaydi. Doimiy bir xillikni esa zerikarli deb bilishadi. Lekin biror narsaga qiziqib qolishsa, unga bor e’tiborini qaratishadi. Vaqt masalasida o‘lchov qat’iy bo‘lganda esa juda samarali ishlashadi. Ofislarda ham «taymbender»larni osongina ajratib olish mumkin: ularning ish stoli tartibsiz ko‘rinishda bo‘ladi. Sababi vaqtni o‘tkazib yuboruvchilar bir ishni tugatmasdan ikkinchisini ham boshlab yuborishlari mumkin.

Greys Peysining o‘rganishicha, vaqtni o‘tkazib yuboruvchilarning («taymbender»lar) vaqt haqidagi tushunchasi boshqalarnikidan farq qiladi. Ular uchun daqiqalar doim bir xil o‘lchovga ega emas: vaqt ba’zida tez, ba’zida sekin o‘tadi. «Taymbender»lar nimagadir kirishib ketishsa, vaqt qanday o‘tayotganini unutib qo‘yishadi.

Ularning chorasi – dedlaynlar! Ha, kechikishni yaxshi ko‘ruvchilar dedlaynlar aniq bo‘lsa, samarali ishlab bera olishadi.

Foto: iStock

Greys Peysi kechikishni odat qilganlarning o‘ziga xos xususiyatlarini sanab o‘tadi.

  • Kechikuvchilar vaqt hisob-kitobiga uncha usta emas;
  • Ular uchun vaqt o‘zgarib turish xususiyatiga ega;
  • Kechikuvchilar ertaroq harakatlanishni uncha yoqtirishmaydi. Ha, shunchaki uydan ertaroq chiqib ketishni xohlashmaydi.
  • Ular juda optimist bo‘lishadi. O‘ylashadiki, yo‘lda ketayotganlarida hecham qizil chiroqqa tushishmaydi, tirbandlikka duch kelishmaydi.
  • Kechikuvchilar o‘zlarini teleport deb o‘ylashadi. Uydan chiqish uchun ketadigan ma’lum tayyorgarlik vaqtini hisobga olmay maksimal qisqa muddatda hammasiga ulguramiz deb o‘ylashadi. Bir so‘z bilan ularni o‘z ko‘ngillarini qoldirmaydigan odamlar deb atasa ham bo‘ladi. Masalan, ertalab yuvinib, kiyinib ishga otlanishga atigi 5 daqiqa ajratishlari ham mumkin!

2016 yilda Vashington universiteti psixologlari Greys Peysi xulosalariga mos keladigan ma’lumotni aniqlashdi. Ular odamlarning vaqtni chamalay olish qobiliyatini o‘rganishgan va buni «Vaqtni chamalay oluvchi istiqbolli xotira» deb nomlashgan. Tadqiqot davomida psixologlar ishtirokchilarga vazifa berib uni tugatishlari uchun vaqt belgilashgan va hatto vaqtni tekshirib turishlari uchun ishtirokchilarga soat ham berishgan. Lekin topshiriq odamning bor e’tiborini jalb qilishni talab qiladigan va soatga chalg‘ishga yo‘l qo‘ymaydigan xilda bo‘lgan. Va oxiri ishtirokchilarning natijasi asosida aniq bo‘ladiki, ayrim odamlar vaqt hisob-kitobini olishga tabiatan usta bo‘lishadi va o‘z xotiralaridan kelajak ishlarini rejalashtirishda to‘g‘ri foydalana olishadi.

«Vaqtni chamalay oluvchi istiqbolli xotira» bu – doimiy qilinadigan ishlar asosida nimaga qancha vaqt ketishini to‘g‘ri chamalay olish, qilinishi kerak bo‘lgan yumushlarni unutmaslik. Masalan, agar 13:30 da yo‘lga chiqilsa, soat 14:00 dagi uchrashuvga yetib borish mumkinligini to‘g‘ri hisoblay olish, ya’ni yo‘lga aniq yarim soat vaqt ketishini chamalash va kech qolish yo kutib qolmaslikka erishish uchun ham bunday xotira kerak. Belgilangan vazifani vaqtida qilmaslik oqibati yomon bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ma’lum vaqtda ichilishi kerak bo‘lgan dorini ichmaslik sog‘liqda yomon oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Foto: iStock

Kechikuvchilarni ham ayni shu yomon oqibatlar va dedlaynlar kechikmaslikka majburlay oladi. Peysi o‘rganishlari asosida kechikuvchilar ular nimaga otlanayotganlariga qarab o‘z vaqtida yetib borishi, vazifalarni bajarib bo‘lishi mumkin. Buning uchun dedlaynlar va ulgurmay qolishsa, sodir bo‘ladigan oqibatlarning qanchalik xavfliligi muhim.

Foto: ingimage/vostock-photo

Dedlaynlar qancha aniq bo‘lsa, kechikuvchilarning ishlash tezligi va samaradorligi ham shunga qarab oshadi va ulgurishni eplashadi, albatta.

Lekin inson shaxsiyati o‘zgarishi mumkin deb hisoblovchi psixologlar ham bor. Odam o‘z ustida ishlab, vaqtni to‘g‘ri chamalashni va kechikmaslikni, atrofdagilarni qiynamaslikni o‘rganib olishi ham hech gap emas.

Ko‘proq yangiliklar: